Xiromantiya so‘zi qadimgi grek tilidagi χείρ-qo‘l va μαντεία-fol ochish, gumon qilish, taxmin qilish so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, istelohda qo‘l tuzilishi va kaft izlariga qarab inson taqdirini oldindan aytib berish bilan shug‘ullanishlikka aytiladi.
Xiromantiya, ya’ni qo‘l kaftiga qarab insonning kelajagini bashorat qilish faqatgina taxmin-gumonlarga asoslangan bo‘lib, hech qanday ilmiy asosga ega emas. Xiromantiya yolg‘iz Alloh taoloning O‘zi bilishi mumkin bo‘lgan narsalar haqida bo‘lgani hamda gumonga asoslangani uchun dinimizning asosiy ta’limoti – tavhidga ziddir. Islom dini aqidasining asoslaridan biri g‘aybga, ya’ni ko‘z ko‘rib, qo‘l bilan tutib bo‘lmaydigan narsalarga ishonishdan iborat.
Islom manbalarida munajjim va kelajak haqida xabar beradiganlarga murojaat qilish taqiqlanadi. Zero, faqat Alloh taologina g‘ayb ilmlarini biluvchidir. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat etadi:
«G‘ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa’ri)dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘lu quruq bo‘lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir», (Al-Anom surasi, 59-oyat).
«Ayting: Allohdan boshqa osmonlar va Yerdagi biror kimsa g‘aybni bilmas», (An-Naml surasi, 65-oyat).
«Darhaqiqat, Allohning huzuridagina qiyomat (qachon bo‘lishi to‘g‘risida) bilim bordir. U (xohlaganicha) yomg‘ir yog‘dirur va bachadonlardagi narsa (homila)ni bilur. Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh (hamma narsani) biluvchi va xabardor zotdir, (Luqmon surasi, 34-oyat).
Alloh taolo hatto payg‘ambarlariga ham g‘ayb ishlarini bildirmagan ekan, endi folbinlarning g‘aybni bilishlikni da’vo qilishliklari mutlaqo haqiqatga ziddir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘zlarining muborak hadislarida sehr va foldan qaytarganlar hamda sehrgar va folbin oldiga borish, ularning gapini tasdiqlash kufrga olib borishligi haqida ko‘p bora ta’kidlaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimki bashoratgo‘y yoki folbinning oldiga borib, aytayotgan gapini rost deb bilsa, u shubhasiz, Muhammadga tushgan narsaga kufr keltiribdi” (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana aytdilar: “Kimki bashoratgo‘yning oldiga borib, undan biron narsani so‘rasa va uni tasdiqlasa, qirq kungacha uning bironta ham namozi qabul qilinmaydi”. (Imom Muslim rivoyati).
Shuningdek, xiromantiya bilan juda ko‘p salbiy holatlar bog‘liq bo‘lib, bu haqda Kanadaning Toronto Islom universitetining katta ustozi Ahmad Katti quyidagi fikrlarini bayon etadi: “Xiromantiya-loqaydlik va dangasalikka olib keladi. Ishonuvchan odamlar firibgarlarning boyishlariga sabab bo‘ladilar”.
Darxaqiqat, folbin va sehrgarlar zarari faqat odamlarning vaqti, moli va harakati bekorga ketayotgani bilan chegaralanib qolmaydi. Bu zarar jiddiy ijtimoiy ziddatlarga ham sabab bo‘ladi. Bu zararlarning eng kichigi odamlar o‘rtasida dushmanlik ruhi, ishonchsizlik paydo bo‘lishi hisoblanadi.
Folbin, kohinning g‘aybdan bergan xabarini tasdiqlash oyati karima va hadisi sharifga asosan kufr hisoblanishi yuqorida aytib o‘tildi. Shunday ekan, Alloh taolo barchamizni O‘zining to‘g‘ri yo‘lidan adashtirmasin, e’tiqodimizga futur yetishiga sabab bo‘ladigan amallardan O‘zi saqlasin.
Davron Nurmuhammad
tayyorladi
Bugun, 30 iyul kuni poytaxtimizdagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida Toshkent Islom institutining modul ta’lim tizimiga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari boshlandi.
Mazkur ta’lim yo‘nalishiga o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli tamomlagan, shuningdek, 4 yil va undan ortiq muddat davomida diniy sohada faoliyat yuritgan imom-xatib va imom noiblari hujjat topshirgan.
Imtihon oldi mutasaddilar tomonidan test imtihonini o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Asosiy e’tibor adolat va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, imtihon jarayoniga soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilotlar vakillari ham jalb etilgan.
Modul ta’lim tizimiga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar quyidagi ikkita asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadi:
* Ixtisoslik fanlar majmuasi: Qur’oni karim va tajvid, hadis, fiqh, aqoid kabi muhim fanlar;
* Ijtimoiy-gumanitar fanlar majmuasi: O‘zbekiston tarixi, Ma’naviyat asoslari, Milliy g‘oya kabi fanlar bo‘yicha.
Ma’lumot o‘rnida mandat natijalari barcha oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari o‘tkazilgandan so‘ng 3 ish kunida e’lon qilinadi.
Imtihon jarayoniga oid tezkor yangiliklar @qabulmuslimuz telegram kanalida yoritib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati