Qadimda bir podshoh bo‘lib, u doim cheksizlik haqida o‘ylar, uning qanday ekanini hech tasavvur qila olmas ekan. Bir kuni uning shahriga bir donishmand kelib qolibdi. Shoh uning ovozasini eshitib, saroyga taklif qilibdi va o‘zini qiynayotgan savolni so‘rabdi. Donishmand unga bunday javob beribdi: "Uzoq bir o‘lkada adamant tog‘i bor. U tog‘ning eni yetti chaqirim, balandligi ham yetti chaqirim. Har yuz yilda o‘sha toqqa bir kichkina qushcha uchib keladi va tumshug‘ini shu tog‘ning toshiga bir marta charxlab ketadi. Qachon qushcha tumshug‘ini charxlab o‘sha tog‘ni tugatsa, ana o‘shanda cheksizlikning bir soniyasi o‘tgan bo‘ladi".
Xulosa. Cheksizlik tushunchasi oldida bizning hayotimiz bir yonib o‘chgan chiroq kabidir. Shuning uchun bu umrni keraksiz narsalarga sarf qilmaylik.
Akbarshoh RASULOV tayyorladi
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida «May oyi – hadis ilmlari fan oyligi» munosabati bilan «Hadis va islom tarixi fanlari» kafedrasi tomonidan talaba-qizlar ishtirokida ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirga faxriy mehmon sifatida «Hilol-nashr» nashriyoti direktor o‘rinbosari, olima Odinaxon Muhammad Sodiq taklif etildi.
Odinaxon Muhammad Sodiq o‘z ma’ruzasida hozirda tadqiq qilayotgan «Sahih Buxoriy rivoyatida ayol roviylarning o‘rni» mavzusidagi ilmiy yangiliklar bilan o‘rtoqlashdi.
Suhbat davomida «Sahihul Buxoriy» asarining avlodlarga yetib kelishida nafaqat erkak muhaddislar, balki ayol roviylarning ham xizmati beqiyos ekani alohida ta’kidlandi. Mashhur ayol roviylar haqidagi ma’lumotlar va ilmiy dalillar taqdimot orqali talabalarga batafsil tushuntirildi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Mazmunli va ilmiy suhbat uchun Odinaxon Muhammad Sodiqqa institut ma’muriyati nomidan minnatdorchilik bildirilib, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Oliymahad.uz