Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sallollohu alayhi vasallam:
«Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini aritadi», dedilar”.
Bu dunyoda odamlarning boshiga tez-tez turli g‘am-g‘ussa, qiyinchilik va mashaqqatlar tushib turadi. Boshiga mashaqqat tushgan odam darhol o‘z yaqinlaridan yordam kutadi. Chunki bandaning bir o‘zi mashaqqatga qarshi turishi oson emas. Shuning uchun ham dinimiz insonlarni bir-birimizga ko‘makchi bo‘lib yashashga chaqiradi.
Lekin ba’zida birovlarning boshiga mashaqqat tushib qolsa, odamlar undan o‘zini olib qochadi, unga yordamchi bo‘lishni xohlamaydi. Aksincha, amaldor odam atrofida o‘ralashadi. Bu – besh kunlik dunyoning matohiga uchgan kimsalarning ishidir. .Haqiqiy mo‘min birodarining boshiga tushgan mashaqqatni aritishga harakat qiladi. Shu bilan birga qiyomat kuni o‘z boshiga tushadigan bir mashaqqatni aritgan bo‘ladi.
Xalqqa yaxshilik qilishimiz,nafaqat ular uchun foyda, balki o‘zimizning ikki dunyo saodatiga erishishimizga vosita bo‘ladi.
X.XOLBOYEV,
Bekobod tumanidagi “Ulug‘bek” jome masjidi imom-xatibi
Qiyomat kuni ba’zilar o‘ylaganidek dahshatli emas, balki u Kun ahdiga sodiq bo‘lgan va o‘sha Kun uchun amal qilganlar uchun ajoyib va go‘zal kun bo‘ladi: “Ularni buyuk dahshat mahzun qilmas” (Anbiyo surasi, 103-oyat).
Ular qayta tirilganlarida va farishtalar ularni kutib turganini ko‘rganlarida, u Kun ajoyib kun bo‘ladi: “Farishtalar ularni: «Bu sizlarga va’da qilingan kuningizdir», – deya kutib olurlar” (Anbiyo surasi, 103-oyat).
Ular shodlikdan butun olamga jar solganda u Kun ajoyib kun bo‘ladi: “Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar!” (Haaqqo surasi, 19-oyat).