Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

04.08.2017 y. Yetimlarga g‘amxo‘rlik – ulug‘ savob

01.08.2017   7335   7 min.
04.08.2017 y. Yetimlarga g‘amxo‘rlik – ulug‘ savob

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Muqaddas islom dinimizda jamiyatning har bir a’zosiga alohida e’tibor bilan qaraladi. Katta yoki kichik bo‘lsin, har bir inson hurmat-ehtiromga loyiqdir. Insoniyat yaralibdiki, turli toifadagi odamlar, yoshligidami yoki qariligidami boshqa birovlarning moddiy va ma’naviy ko‘magiga muhtoj va mehr-oqibatga tashna bo‘lishligini Alloh taolo yer yuzida joriy qilib qo‘ygan. Xususan, yetim bolalar aynan yordam va e’tiborga loyiq jamiyat a’zolaridir. Mehr-muruvvatga tashna, moddiy-ma’naviy ko‘mak va himoyaga muhtoj bo‘lganlar, ota-onasidan ayrilganlar-yetimlardir. Dinimiz ta’limotida insoniyatni o‘zaro bir-birlariga yaxshilik qilishga, muhtojlarga yordam ko‘rsatishga buyurilar ekan, unda yetimlar masalasiga ahamiyat berilgan. Zero, yetimparvar har bir jamiyatda mehr-oqibat, baraka hamda xotirjamlik hukm suradi. Alloh taolo ba’zi bandalari taqdiriga yetim bo‘lishlikni bitib qo‘yib, jamiyatdagi boshqa shaxslarning yetimlarga bo‘ladigan munosabati, ularning mol-mulklariga oid hukmlarni ham Qur’oni karimda va O‘z Payg‘ambari Muhammad s.a.v.ning hadisi shariflari orqali bayon qilib bergan.

Alloh taolo yetimlar haqqini yemaslikka va ular balog‘at yoshiga yetgandan keyin, haqlarini o‘zlariga qaytarib berishga buyurib shunday marhamat qiladi:

 وَابْتَلُوا الْيَتَامَى حَتَّى إِذَا بَلَغُوا النِّكَاحَ فَإِنْ آَنَسْتُمْ مِنْهُمْ رُشْدًا فَادْفَعُوا إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ وَلَا تَأْكُلُوهَا إِسْرَافًا وَبِدَارًا أَنْ يَكْبَرُوا وَمَنْ كَانَ غَنِيًّا فَلْيَسْتَعْفِفْ وَمَنْ كَانَ فَقِيرًا فَلْيَأْكُلْ بِالْمَعْرُوفِ فَإِذَا دَفَعْتُمْ إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ فَأَشْهِدُوا عَلَيْهِمْ وَكَفَى بِاللَّهِ حَسِيبًا  

(سورة النّساء/06)

ya’ni: “Yetimlarni, to balog‘at yoshiga yetgunlariga qadar  nazorat qilib (voyaga yetish vaqtini kuzatib) turingiz: voyaga yetganlarini sezsangiz, (qo‘lingizdagi omonat) mol-mulklarini o‘zlariga topshiringiz! Ularni isrof qilib va (ulg‘ayib qolmasinlar deb) shoshqaloqlik bilan yeb yubormangiz! Kim boy bo‘lsa, (yetimning mulkidan yeyishdan) saqlansin. Agar kambag‘al bo‘lsa, yaxshilikcha (me’yorida olib) yesin. Mol-mulklarini o‘zlariga qaytarganingizda, ularga guvoh chaqiringiz. Alloh hisob-kitobda kifoya qiluvchi zotdir”. (Niso surasi, 6-oyat).

Faqihlarimiz tomonidan Qur’oni karim oyatlari va hadislarda kelgan yetimlarga munosabat va ularga oid hukmlar batafsil bayon qilib berilgan. Shunga ko‘ra, yetim deb balog‘atga yetmasidan oldin otasi vafot etgan bolaga aytiladi. Balog‘at yoshiga yetganidan so‘ng yetim hisoblanmaydi. Bu xususda Rasululloh s.a.v. o‘z hadislarida:

(عَنْ عَلِيِّ بْنِ أَبِي طَالِبٍ قَالَ: حَفِظْتُ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لَا يُتْمَ بَعْدَ احْتِلَامٍ، وَلَا صُمَاتَ يَوْمٍ إلَى اللَّيْلِ" (رَوَاهُ أَبُو دَاوُد

ya’ni: “Ali ibn Abu Tolib aytadi, men Rasululloh s..a.v.dan: “Ehtilom (balog‘atga yetgan)dan so‘ng yetimlik yo‘qdir. Kunduzi to kechgacha sukut qilib, (boshqa dindagilarda bo‘lgani kabi) jim turishlik ham yo‘qdir”, - deb aytganlarini yodlab olganman”, - dedi. (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan). Demakki, yuqoridagi oyat va ushbu hadisning dalolatiga ko‘ra yetimlarning voyaga yetishlari, ularning mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari bilan shart-sharoitlari o‘zgaradi.

Muhtaram jamoat! Bizning diyorlarda yetim-yesirlarga alohida g‘amxo‘rlik qilish, ularning boshini silash, yetimning haqqini yeyish og‘ir gunoh ekanligi kabi tushunchalar xalqimizning qon-qoniga singib ketgandir. Hozir rivojlangan ba’zi davlatlar 13-14-asrlardayoq “Yetimxonalar” ochganlari bilan faxrlansalar, aslida, bizning ota-bobolarimiz oliyjanob islom dinimizning ta’limotiga amal qilib, yetimlar, moddiy-ma’naviy ko‘mak va himoyaga muhtoj bo‘lganlar, ota-onasidan erta ayrilganlarga mehr-muruvvat ulashib, kerak bo‘lsa uylaridan joy berganlari faxrlansa arzigulik ishdir. Yetimni kafolatiga olishning fazilati, unga beriladigan savoblarning ulug‘ligi haqida Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.dan ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan u zot:

عن رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ :"أَنَا وَ كَافِلُ الْيَتِيمِ فيِ الْجَنَّةِ هَكَذَا وَ أَشَارَ بِالسَّبَّابَةِ وَ الْوُسَطَى وَ فَرَّجَ بَيْنَهُمَا"

رواه البخاري

ya’ni: “Men va yetimni o‘z qaramog‘iga olgan kishi jannatda mana shunday yonma-yon turamiz”, - deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasini ochib ko‘rsatdilar. (Imom Buxoriy rivoyati).

Keyingi paytlarda “tirik yetimlar” degan iboraning ko‘p eshitilishiga ham asoslar bor. “Tirik yetim” deganda otasi tirik bo‘laturib, farzandlarini tashlab ketgan, ularni nafaqasiz, tarbiyasiz, qiyin sharoitda yashashga majbur qilgan insofsiz, vijdonsiz, otalarning farzandlari tushuniladi. Axir o‘zining rohatini ko‘zlab, oilasini va sag‘ir-sag‘ira farzandlarini qarovsiz qoldirib ketayotgan insonlarni komil musulmon deb bo‘ladimi!?

Vaholanki, yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish borasida boshqa bir hadisda:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " خَيْرُ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ

"َيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ يُحْسَنُ إِلَيْهِ ، وَشَرُّ بَيْتٍ فِي الْمُسْلِمِينَ بَيْتٌ فِيهِ يَتِيمٌ يُسَاءُ إِلَيْهِ 

ya’ni:“Abu Hurayradan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz s.a.v aytdilar: “Musulmonlarning uyi ichida eng yaxshisi yetimga yaxshi munosabatda bo‘lingan uydir. Musulmonlarning uyi ichida eng yomoni yetimga yomon munosabatda bo‘lingan uydir”, - deganlar.

Yetimni o‘z qaramog‘iga olishga haqliroq kishi avvalo, uning eng yaqin qarindoshlaridir. Chunki, boshqalarga qaraganda qarindoshlari, yaqin kishilari yetimga nisbatan mushfiq va mehribonroq bo‘ladi.

Hozirgi kunda davlatimiz tomonidan ham “Mehribonlik uylari”da tarbiya topayotgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilib kelinmoqda. Balki, ularga moddiy tomondan hamma sharoitlar yaratib berilmoqda. Biroq, har qancha bo‘lsa-da, ota-onasining mehrini hech kim berolmaydi. Shuning uchun, farzandlarini tirik yetim qilayotgan otalar, o‘z jigar go‘shalaridan voz kechib ketayotgan onalar naqadar og‘ir gunoh qilayotganlarini anglamoqlari lozim.

Muhtaram azizlar! Alloh taoloning inoyati bilan bugundan boshlab har juma ma’ruzalarimizning oxirida fiqhiy masalalardan berib borishni yo‘lga qo‘yamiz. Jamoatimizga yangi namozxonlar qo‘shilayotgani sabab bugungi suhbatimiz hanafiy mazhabimizda tahoratning hukmlari bo‘yicha bo‘ladi. Alloh taolo tahoratning farzlari to‘g‘risida “Moida” surasining 6-oyatida bayon qilgan.

 

Tahoratning farzlari:

 

1) Yuzni yuvmoq;

2) ikki qo‘lni tirsakkacha yuvmoq;

3) ikki oyoqni to‘piqqacha yuvmoq;

4) boshning to‘rtdan biriga mas'h tortmoq.

 

Tahoratning sunnatlari:

 

1) “Bismillahir rohmanir rohim”ni aytib boshlamoq;

2) ikki qo‘lini ikki bandigacha yuvmoq;

3) misvok ishlatmoq;

4) og‘iz-burunga suv olib chaymoq;

5) boshning suvi bilan ikki quloqqa mas'h tormoq;

6) soqolni taxlil qilmoq;

7) barmoqlar orasini ham taxlil qilmoq;

8) a’zolarni uch martadan yuvmoq;

9) tahorat olishni niyat qilmoq;

10) a’zolarni yuzdan boshlab tartib bilan yuvmoq;

11) o‘ng tarafdan boshlab yuvmoq;

12) boshning hammasiga mas'h tortmoq.

 

Tahoratni buzuvchi amallar:

 

1) ikki maxrajdan biror narsa chiqsa;

2) badandan qon yoki yiring chiqsa;

3) og‘zini to‘ldirib qussa;

4) cho‘zilib yoki suyanib yotib uxlasa;

5) hushdan ketsa yoki aqldan ozsa;

6) namozda qahqaha otib kulsa.

 

Alloh taolo barchamizni muhtojlarga yordam qo‘llarimizni cho‘zmog‘imizga va buning evaziga va’da qilingan ulug‘ ajru savoblarga ega bo‘lmog‘imizga muyassar qilsin! Omin!

 Ilova:

Muhtaram imom domla! Har juma ma’ruzasining oxirgi 5-6 daqiqasini fiqhiy masalaning bayoniga ajratishingizni so‘raymiz! Vaqtlarga rioya qilishingizni qat’iy talab qilamiz!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Videolar

Kamtarga kamol, manmanga zavol

03.07.2025   3373   1 min.

O‘tkirbek domla Tolibov
Toshkent shahar, Sergeli tumani “Abdulloh ibn Zubayr” jome masjidi imom-xatibi 

VIDEO