Qadimda bir podshoh bo‘lib, u doim cheksizlik haqida o‘ylar, uning qanday ekanini hech tasavvur qila olmas ekan. Bir kuni uning shahriga bir donishmand kelib qolibdi. Shoh uning ovozasini eshitib, saroyga taklif qilibdi va o‘zini qiynayotgan savolni so‘rabdi. Donishmand unga bunday javob beribdi: "Uzoq bir o‘lkada adamant tog‘i bor. U tog‘ning eni yetti chaqirim, balandligi ham yetti chaqirim. Har yuz yilda o‘sha toqqa bir kichkina qushcha uchib keladi va tumshug‘ini shu tog‘ning toshiga bir marta charxlab ketadi. Qachon qushcha tumshug‘ini charxlab o‘sha tog‘ni tugatsa, ana o‘shanda cheksizlikning bir soniyasi o‘tgan bo‘ladi".
Xulosa. Cheksizlik tushunchasi oldida bizning hayotimiz bir yonib o‘chgan chiroq kabidir. Shuning uchun bu umrni keraksiz narsalarga sarf qilmaylik.
Akbarshoh RASULOV tayyorladi
Ozarbayjon safari davomida Turkiy davlatlar muftiylari va anjuman ishtirokchilari Boku, Fuzuliy, Ag‘dam, Shusha singari shaharlardagi muborak qadamjolarni ziyorat qilishdi. Xususan, Boku shahridagi Sayyid Yahyo Bakuviy ziyoratgohi va "Shahidlar xiyoboni"da bo‘ldilar.
Tashkilotchilar iltimosiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ag‘dam shahridagi tarixiy “Juma” masjidida turli davlatlardan kelgan muftiylar, ulamolar va martabali mehmonlarga peshin namozida imomlik qilib berdilar.
Ziyoratlar asnosida ulamolar tomonidan Qur’oni karim oyatlari o‘qilib, qardosh ellar tinchligi, barqarorligi va birdamligini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati