Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Sentabr, 2026   |   3 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:42
Quyosh
06:02
Peshin
12:19
Asr
16:44
Shom
18:39
Xufton
19:54
Bismillah
14 Sentabr, 2026, 3 Rabi`us soni, 1448

11.08.2017 y. Haj - beshinchi rukn

08.08.2017   9008   8 min.
11.08.2017 y. Haj - beshinchi rukn

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Haj – Islom arkonlaridan biri bo‘lib, mo‘min-musulmon umrida bir marta ado etishi farzdir. “Haj” so‘zi lug‘atda "maqsad qilish" ma’nosini bildiradi, istilohda esa ma’lum vaqtda  ma’lum joylarni ziyorat qilib, ma’lum amallarni bajarishdir. Haj ham jismoniy, ham moliyaviy ibodatdir. Fiqhiy kitoblarda kishiga hajning farz bo‘lishi uchun quyidagi shartlar mavjud bo‘lishi ta’kidlanadi: avvalo, musulmon, balog‘at yoshiga to‘lgan, oqil, tani sog‘ bo‘lishi, borib kelguncha yo‘l xarajatlariga yetadigan mablag‘ga ega bo‘lish. Shu bilan birga hajga borib kelguniga qadar oila ahlini ularning ehtiyojlariga yetadigan nafaqa bilan ta’minlagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, yo‘lning ochiq va xavf-xatarsiz bo‘lishi ham hajning farz bo‘lish shartlaridandir. Ayol kishiga esa, yuqoridagi shartlari bilan birga eri yoki birorta mahrami hamroh bo‘lishi shart qilinadi. Illo, Saudiya Arabistoni talablariga ko‘ra keksa yoshdagi onaxonlarimizga mahramsiz ziyorat qilishlariga ijozat berilganini ta’kidlash lozim!

Kimda mana shu shartlar topilmasa, unga haj farz bo‘lmaydi. Ammo ushbu shartlar mavjud bo‘lgan odam haj qilmog‘i lozim bo‘ladi. Qur’oni karimda hajning farzligi haqidagi oyatda shunday deyilgan:

وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا  (سورة ال عمران/97

ya’ni: “Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat).

Haj ibodatini ado qiluvchi mo‘min-musulmon kishi avval qilib yurgan xato- kamchiliklarini to‘g‘rilab va gunoh ishlaridan qaytib, kelgusida haqiqiy tavba bilan gunoh ishlardan o‘zini tiymoqligi shart. Zimmasida o‘zgalarning haqqi bo‘lsa ularni egasiga qaytarishi, qarzi bo‘lsa, uni ado qilishi kerak. Kundalik ehtiyojimiz uchun foydalanadiganimiz tabiiy gaz, elektr toki, suvdan qarzimiz bo‘lsa uni ham to‘lashimiz lozim.  

Alloh taolo Qur’oni karimda aytadi:

الْحَجُّ أَشْهُرٌ مَعْلُومَاتٌ فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ  

(سورة البقرة/197)

ya’ni, "Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar! " (Baqara surasi, 197-oyat) 

Oyatning mazmuniga ko‘ra hajga boruvchi ziyoratchi taqvo bilan ziynatlanib, o‘zining bajarayotgan amallarini chiroylik ado etishga harakat qilishi kerak.

Qolaversa, sanoqli haj kunlarini oxirati uchun zaxira bo‘ladigan amallar bilan o‘tkazishga oshiqishi lozim.

Payg‘ambarimiz ﷺ hadisi shariflarida marhamat qiladilarki:

قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ حَجَّ للهِ وَلَمْ يَرْفَثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ"

 (رواه البخارى و أحمد)

ya’ni: “Kimiki haj ibodatini mukammal ado etib, taqiqlangan gunoh va ma’siyat ishlardan o‘zini saqlagan bo‘lsa, onasidan yangi tug‘ilgan kunidek gunohlardan pok bo‘lgan holda qaytadi”. (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati).

Demak, hajni niyat qilgan kishi katta-yu kichik gunohlarni qilishdan, hatto biror jonzotga ozor berishdan, xususan, odamlar bilan janjallashishdan doimo o‘zini saqlashi lozimdir. Albatta, bular hajning maqbul bo‘lish shartlaridan hisoblanadi. Rasuli akram ﷺ:

(قَالَ رسول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اَلْحَجُّ الْمَبْرُورُ لَيْسَ لَهُ جَزَاءٌ إِلاَّ الْجَنَّةُ " (متفق عليه)

ya’ni: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir”, - deganlar.

Muhtaram jamoat! Allohga beadad shukrlar aytamizki, yurt mustaqilligi sharofati bilan haj, umra ziyoratiga borib-kelish ishlari ham osonlashdi va qulay sharoitlar yaratildi. Davlatimiz rahbariyati va hukumatimizning bevosita g‘amxo‘rligi tufayli hojilarimiz barcha qulay sharoitlarga ega bo‘ldilar. Ularni kuzatish, muqaddas joylarga borilgach, u yerda ham qulay istiqomat choralarini ko‘rish hamda sog‘-salomat Vatanga qaytgach, ularni kutib olish kabi xizmatlar oliy darajada olib borilmoqda.

Bu yili yetti mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj amalini ado etish sharafiga muyassar bo‘lishyapti, minglab kishi umra ibodatini ado etmoqda. Ularning bu muborak safarga eson-omon borib-kelishlari, ibodatlarni barcha ruknlariga rioya qilgan holda mukammal ado etishlariga barcha imkoniyatlar yaratilgan. Hojilar uchun transport masalasi hech qanday muammosiz hal etilmoqda, ularga zamonaviy samalyotlar ajratilmoqda, maxsus ishchi guruhi, oshpaz va shifokorlar bilan ta’minlanmoqda. Ular ibodat joylariga yaqin shinam va qulay mehmonxonalarga joylanmoqda, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash, salomatliklarini saqlash kabi ishlar ham namunali tashkil etib kelinmoqda.

Muhtaram jamoat! Haj insonning umrida bir marta nasib bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘ta mas’uliyatli, o‘ta sharafli va ko‘p e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ibodatdir. Shuning uchun bu ulug‘ safarni niyat qilgan yurtdoshlarimizning hajning mohiyatini yaxshi tushunib olishlari, uni ado etish tartiblarini puxta o‘zlashtirishlari, safar odoblariga qat’iy rioya qilishlari talab etiladi.

Katta xarajatlar sarflab, qancha navbat kutib, shuncha uzoq joyga Alloh roziligini topaman deb borgan ayrim hojilarimiz, afsuski, g‘animat damlarning qadriga yetmay, ko‘p vaqtlarini behuda amallar, do‘kon aylanishlar, quruq safsatalar bilan o‘tkazib yuborishadi. Haj ziyoratiga otlangan kishilar zimmalaridagi farz, vojib, sunnat amallarni iloji boricha jamoat bilan, o‘z vaqtida ado etishga g‘ayrat qilsinlar. Ko‘proq Qur’on tilovati, nafl ibodatlar, zikr, istig‘forlar aytish, yordamga muhtoj kishilarga ko‘mak berish kabi savobli ishlarni qilishlari zarur. Yana safar davomida iloji boricha bilimdon va solih kishilarga yo‘ldosh bo‘lish, Payg‘ambarimiz ﷺ tavsiya qilgan duolarni yodlab, aytib yurishga intilish ham maqbul amallardandir. Shundagina hajlarimiz mabrur, ibodatlarimiz maqbul bo‘ladi, inshaalloh. 

Muhtaram azizlar! Har juma ma’ruzamizning oxirida berib boriladigan fiqhiy masalalarning bugungi mavzusi hanafiy mazhabimizda haj ibodatining hukmlari.

 

Hajning farzlari:

                                                                                                                                                                              

  • Ehrom bog‘lamoq;
  • Arafotda turmoq (Arafa kuni zavoldan boshlab Qurbon hayiti kuni tongigacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida);
  • Ka’bani tavof qilmoq (Qurbon hayiti kunlari ichida).

 

Hajning vojiblari:

 

  • Muzdalifada turmoq (Qurbon hayiti kuni bomdod namozini o‘qigandan keyin tong yorishguncha);
  • Safo bilan Marva orasida Sa’y qilmoq;
  • Jamarotda tosh otmoq; (Qurbon hayiti kunidan boshlab to‘rt kun);
  • Ehromdan chiqish uchun sochni oldirmoq (ustarada qirish yoki qisqartirish);
  • Vidolashuv tavofi (Miyqotlarning tashqarisidan kelgan hojilar uchun).

Alloh taolo muborak haj safariga hozirlik ko‘rayotgan barcha yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etib, sog‘ salomat yurtimizga qaytib kelishga muvaffaq aylasin! Omin.

 

Ilova:

Muhtaram imom domla! Har juma ma’ruzasining oxirgi 5-6 daqiqasini fiqhiy masalaning bayoniga ajratishingiz so‘raladi! Vaqtlarga rioya qilishingiz qat’iy talab etiladi!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

24.08.2026   70595   1 min.
Saudiya matbuoti: O‘zbekiston madaniy-gumanitar, turizm sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda

Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.

Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.

“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.

Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari