Qadimda bir podshoh bo‘lib, u doim cheksizlik haqida o‘ylar, uning qanday ekanini hech tasavvur qila olmas ekan. Bir kuni uning shahriga bir donishmand kelib qolibdi. Shoh uning ovozasini eshitib, saroyga taklif qilibdi va o‘zini qiynayotgan savolni so‘rabdi. Donishmand unga bunday javob beribdi: "Uzoq bir o‘lkada adamant tog‘i bor. U tog‘ning eni yetti chaqirim, balandligi ham yetti chaqirim. Har yuz yilda o‘sha toqqa bir kichkina qushcha uchib keladi va tumshug‘ini shu tog‘ning toshiga bir marta charxlab ketadi. Qachon qushcha tumshug‘ini charxlab o‘sha tog‘ni tugatsa, ana o‘shanda cheksizlikning bir soniyasi o‘tgan bo‘ladi".
Xulosa. Cheksizlik tushunchasi oldida bizning hayotimiz bir yonib o‘chgan chiroq kabidir. Shuning uchun bu umrni keraksiz narsalarga sarf qilmaylik.
Akbarshoh RASULOV tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
#imom #taqvo #ilm
Imom Abu Hanifa rahimahulloh obid, zohid va taqvodor zot edilar. Fatvo, fiqh kabi ko‘plab vazifalari bo‘lishiga qaramay, Qur’ondan virdlari bor edi.
U zot kunduzi ilm va fatvo bilan band bo‘lsalar-da, tunda Qur’on xatm qilar, ayrim oyatlarni tonggacha takrorlab chiqardilar.
Qosim ibn Ma’n rivoyat qiladi: "Abu Hanifa bir kecha to tonggacha Qamar surasidagi: "Ha, ularga va’da qilingan vaqt soatdir. Va u soat ofatliroq va achchiqroqdir" oyatini yig‘lab, tazarru bilan takrorlab chiqdilar".
Olimlardan biri aytadi: "Abu Hanifani kun bo‘yi odamlar orasida ilm bilan o‘tirganini ko‘rib: "Bu kishi qachon ibodatga vaqt topadi?" deb hayron bo‘ldim. Uni kuzatsam, odamlar bilan xuftonni o‘qib uyiga kirdi, hamma tarqalgach, masjidga chiqib to tonggacha namoz o‘qidi. Bir necha kecha kuzatdim, bu uning doimiy odati ekan".
Alloh imom Abu Hanifani o‘z rahmatiga olsin! U zot hijriy 150 yilda vafot etdilar. Odamlarning ko‘pligidan Bag‘dodda janozalari 6 marta o‘qildi.
Manba