بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Haj – Islom arkonlaridan biri bo‘lib, mo‘min-musulmon umrida bir marta ado etishi farzdir. “Haj” so‘zi lug‘atda "maqsad qilish" ma’nosini bildiradi, istilohda esa ma’lum vaqtda ma’lum joylarni ziyorat qilib, ma’lum amallarni bajarishdir. Haj ham jismoniy, ham moliyaviy ibodatdir. Fiqhiy kitoblarda kishiga hajning farz bo‘lishi uchun quyidagi shartlar mavjud bo‘lishi ta’kidlanadi: avvalo, musulmon, balog‘at yoshiga to‘lgan, oqil, tani sog‘ bo‘lishi, borib kelguncha yo‘l xarajatlariga yetadigan mablag‘ga ega bo‘lish. Shu bilan birga hajga borib kelguniga qadar oila ahlini ularning ehtiyojlariga yetadigan nafaqa bilan ta’minlagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, yo‘lning ochiq va xavf-xatarsiz bo‘lishi ham hajning farz bo‘lish shartlaridandir. Ayol kishiga esa, yuqoridagi shartlari bilan birga eri yoki birorta mahrami hamroh bo‘lishi shart qilinadi. Illo, Saudiya Arabistoni talablariga ko‘ra keksa yoshdagi onaxonlarimizga mahramsiz ziyorat qilishlariga ijozat berilganini ta’kidlash lozim!
Kimda mana shu shartlar topilmasa, unga haj farz bo‘lmaydi. Ammo ushbu shartlar mavjud bo‘lgan odam haj qilmog‘i lozim bo‘ladi. Qur’oni karimda hajning farzligi haqidagi oyatda shunday deyilgan:
( وَلِلَّهِ عَلَى النَّاسِ حِجُّ الْبَيْتِ مَنِ اسْتَطَاعَ إِلَيْهِ سَبِيلًا (سورة ال عمران/97
ya’ni: “Yo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat).
Haj ibodatini ado qiluvchi mo‘min-musulmon kishi avval qilib yurgan xato- kamchiliklarini to‘g‘rilab va gunoh ishlaridan qaytib, kelgusida haqiqiy tavba bilan gunoh ishlardan o‘zini tiymoqligi shart. Zimmasida o‘zgalarning haqqi bo‘lsa ularni egasiga qaytarishi, qarzi bo‘lsa, uni ado qilishi kerak. Kundalik ehtiyojimiz uchun foydalanadiganimiz tabiiy gaz, elektr toki, suvdan qarzimiz bo‘lsa uni ham to‘lashimiz lozim.
Alloh taolo Qur’oni karimda aytadi:
الْحَجُّ أَشْهُرٌ مَعْلُومَاتٌ فَمَنْ فَرَضَ فِيهِنَّ الْحَجَّ فَلَا رَفَثَ وَلَا فُسُوقَ وَلَا جِدَالَ فِي الْحَجِّ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ يَعْلَمْهُ اللَّهُ وَتَزَوَّدُوا فَإِنَّ خَيْرَ الزَّادِ التَّقْوَى وَاتَّقُونِ يَا أُولِي الْأَلْبَابِ
(سورة البقرة/197)
ya’ni, "Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan). Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar! " (Baqara surasi, 197-oyat)
Oyatning mazmuniga ko‘ra hajga boruvchi ziyoratchi taqvo bilan ziynatlanib, o‘zining bajarayotgan amallarini chiroylik ado etishga harakat qilishi kerak.
Qolaversa, sanoqli haj kunlarini oxirati uchun zaxira bo‘ladigan amallar bilan o‘tkazishga oshiqishi lozim.
Payg‘ambarimiz ﷺ hadisi shariflarida marhamat qiladilarki:
قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ حَجَّ للهِ وَلَمْ يَرْفَثْ وَلَمْ يَفْسُقْ رَجَعَ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ"
(رواه البخارى و أحمد)
ya’ni: “Kimiki haj ibodatini mukammal ado etib, taqiqlangan gunoh va ma’siyat ishlardan o‘zini saqlagan bo‘lsa, onasidan yangi tug‘ilgan kunidek gunohlardan pok bo‘lgan holda qaytadi”. (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati).
Demak, hajni niyat qilgan kishi katta-yu kichik gunohlarni qilishdan, hatto biror jonzotga ozor berishdan, xususan, odamlar bilan janjallashishdan doimo o‘zini saqlashi lozimdir. Albatta, bular hajning maqbul bo‘lish shartlaridan hisoblanadi. Rasuli akram ﷺ:
(قَالَ رسول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اَلْحَجُّ الْمَبْرُورُ لَيْسَ لَهُ جَزَاءٌ إِلاَّ الْجَنَّةُ " (متفق عليه)
ya’ni: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir”, - deganlar.
Muhtaram jamoat! Allohga beadad shukrlar aytamizki, yurt mustaqilligi sharofati bilan haj, umra ziyoratiga borib-kelish ishlari ham osonlashdi va qulay sharoitlar yaratildi. Davlatimiz rahbariyati va hukumatimizning bevosita g‘amxo‘rligi tufayli hojilarimiz barcha qulay sharoitlarga ega bo‘ldilar. Ularni kuzatish, muqaddas joylarga borilgach, u yerda ham qulay istiqomat choralarini ko‘rish hamda sog‘-salomat Vatanga qaytgach, ularni kutib olish kabi xizmatlar oliy darajada olib borilmoqda.
Bu yili yetti mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj amalini ado etish sharafiga muyassar bo‘lishyapti, minglab kishi umra ibodatini ado etmoqda. Ularning bu muborak safarga eson-omon borib-kelishlari, ibodatlarni barcha ruknlariga rioya qilgan holda mukammal ado etishlariga barcha imkoniyatlar yaratilgan. Hojilar uchun transport masalasi hech qanday muammosiz hal etilmoqda, ularga zamonaviy samalyotlar ajratilmoqda, maxsus ishchi guruhi, oshpaz va shifokorlar bilan ta’minlanmoqda. Ular ibodat joylariga yaqin shinam va qulay mehmonxonalarga joylanmoqda, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash, salomatliklarini saqlash kabi ishlar ham namunali tashkil etib kelinmoqda.
Muhtaram jamoat! Haj insonning umrida bir marta nasib bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘ta mas’uliyatli, o‘ta sharafli va ko‘p e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ibodatdir. Shuning uchun bu ulug‘ safarni niyat qilgan yurtdoshlarimizning hajning mohiyatini yaxshi tushunib olishlari, uni ado etish tartiblarini puxta o‘zlashtirishlari, safar odoblariga qat’iy rioya qilishlari talab etiladi.
Katta xarajatlar sarflab, qancha navbat kutib, shuncha uzoq joyga Alloh roziligini topaman deb borgan ayrim hojilarimiz, afsuski, g‘animat damlarning qadriga yetmay, ko‘p vaqtlarini behuda amallar, do‘kon aylanishlar, quruq safsatalar bilan o‘tkazib yuborishadi. Haj ziyoratiga otlangan kishilar zimmalaridagi farz, vojib, sunnat amallarni iloji boricha jamoat bilan, o‘z vaqtida ado etishga g‘ayrat qilsinlar. Ko‘proq Qur’on tilovati, nafl ibodatlar, zikr, istig‘forlar aytish, yordamga muhtoj kishilarga ko‘mak berish kabi savobli ishlarni qilishlari zarur. Yana safar davomida iloji boricha bilimdon va solih kishilarga yo‘ldosh bo‘lish, Payg‘ambarimiz ﷺ tavsiya qilgan duolarni yodlab, aytib yurishga intilish ham maqbul amallardandir. Shundagina hajlarimiz mabrur, ibodatlarimiz maqbul bo‘ladi, inshaalloh.
Muhtaram azizlar! Har juma ma’ruzamizning oxirida berib boriladigan fiqhiy masalalarning bugungi mavzusi hanafiy mazhabimizda haj ibodatining hukmlari.
Hajning farzlari:
Hajning vojiblari:
Alloh taolo muborak haj safariga hozirlik ko‘rayotgan barcha yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etib, sog‘ salomat yurtimizga qaytib kelishga muvaffaq aylasin! Omin.
Ilova:
Muhtaram imom domla! Har juma ma’ruzasining oxirgi 5-6 daqiqasini fiqhiy masalaning bayoniga ajratishingiz so‘raladi! Vaqtlarga rioya qilishingiz qat’iy talab etiladi!
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati