Sayt test holatida ishlamoqda!
08 May, 2025   |   10 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:40
Quyosh
05:12
Peshin
12:25
Asr
17:20
Shom
19:31
Xufton
20:57
Bismillah
08 May, 2025, 10 Zulqa`da, 1446

Islomda bolalar huquqlari majmuasi

19.07.2017   12102   24 min.
Islomda bolalar huquqlari majmuasi

Siyosiy va huquqiy ta’limotlar tarixida, asosan, inson huquqlari va erkinliklariga e’tibor berilsa-da, yaqin-yaqingacha bola huquqlari muammolariga yetarli ahamiyat berilmas edi. Faqat XX asrning birinchi yarmidan boshlab mazkur masalada xalqaro hujjatlar qabul qilina boshlangan. Jumladan, 1923 yilda angliyalik Eglantayn Djebb tomonidan asos solingan «Bolalarni qutqaring» Xalqaro Kengashi, keyinchalik «Bola huquqlari to‘g‘risidagi Deklaratsiya» (1959), «Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya» (1989) va boshqa bir qator xalqaro huquqiy hujjatlar fikrimizning isboti bo‘la oladi.

Shu nuqtayi nazardan qaralganda, bir holatni alohida faxr va iftixor bilan qayd etish lozim. Bolalar huquqlariga sakkiz yuz yil avval Movarounnahrda katta e’tibor berilgan. Bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sivilizatsiyalar tarixida jizzaxlik faqih Majduddin al-Ustrushaniyning 625/1228 yil 28 iyulda yozib tugatgan «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari mazkur yo‘nalishdagi ilk huquqiy manba bo‘lgan deyishimiz mumkin.

Musulmon olamida Majduddin al-Ustrushaniydan keyin bolalar haq-huquqlariga taalluqli fiqhiy asar deyarli yozilmadi. Shu nuqtayi nazardan qaralganda allomaning «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asari bolalarning huquqlari xususida yozilgan deyarli yagona fiqhiy asar, deb xulosa qilishga haqlimiz.

Ammo bolalarga taalluqli hadislar to‘plami mavjud bo‘lib, u imom Shamsuddin Muhammad ibn Abi Bakr ibn al-Qayyim al-Javziya (691-751/1292-1350 y.)ning «Tuhfat al-mavdud bi ahkom al-mavlud» asaridir. Bu asar 17 bobdan iborat bo‘lib, unda bola so‘rashning mustahabligi, qiz bolalardan g‘azablanishning makruhligi, farzand xushxabarini yetkazish, chaqaloq qulog‘iga azon va iqomat aytish, bolaning tanglayini ko‘tarish, aqiqa va uning hukmlari va u haqidagi ixtiloflar, bola sochini olish va soch og‘irligicha sadaqa berish, ism qo‘yish vaqti va majburiyligi, bolani xatna qilish va uning hukmlari, quloq teshish hukmi, bolalarning ovqat yeyish odoblari, emizikli bolaning so‘lagiga doir hukmlar, bolalarni o‘pish, ularga odob va ilm berish, bolalarni tarbiyalashdagi boshqa foydali masalalarni o‘z ichiga olgan muxtasar asardir[1].

«Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarida fiqhga oid yuzdan ortiq kitoblarda tarqoq holda berilgan bolalarga taalluqli shar’iy fatvolar yig‘ib, tizimlashtirilgan va batartib jamlangan. Bu asar dunyoga kelishi uchun Majduddin al-Ustrushaniy hanafiy mazhabining o‘z davrigacha yashab, ijod etgan 120 dan ortiq faqihlarining fikrlarini mujassam qilgan. Shu jihatlari bilan bu mukammal asar hozirgi zamon islomshunos va islom huquqi tarixi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun muhim manba hisoblanishi bilan bir qatorda zamonaviy huquqshunoslik uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etadi.

«Jomi’ ahkom as-sig‘or» islom huquqshunosligiga oid qimmatli manba bo‘lgani bois, uning qo‘lyozma nusxalari dunyoning turli mamlakatlariga keng tarqalgan. Ushbu asar ilk bora 1982 yil Iroq Respublikasida professor Abdulhamid Abdulxoliq al-Bayzaliy tomonidan nashr qilingan. Nashrni amalga oshirishda AQSHning Prinston universiteti (№1704), Iroqning Bag‘dod shahridagi «Iroq milliy muzeyi» (№ 9626/1) va Markaziy vaqflar (№3741/1, №7460/1) hamda Movsul shahridagi «al-Ahmadiyya» markaziy vaqf (№9/7) kutubxonalarida saqlanayotgan 5 ta qo‘lyozmadan foydalanilgan.

Ushbu asarning ikki jildga bo‘lingan ikkinchi nashri Misr poytaxti Qohirada professor Abu Mus’ab al-Badriy hamda «al-Azhar» universiteti o‘qituvchisi Mahmud Abdurrahmon Abdulmunim tomonidan tayyorlangan. Unda tadqiqotchilar asarning birinchi nashridan va unga qo‘shimcha holda Misrning «Dor al-kutub» kutubxonasida №901 raqamli qo‘lyozma va №9334 raqam ostida saqlanayotgan mikrofilmdan ham foydalanganlar.

«Jomi’ ahkom as-sig‘or»ning o‘n bitta qo‘lyozma nusxasi mavjud bo‘lib, ulardan chet el kutubxonalarining fondlarida saqlanuvchi olti nusxasi ilmiy adabiyotda yaxshi ma’lum. Ammo asarning Toshkentdagi №6245, 9634, 10409, 8955 va 12723/II raqamlari ostida saqlanayotgan besh nusxasi ilmiy jamoatchilik e’tiboridan chetda qolib kelgan, ammo mazkur nusxalarning ham ilmiy ahamiyati yuqoridir.

«Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarining Misr nashri haqida xulosa qilib aytish mumkinki, asar juda ko‘plab xato va kamchiliklar bilan nashr qilingan. Shu bois Toshkentdagi besh nusxa va Misr nashri asosida mazkur asarning uchinchi nashri 2010 yil va to‘rtinchi to‘ldirilgan matni esa 2013 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va tarix fanlari nomzodi Muslim Atayevlar tomonidan nashr etildi.

Islom huquqshunosligi asosida bitilgan ushbu asarda bolalar huquqlari bo‘yicha kelib chiqadigan muammolar odilona hal qilinib, ijtimoiy hayotda bolalarning xavfsizligi va asosiy huquqlarining daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq ko‘plab savollar muhokama qilingan. Unda ushbu sohada huquq-tartibot mahkamalari uchun juda ko‘p aniq dalillar va ko‘rsatmalar berilgan. Asar islom huquqining eng muhim va mukammal tizimlarini o‘zida mujassam etib, salkam sakkiz asrdan beri o‘zining hayotiyligini isbotlab kelayotgan mo‘tabar manbalardan biridir. Uni har tomonlama chuqur o‘rganish bizga diyorimizdagi diniy huquq tizimining muhim masalalari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.

Bugungi kunda xalqaro maydonda bola huquqlari bilan bog‘liq muammolar, xususan, homilaning qachondan boshlab inson hisoblanishi keng mulohazalarga sabab bo‘lmoqda. Asarda «Tirik mavjudotning hayoti qachon boshlanadi?», «Bola qachondan bola hisoblanadi?» kabi hozirda ham dolzarb bo‘lib qolayotgan savollarga to‘liq javob berilgan. Asarda bola tug‘ilmasidan avval ham, tug‘ilgandan keyin ham bola hisoblanishi, bolalar jismonan, aqlan va ijtimoiy jihatdan voyaga to‘liq yetmagunga va mustaqil bo‘lmagunga qadar alohida g‘amxo‘rlik va himoyaga muhtojligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Xulosa qilib aytganda, «Jomi’ ahkom as-sig‘or» asarida hayotning asosiy manbai bo‘lgan oila, uning eng shirin mevasi bo‘lmish farzandlar tarbiyasi, ularning oiladagi, jamiyatdagi haq-huquqlari aniq va to‘liq bayon etilgan. Eng muhimi, islom dinining bolalar huquqlari xususidagi qarashlari bu sohadagi zamonaviy qarashlar bilan hamohangdir.

Mazkur asar 1289 fatvodan iborat bo‘lib, ularni shartli ravishda, ibodat, axloq, ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy masalalarga bag‘ishlangan qismlarga ajratish mumkin.

Asarning ibodat masalalariga bag‘ishlangan qismi poklanish, namoz, zakot, ro‘za, haj, jonliq so‘yish va qurbonlik kabi oltita masalani o‘z ichiga olib, 92 ta fatvodan iborat.

Amaliy ibodat masalalari asosan toat-ibodat mavzulari, ya’ni Alloh va bandasi o‘rtasidagi munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Ibodatlarni bajarishda har bir oqil va bolig‘ kishining o‘zi mas’ul bo‘lib, Allohning oldida javobgar hisoblanadi.

Oltita masalani o‘z ichiga olgan axloqiy qism esa 120 ta fatvodan iborat bo‘lib, ular qasam ichish, dindan qaytish, qochgan qulning haqi, sulh, guvohlik, qozining burch va vazifalari kabi masalalardan iborat.

Alloma asarning katta qismini ijtimoiy masalalarga bag‘ishlagan. Bu qismda 516 ta fatvo bo‘lib, ular norasidalarning bergan xabarlari, nikoh, taloq, meros, shafelik, tashlandiq bola kabi masalalarga bo‘lingan.

Iqtisodiy va moliyaviy qism 346 ta fatvodan iborat bo‘lib, ular omonat qo‘yish shartlari, sovg‘a-salom berish, savdo-sotiq olib borish qoidalari, ijara, ulushni bo‘lish, qo‘shma tijorat va dehqonchilik, huquqi cheklangan qul, da’voni rad qilish, vaqf, vasiylar, vakillik, kafillik kabi masalalardan iborat.

Asarda o‘n to‘rtta masalani o‘z ichiga olgan fuqarolik protsessual huquqi bilan bog‘liq qism 215 ta fatvodan iborat bo‘lib, ular qulni ozod qilish, jazo hadlari, o‘g‘rilik, makruh narsalarga doir masalalar, talon-toroj qilish, garovga qo‘yish, da’vo qilish, iqror qilish, majburlash, jinoyatlar, boshqa kishini jinoyat qilishga buyurish, izn berilgan qul, da’vo hujjatlari, huquqlarni chegaralash masalalaridan iborat.

Biz quyida mazkur fiqhiy asardan tarjima qilib olingan ba’zi bir fatvolarni hukmingizga xavola qilamiz.

Bolalar nafaqasi.

Bolalarning nafaqasi ularni oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy bilan ta’minlash otaning burchidir. Faqir yosh bolaning nafaqasi otasiga vojib bo‘ladi. Bu hukmning dalili Qur’oni karimdan olingan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «Ularni me’yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning zimmasidadir» (Baqara, 233). Bolaning sababidan onaga nafaqa berish vojib bo‘lishida hech shubha qolmaydi. Bolaning nafaqasi faqat otaga, ota-onaning nafaqasi faqat o‘g‘ilga va xotinning nafaqasi faqat erga vojib bo‘ladi. Unga bu nafaqada hech kim sherik bo‘lmaydi. Bolani emizish nafaqadir. Nafaqa esa otaga vojibdir.

«Jomi’u-r-rumuz»da shunday deyilgan: Yosh bolaning nafaqasi kasb qiladirgan vaqtgacha otasining gardaniga vojibdir. Ul vaqtda, ya’ni kasb qilishga qudrati yetadigan bo‘lganda bolani otasi ish o‘rganishga topshirgay va ul bola qilgan kasbidan nafaqa bergay. Bas, ishni yaxshi qilishdan ilgari u bolaga otasi o‘z molidan nafaqa bergay. Bolaning nafaqasini berishda hech kim otaga sherik bo‘lmagay, ya’ni yolg‘iz o‘ziga bolani boqish va nafaqa berish vojibdir. Onasi va xotinining nafaqasini berishda hech kim otaga sherik bo‘lmagay, ya’ni otaning yolg‘iz o‘ziga bolani boqish vojibdir, bu ota-onasi va xotinining nafaqasini berganida hech kim sherik bo‘lmaganiga o‘xshash.

Balog‘atga yetgan qizning eri bo‘lmasa, nafaqasi otasiga vojib bo‘ladi. Ko‘zi ojiz, aqli yo‘q, tolibi ilm bo‘lgan o‘g‘illar kambag‘al bo‘lsalar, ularning nafaqasi ham otaga vojib bo‘ladi. Turmushi buzilib, qaytib kelgan qizning nafaqasi ham otaga vojib bo‘ladi. Bunga Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning quyidagi hadislari dalil. Suroqa ibn Ju’shumdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Ey Suroqa, senga eng ulug‘ sadaqaning yoki sadaqadan ham ulug‘roq narsaning dalolatini beraymi? — dedilar. Ha, yo Rasululloh, dedi. Uyingga qaytib kelgan va sendan boshqa ta’minotchisi bo‘lmagan ayol zotiga ikrom ko‘rsatmog‘ing», — dedilar.

Nafaqa miqdorini belgilash.

Imom Muhammad ta’minot miqdorini belgilab, shunday deydi: Yosh bolaning nafaqasi va kiyimi boy kishiga bir dirhamdir. Bu majburiy, o‘zgarmas miqdor emas, balki ehtiyojni qoplaydigan daraja e’tiborga olinadi. Agar kambag‘al bo‘lsa, qozining belgilashiga qarab (ayollar ta’minotidek), bolalarga ta’minot puli va kiyimni yetarli qilib berish buyuriladi.

Nafaqani onaga berish.

Agar bir kishining yosh bolalari bo‘lib, ba’zilari emizikli, ba’zilari sutdan chiqqan bo‘lsa va ularning onasi xotini bo‘lsa hamda bolalarning shaxsiy mablag‘i bo‘lmasa, onasi ularning ta’minoti bo‘yicha da’volashsa, modomiki bolalari yosh ekan, qozi ularning ta’minotini ota zimmasiga yuklaydi. Agar ona bolalarining ta’minotida erning tazyiqi va ziqnaligidan shikoyat qilsa, qozi uning shikoyatini eshitib, bolalarning moddiy ta’minotining bir qismini onaga berishi lozim. Agar ota: «U mendan pulni olib, bolalarga bermaydi», desa uning onaga qarshi da’vosi qabul qilinmaydi. Chunki ona daxlsiz kishidir. Daxlsiz kishiga qarshi xiyonat da’vosi dalilsiz inobatga olinmaydi. Er qozidan xotinning qo‘shnilaridan so‘rab ko‘rishni so‘rasa, ehtiyot yuzasidan so‘raydi. Bunda faqat bordi-keldi qiladigan qo‘shnilardan so‘raydi. Chunki shunday qo‘shnilar onaning ahvolini yaxshiroq bilishadi. Agar holat er aytgandek bo‘lsa, qozi onaga tanbeh berib, bu ishidan qaytaradi.

Ba’zi mashoyixlar shunday deyishgan: Agar bu borada nizoga boriladigan bo‘lsa, qozi istasa ta’minot pulini ishonchli kishiga topshirib, u ertalab va kechasi uni onaga berib turadi. Pulni birdaniga bermaydi. Istasa bolalarga ta’minot pulini berishni boshqaga buyuradi.

Ayolning eri bilan bolalarning nafaqasi bo‘yicha sulh qilishi.

Agar xotin eri bilan (u xoh qiyin ahvolda bo‘lsin, xoh sharoiti yaxshi bo‘lsin) yosh bolalarining nafaqasi bo‘yicha sulh qilishi mumkin. Bunday sulh joizligini bilish uchun «Zaxira»[2]ning «Ta’minot» bobiga qaraladi: Agar sulh qilingan miqdor odamlarni havasini keltiradigan darajada ularning ta’minot pulidan ko‘p bo‘lsa, ammo ularga yetadigan miqdorni belgilab beruvchilar o‘lchoviga kirsa, kechirimli. Chunki bu odatiy holat. Agar miqdorni belgilab beruvchilarning o‘lchoviga kirmasa, ortiqchasi olib tashlanadi. Chunki ota ularga yetadigan darajada nafaqa berishga majbur. Bolalarga ta’minot puli berish bilan yaqinlarga nafaqa berish o‘rtasini farqla. Qiyin holatdagi kishi yaqin kishisi bilan nafaqa borasida sulh qilishi mumkin emas. Chunki yaqinlarning nafaqasi faqat iqtisodiy holati yaxshi bo‘lgan kishilarga yuklatilgan. Bu sulh yaqini haqli bo‘lmagan narsa bo‘yicha bo‘lsa, bu to‘g‘ri emas. Bolalar nafaqasi esa otaga yuklatilgan majburiyatdir. Agar ota qiynalgan holatda bo‘lsa, sulh bolalar haqi miqdori ichida bo‘lsa, bu joizdir.

Ota bolasiga beriladigan nafaqa yuzasidan hibs qilinishi mumkin.

Agar ota ishlab, pul topib, bolalariga nafaqa berishdan bosh tortsa, u bunga majbur qilinib, hibsga olinadi. Boshqa qarzlar esa bunday emas. Chunki ota-onalar bolalarining qarzlari tufayli qamalmaydi. Farqi «Zaxira»da yoritilgan.

Bolalarning nafaqasi qachon baytulmol[3]dan beriladi?

Agar ota qariligi sababli mehnatga layoqatsiz bo‘lsa yoki o‘tirib qolgan bo‘lsa, tilamchilik qilib, bolalariga nafaqa beradi. Xassof[4]ning «Nafaqot»ida shunday deyilgan. Keyingi davr olimlaridan ba’zilari shunday deyishgan: Bu holatda bolalarning nafaqasi baytulmoldan beriladi. Chunki bu holatga tushib qolgan ota bo‘lsa, uning nafaqasi ham baytulmoldan bo‘ladi. Yosh bolalarining nafaqalari ham xuddi shunday.

Izoh: Islom dini yangi farzand tug‘ilgan oilaga nafaqa – pul berish qonunini joriy qildi. Tug‘ilgan chaqaloq hokim yoki hukumat xodimi, oddiy ishchi yoki oddiy odam farzandi bo‘ladimi, baribir.

Abu Ubayd «Al-Amval» kitobida hazrat Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi. U kishi har tug‘ilgan farzand otasiga 100 dirham miqdorida hadya ajratdi. Farzand ulg‘aygani sayin hadyani ziyoda qildi. Bu tartib so‘ng Usmon (roziyallohu anhu), Ali (roziyallohu anhu) va boshqalar davrlarida joriy bo‘lib turdi. Bu islom dini musulmonlar qalbiga, his-tuyg‘ularining tub-tubiga, vijdonining ich-ichiga ildiz otgan ma’naviy tarbiya hisoblanadi. Bunday tarbiya jamiyatni bir-biriga yordam berish va o‘zaro birdamlikka, imon, rag‘bat bilan ixtiyoriylik va chin ko‘ngildan yaxshilik qilishga undaydi. Musulmon jamiyatdagi o‘zaro birdamlik, mehribonlik va o‘zaro yordam berishning tarixiy namunalari bunga katta dalildir.

Bolalar odamlardan tilamchilik qilib kun ko‘rsa, ota nafaqa majburiyatidan ozod bo‘ladi.

Otaga bolalarni ta’minlash yuklatilgandan so‘ng xotin qarz olmagan bo‘lsa, lekin bolalar tilamchilik qilib kun ko‘rishsa, ota hech narsa berishga majbur bo‘lmaydi. Chunki ular tilamchilik qilib, odamlar ularga biron narsa berishsa, bu ularning shaxsiy mulki bo‘lib, ular muhtoj bo‘lishmaydi, ehtiyoj yo‘qoladi va ota majburiyatdan ozod bo‘ladi. Agar bolalarga yetarli bo‘ladigan miqdorning yarmini berishsa, ota nafaqaning yarmidan ozod bo‘ladi. Bundan so‘ng qolgan yarmi bo‘yicha qarz olgani ma’qul bo‘ladi. Buni qiyosga binoan tushuning.

Bu aynan bolalar nafaqasiga tegishli bo‘lmay, balki barcha mahramlar nafaqasiga ham bu tatbiq etiladi. Agar tilamchilik qilib kun ko‘rishsa, nafaqa berish majburiyatini yuklangan kishidan talab qila olishmaydi.

Bolalar bilan mahramlar nafaqasi o‘rtasidagi farq.

Masalaning negizi: Yaqin kishilar ta’minoti qozining hukmi bilan qarz bo‘lib qolmaydi. Balki muddat o‘tishi bilan ozod bo‘ladi. Xotinlarning nafaqasi esa bunday emas. Bularning barchasi «Zaxira»ning «Ta’minot» bobidan ko‘rish mumkin. Unda shunday deyilgan: «Al-Hoviy fi-l-fatovo»[5] kitobida ushbu masala hamda bolaning va boshqa mahramlarning nafaqasi o‘rtasidagi farq zikr qilinib, shunday deyilgan: Bolaning nafaqasi ota zimmasiga qozining hukmi bilan qarz bo‘lib tushadi. Boshqa qarindoshlarning nafaqasi esa qozining hukmi bilan qarz bo‘lmaydi.

Onaning ota bolasiga nafaqa bermaganligi to‘g‘risidagi da’vosi.

Ayol eriga qarshi yosh bolasiga nafaqa bermaganini da’vo qilsa, ulamolar shunday deyishgan: Agar qozi unga nafaqa berishni yoki uning zimmasiga o‘zi nafaqa berishni yuklagan bo‘lsa, ayol biroz vaqt o‘tgandan so‘ng ushbu da’vo bilan chiqib, eri buni inkor etsa, qasam ichadi. Agar bunday bo‘lmasa, qasam ichmaydi.

Izoh: Qasam uch xildir: 1. Kishining o‘tgan narsani qilgani yoki tark etganiga qasddan yolg‘on qasam ichishi g‘amusdir. U bilan gunohkor bo‘ladi. «G‘amus» so‘zi lug‘atda, «cho‘milish», «ko‘milish» ma’nolarini anglatadi. Chunki bunday botil qasam o‘z egasining jahannam oloviga cho‘milishiga, ko‘milishiga sabab bo‘ladi. 2. Inson o‘zi haq ekanini gumon qilsa-yu, ish ziddicha bo‘lsa, qasam behudadir. Unda afv etilishi umid qilinadi. Hanafiy va Molikiy mazhablari bo‘yicha, kishi bir narsani to‘g‘ri deb gumon qilib qasam ichsa-yu, noto‘g‘ri chiqib qolsa, uning aytganlari «behuda qasam» bo‘ladi. Bu holatda unga na gunoh va na kafforat bo‘lmaydi. 3. Inson agar kelajak narsaga qasam ichsa, qasam hosil bo‘ladi. Mana shu qasamdagina, qasamxo‘r bo‘lsa, kafforat to‘laydi. Agar qasamni yoki qasamxo‘rlikni unutib yoki majburlanib qilgan bo‘lsa ham. Odatda oddiy qasam xuddi shu qasam hisoblanadi. Bundoq qasam ichgan odam qasamiga sodiq qolishi lozim. Agar qasamida turmasa, qasamxo‘r bo‘ladi va gunoh sodir etgan hisoblanib, kafforat berishi vojib bo‘ladi

Ota kambag‘al bo‘lsa, bobo nafaqa beradi.

Bolaning kambag‘al otasi bo‘lib, bobosi (otasining otasi) boy bo‘lsa va bolaning mablag‘i bo‘lmasa, bobo nafaqa berishi lozim. Bu uning keyinchalik otadan oladigan qarzi bo‘ladi. Ota buni bolaning mablag‘idan oladi. Agar otaning shaxsiy mablag‘i bo‘lmasa, bu ota zimmasidagi qarz bo‘ladi. Agar ota mehnatga yaroqsiz bo‘lsa hamda bolaning ham shaxsiy mablag‘i bo‘lmasa, nafaqa boboning zimmasiga yuklatiladi. Bobo keyin buni boshqa kishidan talab qila olmaydi.

Ota kambag‘al bo‘lsa, nafaqa ona va buvi zimmasida bo‘ladi.

Agar bolaning boy onasi yoki buvisi bo‘lib, otasi kambag‘al bo‘lsa, ona va buvi bolaga nafaqa berishga buyuriladi. Agar ota mehnatga yaroqsiz bo‘lmasa, bu ota zimmasida qarz bo‘ladi. Agar mehnatga yaroqsiz bo‘lsa, unga hech qanday majburiyat yuklatilmaydi. Bularning barchasi Qozi Faxruddinning «Fatovo»sida zikr qilingan.

Bolaning nafaqasi (u garchi g‘ayridin bo‘lsa ham) ota zimmasida.

«Quduriy»[6]da shunday deyilgan: Bolaning nafaqasi u boshqa dinda bo‘lsa ham, ota zimmasidagi majburiyatdir. Ayolning nafaqasi ham xuddi shunday, u boshqa dinda bo‘lsa ham erning zimmasidadir.

Kambag‘al faqat to‘rt kishining nafaqasini berishga majbur.

Qozixonning «Fatovo»sida shunday deyilgan: Kambag‘al kishi faqat quyidagi to‘rt kishiga nafaqa berishga majbur qilinadi: yosh bola, turmush qurmagan yoki ajrashgan balog‘atga yetgan qizlar, xotin va qul.

«Zaxira»da shunday deyilgan: Agar kambag‘al kishining yosh bolalari bo‘lib, buva boy bo‘lsa, nafaqa berish buva zimmasiga yuklanmaydi. Chunki ota turganda buvani nafaqa berishga buyurilmaydi. Lekin buva zurriyotni asrash maqsadida (nabirasiga) nafaqa berishi lozim. Agar bolalarning otasi undan shuni so‘ragan bo‘lsa, bu zimmasidagi qarz bo‘ladi. Quduriyda shunday zikr qilingan, ota kambag‘al bo‘lgan paytda nafaqa bobo zimmasiga tushmaydi. Mazhabda to‘g‘ri fikr shuki, kambag‘al ota bobodan nafaqa olish huquqida o‘lik kabidir. Quduriy keltirgan fikr bu Hasan ibn Solih[7]ning fikridir. Xassofning «Adab al-qoziy» asarida shunday deyilgan. U aytadi: Agar ota mehnatga yaroqsiz bo‘lsa, bolalarni ta’minlash buvaga tushadi va yakdil fikrga ko‘ra buva buni hech kimdan talab qila olmaydi. Chunki bu holatda otani ta’minlash buva zimmasidadir. Shuningdek, bolalarning nafaqasi ham xudi shunday.

Atayev Muslim

Tarix fanlari nomzodi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo bo‘limi xodimi

 

[1] Shamsuddin Muhammad ibn Abiy Bakr ibn al-Qayyim al-Javziya. Tuhfat al-mavdud bi ahkom al-mavlud. – Qohira. Maktabat al-qayyima, 1398 h.y. – 248 b.

 [2] Zaxirat al-fatovo — Burhonuddin Mahmud ibn Tojiddin Ahmad ibn Abdulaziz ibn Umar ibn Moza Buxoriy 551/1156 yili Marg‘ilonda tug‘ilib, 616/1220 yili Buxoroda vafot etgan. «Sohib al-muhit» nomi bilan mashhur. Uning otasi Sadrussaid Tojuddin Ahmad ibn Abdulaziz va amakisi Sadrushshahid Husomuddin ham hanafiy mazhabining eng mashhur faqihlaridan edi.

[3]Baytulmol – Davlat budjeti ma’nosida tushunilishi mumkin.

[4]Xassof – Ahmad ibn Umar ibn Muhayr Abu Bakr Shayboniy. U al­Xassof nomi bilan ma’lum va mashhur. Ba’zi bir manbalarda uning ismi sharifi quyidagicha: Ahmad ibn Amr ibn Mihrvon Abu Bakr al-Xassof Shayboniy. Al­-Xassof 261/875 yili vafot etgan. Uning «Adab al-qodiy li-l-Xassof», «Kitob al-hayl», «as- Sijjilot», «Sharh adab al-qodiy alo mazhab Abiy Hanifa», «Nafaqot al-Xassof», «Sharh nafaqot al-Xassof» va «Shurut al-Xassof» kabi asarlari bor. (Al-Fihrist. – B. 304; al-Favoid al-bahiya. – B.29; Kashf az-zunun. – J. 1. – B. 46-47, 695, – J. 2. – B. 1046).

 [5] Al-Hovi fi-l-fatovo — Muhammad ibn Ibrohim ibn Anush Husayriy Buxoriyning fiqhiy asari. U 500/1106 yili ba’zi bir manbalarda 505/1112 yili Buxoroda vafot etgan, deyiladi. Ustrushaniy allomaning «Hovi al-Husayriy» asariga «al-Hoviy fi-l-fatovo» deb murojaat qilgan. (Kashf az-zunun. – J. 1. – B.624).

 [6]Quduriy – Abulhusayn Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ja’far ibn Hamadon ibn Abu Bakr Quduriy Bag‘dodiy 362/973 yili Bag‘dodda tug‘ilib, shu yerda 428/1037 yili vafot etgan. (Kashf az-zunun. – J. 2. – B.1233; al-Favoid al-bahiya. – B. 202).

[7] Hasan ibn Solih – Hasan ibn Solih ibn Hay Hamadoniy Kufiy 100/718 yilda tug‘ilib, 167/783 yili vafot etgan . (Al-Fihrist. – J. 1. – B. 178; al-Farq bayna al-firoq. – B.24; Tahzib at-tahzib. – J. 2. – B. 285; al-Javohir al-mudiya. – J. 2. – B.61.).

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ezgulik karvoni Sardobada bo‘ldi

08.05.2025   954   1 min.
Ezgulik  karvoni Sardobada bo‘ldi

O'zbekiston yangiliklari