Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2026   |   9 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
24 Iyun, 2026, 9 Muharram, 1448

“G‘urbatda g‘arib...”

08.08.2017   17444   16 min.
“G‘urbatda g‘arib...”

 

Satr qatidagi xazina

 

                 G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,

                 El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.

                 Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,

                 Bulbulg‘a tikandek oshyon bo‘lmas emish.

Ustozlarimiz o‘git berganidek, har qanday badiiy asarni tadqiq qilishdan oldin asar muallifi, ya’ni ijodkorning tafakkur olami, dunyoqarashi, e’tiqodi va o‘ziga xos tabiatini o‘rganish orqali uning ijodini imkon darajasida  xolis baholash mumkin ekan. Shu ma’noda ko‘p yillik ilmiy izlanishlardan keyin ulug‘ bobokalonimiz Alisher Navoiyning ixchamgina bir asarini tadqiq va tahlil etishga jur’at etdik. Ko‘pchilik deyarli yod biladigan va ayrim anjuman-tadbirlarda takror-takror o‘qiladigan “G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish” deb boshlanadigan mashhur ruboiyga ilmiy tadqiqotlar va o‘quv darsliklarda sharhlar berilib, uning yaratilish tarixiga to‘xtab o‘tilgan va mohiyatini ochib berishga harakat qilingan. Ularda asosan ruboiyning zohiriy ma’nosi bilan kifoyalanish natijasida yuzaki hamda biryoqlama xulosa chiqarilib, shoir nazarda tutgan asl maqsad ochilmay qolavergandek, nazarimda.

Maktab yoshidan bilamizki, Husayn Boyqaro bilan Alisher Navoiy qadrdon do‘st bo‘lishgan va ustozlari Abulqosim Bobur huzurida tahsil olishgan. Husayn Boyqaro Xuroson taxtini egallagandan keyin Alisher Navoiyning nufuzi va obro‘-e’tibori yanada oshib, saroyda vazir va muhrdor lavozimlarida ishlaydi. Manbalarda aytilishicha, ayrim “reaksion guruh”larning hasad va adovati tufayli Navoiy saroydan chetlatilib, Xurosonning chekka viloyati – Astrobodga surgun qilingan. Shu voqea sabab ustoz va yoru do‘stlaridan uzoqda yashab turgan shoir mazkur ruboiyni bitganiga hujjat-dalil keltiriladi. Bir jihatdan qaralsa, bu fikrda ham asos yo‘q emasdek. Dastlab saroyda nufuzli lavozimlarda ishlab, shoh nazaridan qolib, Astrobodga surgun qilinsa, bu hol ijodkor ruhiyatiga ta’sir o‘tkazmasligi mumkin emas. Navoiydek nozikta’b shoir do‘sti bilan orasi buzilgani tufayli saroy mansabidan mahrum etilishiga befarq qaramagandir. Shu bois o‘z vaqtida mazkur ruboiyda shaxs erki, Vatan muhabbati, vatanparvarlik va erksevarlik g‘oyalari aks ettirilganiga ko‘p urg‘u berilgan. Navoiyshunos Ibrohim Haqqul bir o‘rinda ruboiyni bunday yo‘sinda talqin qilish noto‘g‘riligini payqab,  uni juda jo‘n va yuzaki tushuntirish muddaoni hal etmasligini, eskicha, ya’ni sho‘ro mafkurasi va siyosati talablari asosida talqin qilish mutlaqo yaroqsizligini ta’kidlaydi. Aslida ham, oddiy va soddadek ko‘ringan ruboiy matni va mohiyatini to‘g‘ri tushunish uchun gapni uzoqroqdan boshlashga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, Navoiydek ulkan qalb egasi kimlargadir tish qayrab, alamzadalik bilan ruboiy bitganida ushbu ruboiy o‘z asridan nariga  o‘tmasligi mumkin edi.

Dastlab mazkur ruboiydagi g‘urbat va g‘arib istilohlarining ma’no-mohiyatiga teranroq nazar solinsa, muddaoga yetish osonlashadi. Chunki ruboiyning butun mohiyati va g‘oyaviy mazmuni shu ikki istiloh asosiga qurilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  Shoirlar sultoni, deya ulug‘langan Alisher Navoiy har bir so‘zni o‘z o‘rnida va isrof qilmasdan qo‘llashi shubha tug‘dirmaydi, shuningdek, har bir so‘zni nazm ipiga durdek tizib, ortiqcha mulohazaga o‘rin ham qoldirmaydi. Bu xususda navoiyshunos olimlar o‘z tadqiqot ishlarida ko‘p yozganlar. Mumtoz adabiyotimizda soqiy, may, mayxona, xarobot, yuz, ko‘z, oraz va boshqa shu kabi so‘zlar lug‘aviy ma’nosidan tashqari ramziy-timsoliy istiloh sifatida qo‘llangan. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, mazkur ruboiydagi  g‘urbat, g‘arib, el, qafas, bulbul va gul kabi so‘zlarning zohiriy  ma’nosi bilan cheklanilsa, asl maqsad ochilmaydi va noto‘g‘ri xulosa chiqarib qo‘yish mumkin.

 “Navoiy asarlari lug‘ati”da g‘arib so‘zi  ikki ma’noli bo‘lib, biri musofir, boshqa joydan kelgan, kimsasiz, ikkinchisi ajoyib, qiziq, kamyob ma’nolarini bildiradi. G‘urbat so‘zining g‘ariblik, kimsasizlik, musofirlik va o‘z vatanidan uzoqda qolish kabi ma’nolari mavjudligi keltirilgan. Dastlab shu ikki istilohning qaysi ma’noda qo‘llangani aniqlab olinsa, ruboiyda ifodalangan ma’no qatlamiga kirish o‘quvchiga mashaqqat tug‘dirmaydi. Lug‘atda keltirilgan g‘arib va g‘urbat istilohini bir yurtdan boshqa yurtga borib, yashayotgan musofir va begona ma’nosida tushunish to‘g‘ri emas. Demak, g‘arib so‘zining yuzaki, ya’ni lug‘aviy ma’nosi bilan cheklanilsa, shoir tomonidan san’atkorona tarzda ustiga parda tortilgan ma’no durini qo‘lga kiritib bo‘lmaydi. 

“Mahbub ul qulub” asaridagi bir tanbehda yaxshilik va yomonlik haqida so‘z borganda:“ Odam bila shayton muxolifatin unutma. Ota dushmanin o‘zungga do‘st tutma. Otangni bihishtdek ma’manidin jalo qildi va yillar xokdon g‘aribistonida zalil va mubtalo qildi. Va otang avlodidin ba’zi anga intiqom tuzdilar va xoru zabun qilib jafolar ko‘rguzdilar. Nafsni chu taqvo riyozati bila zeridast qildilar – shaytonni zalilliq bila yerga past qildilar. Sizning adovatingiz hargiz adam bo‘lmas. Bu dushmanliq orangizdan hargiz kam bo‘lmas. Bu g‘olib dushmandin bir dam g‘ofil qolma, o‘chirolmas isyon o‘tin o‘z xirmaningg‘a urma”, deya odam farzandlari ogohlantirilgan. Mazkur tanbehdagi “odam” va “ota” kim va nega shayton bilan dushman tutinadi, degan savolga javob berish uchun diniy-tasavvufiy manbalarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Odam aslida Odam Ota bo‘lib, uning jannatdan yer – xokdon g‘aribistoniga badarg‘a bo‘lib, mehnat-mashaqqat, xorlikka mubtalo etilishi  bu dunyo yaralishi va uning ibtidosiga borib taqaladi. Odam ato behishtdek ma’man - rohat-farog‘at, omonlik-tinch makondan bu dunyoga quvg‘in qilingan “G‘urbatda g‘arib...” ruboiysining yetakchi motivi, insonga bu foniy olamga boshqa olamdan kelgan musofir va g‘arib deb qaraladi. Jannat - asl vatan, xokdon g‘aribiston – yer yuzi, ya’ni foniy makon. “Farhod va Shirin” dostonida:” Muni ma’man dema, degil xarobe, muni maskan dema, degil hubobe”, deyilganida aynan yer yuzi nazarda tutilgan. Odam Otaning Parvardigori olam nazaridan qolib, behishtdagi nozu ne’mat va xotirjam hayotdan bu dunyoga tushishi bir g‘arib kimsaning g‘urbatxonaga kelib qolishini eslatadi. Mazkur ruboiyda odamzot tarixining ibtido va intihosi, bu dunyoning rohat-farog‘ati va zavq-shavqi muvaqqatligi uchun uni g‘urbatxona, o‘zini esa g‘arib deb atashiga ishora qilinmoqda va g‘urbatda shodmon bo‘lmaslikning asl sababi ham shu. Farhod o‘z tilida “ Mening ishq ermish avvaldin sarishtim, yana g‘urbatda o‘lmak sarnavishtim”, deganida shunga uyqash ma’noni tushuniladi. Sarnavisht oldindan belgilangan, taqdir ma’nosini bersa, sarrishta ipning uchi, bahona va sababchi ma’nosida. Mo‘tabar manbalarda  Odam Ota va Momo Havo man etilgan jannat daraxti mevasidan olib yeganlari uchun quvg‘inga uchrab, yer yuzida yashaydigan ilk g‘arib insonga aylanishadi. Qolaversa, bu g‘urbat joy  birgina Odam Otaga emas, balki uning avlodlariga ham meros bo‘lib o‘tadi. To qiyomatga qadar Odam Ota va Momo Havodan tarqalgan avlodlar yer yuzi – xokdon g‘aribistonni manzil tutib, dunyoga kelgan har bir inson g‘ariblikda g‘urbat achchig‘ini totishi, azob-uqubatini chekishi taqdirga bitilgan. Ammo yana asliy vatanga borish uchun shaytoni la’inni dushman tutib, uning hiyla-nayrangiga aldanmasdan hayot kechirish kerak ekan. Bu dunyo qo‘nalg‘a, musofirxona, g‘urbatxona deya qaralgani sabab odamzot unda abadiy yashab qololmasligi va albatta bu dunyo safari bir kun nihoya topishini bildiradi. Alisher Navoiy bir g‘azalida:

G‘urbat ichra yig‘lar erdim istabon yoru diyor,

Chunki toptim istamak g‘urbat erur behad g‘arib, –

deganida ham bir o‘qishda vatanidan quvg‘inga uchrab, qattiq qayg‘uga botgan kimsaning holati tushunilishi tabiiy. Ammo undagi g‘urbat, yoru diyor va g‘arib ma’nolariga yuzaki yondashilsa, baytning mohiyatini anglab bo‘lmaydi. Din tarixida payg‘ambarlar, valiy va alloma zotlar bu dunyoning o‘tkinchi ekanini, unga ko‘ngil bog‘lab bo‘lmasligini hamda bir zumda yeldek o‘tib ketishini ta’kidlab, undan o‘zlarini tortganlar. Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak, notinch va urush-janjal ko‘paygan joyni xalqimiz g‘urbatxona deydi. Birovning uyida har kuni notinchlik bo‘lib, urush-janjal, to‘s-to‘polon bo‘laversa, g‘urbatxona bo‘libdi, u yerga borma, deb aytishadi. Navoiy bu dunyoni g‘urbat deb ataganida oddiy xalq tilidagi shu ma’noni ham e’tibordan soqit qilmagan. Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviyi masnaviy” muqaddimasida nayning qamishzordan kesib olinganidan keyin ohu nola chekishiga o‘z olamidan judo bo‘lib, g‘aribga aylanishi sabab sifatida ko‘rsatiladi. Shu bois nay o‘z vatanidan ayrilib, dunyo g‘urbatxonasiga tushganiga ohu fig‘on tortadi, qalblarga g‘am-qayg‘u ulashadi. Nay inson ruhi, uni ruhlar olamidan bu dunyoga keltirildi, u yana o‘sha olamga qaytib borishi darkor. Nayning g‘ariblik holati bilan tahlil etilayotgan ruboiydagi g‘ariblik mushtarak ma’no kasb etadi.

“Mahbub ul qulub” asaridagi yana bir tanbehda: “Har kim adam nihonxonasidin vujud anjumanig‘a qadam urubtur va bu baqosiz oromgohda bir nafas o‘lturubtur, yana qaytib asli vatanig‘a azm etmak kerak va qaydin kelibdur yana ul yon ketmak kerak”, deyilganida baqosiz oromgoh bilan oldinroq keltirilgan tanbehdagi xokdon g‘aribiston bir ma’noni beradi, asl vatan esa yana Odam Ota va Momo Havo maskan tutgan, bir muddat yashagan jannatdir. Ruboiyda keltirilgan g‘urbat — bu dunyo, unga kelgan odam g‘arib hisoblansa, bu g‘urbatda g‘ariblikni his etgan kishi shod-xurram bo‘lolmasligi aniq, qolaversa, el – olam ahli ham bir-biriga adovatda yashaydi, nizolashadi, haqni talashadi-tortishadi. Insoniyat tarixida Odam Ota bu dunyoga kelgan ilk g‘arib insondir. Odam farzandlariga g‘ariblik Odam Otadan meros, mehnat-mashaqqat, dard-og‘riq, jabru sitam chekiladigan joy g‘urbat. Ammo shu g‘urbat joyda azaliy merosni unutib, besh kunlik dunyo, ya’ni g‘urbatni o‘ziga shod-xurramlik makoni deb bilgan kishi adashadi. Ruboiyda keltirilgan g‘urbatdagi g‘arib kishining shodmon bo‘lolmasligi darsliklarda  aytilganidek, erk tuyg‘usi va vatanidan uzoqda bo‘lish, begona elda  shod-xurram bo‘lolmasligi emas, g‘ayb olamidan yerga tushirilgan odamzot qavmini bildiradi. Yana mazkur ruboiynnig oxirgi radifi “emish” bilan tugallanganiga ahamiyat berilsa, “ekan” degandan “emish” so‘zi bu dunyo ibtidosi va intihosi cheksiz ekanligi bois ruboiyni “emish” radifi bilan tugallash shu ma’noda bu jarayonga  afsonaviy tus berilib, fikr qamroviga og‘ir ekanligiga ishoradir. Qolaversa, bu g‘urbat joyda necha ming yillardan beri nafsi uchun qon to‘kib, razolat va qabohat botqog‘iga botganlar aslida o‘zligi, asl vatani, ya’ni qayerdan kelganini unutib yashayotgan “el” dir. Olam ahli bu dunyoda g‘arib ekanini his etmasa, vaqtincha yashab turgan joyini g‘urbat deb bilmasa, bir-birlariga ozor yetkazadi, bir-birining haqini yeydi, hasad va dushmanlik qilib, bir-biriga mushfiq va mehribon bo‘lolmaydi. Bu dunyo hayoti o‘tkinchi, biri ketsa, o‘rniga yana boshqasi kelaveradi. Shu tariqa hayot davom etib, hech qachon intihosi yo‘qdek taassurot qoldiradi. Biroq ozgina yashab, o‘lim achchig‘ini totadigan kishi bu dunyo hayoti abadiy ekaniga ishonadimi? Shuni anglab yashagan kishi, albatta bu dunyoda o‘zini g‘arib va begona his etadi, hayot va o‘lim mohiyatini anglab yetadi, bu dunyoning o‘tkinchi matohi va orzu-havaslariga qul bo‘lmaydi. Shu bois Farhod va Majnun o‘zini bu dunyoda g‘arib va tanho deb biladi, o‘zini tutshunmaydigan “el”dan uzoqlashishga majbur bo‘ladi, hayvonlar bilan ulfat tutinadi. Farhod bir o‘rinda o‘zini zaif, notavon, g‘arib, oshiq, buxonumon, deya atagani ham bejiz emas. Navoiy ruboiyda g‘urbat va g‘ariblik deganda bu dunyoning muvaqqat, g‘urbat joyda qolish, xursandlik unga tatimasligi va bu olam zavq-shavqidan ortiqcha xursand bo‘lolmasligini oddiy va sodda tarzda tushuntirmoqda. Chunki  bu dunyoda muhayyo etilgan lazzat va rohatlardan totgan inson, bu rohat va lazzatlarning bir kun borib tugashini ko‘z oldiga keltirishi bilan hafsalasi pir bo‘ladi.

 Shuni ham aytib o‘tish kerakki, ruboiyning oldingi ikki bayti bilan keyingi ikki bayti o‘rtasida mantiqiy bog‘lanish buzilgandek ko‘rinsa-da, ammo uning ma’no-mohiyatiga yetib borish orqali shoir mahorati yuksak ekaniga amin bo‘lamiz. Mumtoz adabiyotimizda bulbul va gul oshiq bilan  ma’shuqa timsoli sifatida oddiy hamda ko‘chma ma’noda qo‘llanishi ko‘p uchraydi. Gul ma’shuqa ma’nosini berishdan tashqari rohat, may quyib beruvchi, dunyo va moddiy lazzat, bahor, jon, may, taxt degan bir qancha ma’nolarda ham iste’mol etiladi. Hazrati Abu Bakr Siddiq: ”Bu jasadlar qushlarning qafasidir, hayvonlarga nog‘oradir. Nafsing haqida tafakkur qil. Ey sen kimsa, agar ulug‘ qushlardan bo‘lsang, nog‘ora sadosin eshitgan zahoti Robbingga qayt”, degan. Navoiy qafas, bulbul va gul istilohlarini keltirish orqali g‘ariblik maqomida turish holatini chizib ko‘rsatmoqda. Chunki qafasga tushgan bulbul qanday qilib chshnab-ochilib o‘ziga jalb etib turganiga qaramasdan bir kuni so‘lib, zavolga uchraydigan gulga ko‘ngil bog‘laydi? Bu dunyo bebaqo bo‘lsayu undagi gulga muhabbat izhor etishi va uning muhabbatiga mahliyo bo‘lishi mumkinmi? Bu dunyo qancha bezatib-ziynatlab ko‘rsatilmasin, baribir asl vatan — jannatning oddiy tikaniga ham arzimaydi.

Aytishlaricha, bulbul kunduzi gulzorda ochilgan gulga parvona bo‘lib, uning ishqida kuyib-yonadi, xonish etadi. Kech tushgan zahoti tikanzordagi chakalakka borib, inida tong ottirar ekan. Aynan biz tilga olgan mavzuda Fariddin Attorning “Mantiqut tayr” dostonida bulbul gulning ishqi menga kifoya etadi, deyiladi. Hudhud uni suratga bandilikda ayblaydi. Gul ushbu o‘rinda dunyo timsoli ma’nosida keltirilgan. Ro‘zbehon Buhliy Sheroziyning “Sharhi shatahiyot” asarida ruh bulbul timsoli, Sayyid Ja’far Sajjodiyning “Farangi istilohoti irfoniy”da qafasni inson jasadi, nafsi ammora va dunyo timsoli, deb keltiradi. Xoja Abdulloh Ansoriy “Kashful asror”ida qafas – jism, omonat – jon, qush uning qanotidir. Gul solikning ko‘ngli, ma’rifat olami sari ochilishidir. Solikka Haq taolo inoyatining tavfiqi berilishi timsolidir, deydi. Mavlono Xarobotiy: ”Umrni bilg‘il g‘animat har nafas, Ruh bir qushdirki, tan go‘yo qafas”, deganida ham biz nazarda tutgan ma’no ochiq-ravshan bayon etilgan.

 Umuman olganda, Alisher Navoiy o‘z asarlarida muayyan shaxs va zamondan shikoyatini o‘z ijodining asosiy g‘oyasiga aylantirganida asarlari o‘sha davrdan uzoqlarga parvoz qila olmasdi. Ko‘proq insoniyat taqdiri va qismatiga bitilgan og‘riq-azoblarni o‘ylab, iztirob chekkani bois shoir asarlaridagi g‘oya va qarashlar umumbashariy ma’no-mazmun kasb etib, asrlar osha yashab kelmoqda, ulug‘ va yuksak qarashlar bilan sug‘orilganidan ularni tushunishda murakkablik yuzaga kelishi tabiiy.

 

Bobomurod Erali

Boshqa maqolalar

Falaq va Nas suralari fazilati

23.06.2026   3141   6 min.
Falaq va Nas suralari fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida Qur’oni karim oyatlarining tafsirlari va fazilatlarini bayon qilib berganlar. Shunga ko‘ra muhaddis ulamolar o‘z asarlariga “Tafsir kitobi” va “Qur’on fazilatlari kitobi” nomi ostida shu mavzuga oid hadislarni keltirishgan.

Imom Buxoriy rahmatullohi alayh “Sahihi Buxoriy” asarida “Kitab at-Tafsir”, ya’ni “Tafsir kitobi” degan alohida bo‘lim qilib, unda tafsirga oid hadislarni keltirgan. Shuningdek, u kishi bilan bir davrda yashagan Imom Muslim rahmatullohi alayhning “Sahihi Muslim” asarida ham “Kitab at-Tafsir”, ya’ni “Tafsir kitobi” nomli sakkizta bobdan iborat kichik bo‘lim ajratilgan. Imom Termiziy rahmatullohi alayh ham o‘zining “Jome’ at-Termiziy” asarida “Kitabu tafsir al-Qur’an” ya’ni, “Qur’on tafsiri kitobi” degan nom ostida Qur’oni karimning ba’zi oyatlari tafsiri haqidagi hadislarni keltirgan.

Imom Nasoiy rahmatullohi alayh “Sunan al-Kubro” asarida “Kitabut tafsir” nomi bilan tafsirga oid hadislarni keltirgan. Shuningdek, hadis asarlarida “Qur’on fazilatlari kitobi” nomi ostida shu mavzuga oid hadislarni keltirishgan. Jumladan, Imom Buxoriy rahmatullohi alayh Sahihul Buxriy asarida “Kitabu fazoilil Qur’an”, “Qur’on fazilatlari kitobi” bo‘limini va Imom Termiziy rahmatullohi alayh ham o‘zining Jome’ at-Termiziy asarida “Kitabu fazoilil Qur’an”, “Qur’on fazilatlari kitobi” bo‘limini keltirishib, unda Qur’oni karim suralarining fazilatiga oid hadislarni bayon qilishgan. Jumladan, Falaq va Nas suralari haqida ham ko‘p hadisi shariflar vorid bo‘lgan bo‘lib, ularni qisqacha bayon qilamiz.


Suralarning nomlanish sababi

Nas surasining birinchi oyati “Qul a’uzu birobbin naas (Odamlar Robbisidan panoh so‘rayman) oyati bilan boshlangan. “Nas” so‘zi bu oyatda besh marta zikr qilingan. Shu e’tibordan bu sura “Nas” deb nomlangan. “Nas” so‘zi “odamlar”, degan ma’noni anglatadi.

Falaq surasiga o‘zining birinchi oyatidagi “falaq” so‘zi nom bo‘lib qolgan. “Falaq” so‘zi lug‘atda “yorish ma’nosini bildiradi. Bu surada “Falaq” so‘zi subh-tong ma’nosida kelgan. Tong kechani yorib boshlagani uchun shu nom bilan ham ataladi.[1]

Bu ikki sura birgalikda “Mu’avvizatayn”, “Ikki panoh so‘rovchi” deb nomlanadi. Chunki, ikki sura ham “a’uzu” (panoh so‘rayman) so‘zi bilan boshlanadi.


Suralarning fazilati

Hadisi shariflarda ushbu suralarning fazilati bayon qilingan bo‘lib, ular quyidagilardir:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam betob bo‘lib qolsalar, o‘zlariga mu’avvizotni o‘qib, dam solar edilar. (Vafotlaridan oldingi) og‘riqlari kuchayganda esa men o‘zim u zotga o‘qib, barakotidan umid qilib, o‘z qo‘llari bilan silar edim” (Imom Buxoriy rivoyati).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam har kecha joylariga yotganlarida ikki kaftlarini jamlab, ularga “Qul huvallohu ahad”, Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbinnas” larni o‘qib, dam solib, badanlarining (qo‘llari) yetgan joyigacha silar edilar. Avval boshlari va yuzlaridan boshlardilar. Keyin badanlarining old tarafiga (o‘tardilar). Buni uch marta qilar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Uqba ibn Omir Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashdim, vaholanki u zot ulovda edilar. Ikki qo‘limni u zotning ikki oyoqlariga qo‘yib: “Menga Yusuf surasini o‘qiting”, dedim. Shunda u zot: “Sen Allohning huzurida “Qul a’uzu birobbil falaq” dan ko‘ra yetukroq biror narsani hargiz o‘qiy olmaysan”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Abdulloh ibn Xubayb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kechga kirishingda ham, tongga kirishingda ham “Qul huvallohu ahad” va “mu’avvizatayn” ni uch marta o‘qi, (shunda) u senga har bir narsadan kifoya qiladi”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Men Juhfa va Abvo orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurib borardim. Bizni yomg‘ir va shiddatli zulmat qoplab oldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas”, bilan panoh so‘ray boshladilarda: “Ey Uqba, ikkovi bilan panoh tila, hech bir panoh tilovchi ikkovichalik narsa bilan panoh tilamagan”, dedilar.So‘ngra u zotdan bizga imom bo‘lib, namozda ham ikkovini qiroat qilganlarini eshitdim” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga ushbu kecha nozil qilingan oyatlarni bildingmi? Ularning misli hech ko‘rilmagan. “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Xulosa qilib aytganda, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida Qur’oni karim oyatlarining tafsirlari va fazilatlarini bayon qilib berganlar. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Qur’onning ma’nolarini mufassal va mukammal tushunganlar. U Zotga Qur’onni yodlatish va ma’nolarini tushuntirish kafolatini Alloh taolo o‘z zimmasiga olgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o‘qisak, Siz ham uni o‘qishga ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir” (Qiyomat surasi, 17-19-oyatlar).

Sahobai kiromlar Qur’oni karimni tafsir qilishda biror muammoga duch kelsalar, darhol Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oyatlarning maxfiy, nozik joylarini tushuntirib berardilar. Chunki u Zotning asosiy vazifalari shu edi. Alloh taolo oyati karimasida shunday degan:

 “Va sizga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki tafakkur qilsalar” (Nahl surasi, 44-oyat).

Shunga ko‘ra u zot Qur’oni karim ma’nolarini o‘z hadislarida bayon qilib berganlar.

Shokirjon MADAMINOV


[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. Oltinchi juz. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent-2008. – B.565.