Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

14.07.2017 y. Tafriqa - kulfat

11.07.2017   6761   8 min.
14.07.2017 y. Tafriqa - kulfat

 بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Alloh taolo insonlarni bir ota va bir onadan paydo qilib, ularni Yer yuzi bo‘ylab turli xil millat va elatlar shaklida tarqatib yubordi. Insonlarning bu kabi xilma-xilligi fitriy bo‘lib, Alloh taolo uni ilohiy hikmat ila joriy qildi. Ya’ni, bu bo‘linish ajralish uchun emas balki, birlashish va o‘zaro yaqinlashish uchun ekanligini Qur’oni karimda bayon qildi:

 يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا...

(سورة الحجرات/13)

ya’ni:  Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. (Hujurot surasi, 13-oyat). Dinimizda mana shu haqiqatni bayon qilish orqali insonlarni birlikka, hamjihatlikda yashashga da’vat etiladi.

Ayni paytda dinimiz bizlarni o‘zaro ixtilof qilishdan, tafriqaga bo‘linishimizdan qaytaradi. Zero, ixtilof va tafriqa insonlarni bir-biridan uzoqlashtiradi, o‘rtada adovat va fitna paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, dinda tafriqaga bo‘linish zalolat sanalib, insonning ikki dunyosini ham barbod bo‘lishiga olib boradi. Alloh taolo Qur’oni karimda:

أَنْ أَقِيمُوا الدِّينَ وَلَا تَتَفَرَّقُوا فِيه...

(سورة الشورى/13).

ya’ni: “Dinni barpo qilingiz va unda firqa-firqaga bo‘linmangiz!”, deb marhamat qilgan (Sho‘ro surasi, 13-oyat).

Muhtaram birodarlar! Tarixda turli xil firqalar chiqqan bo‘lib, ular Payg‘ambarimiz s.a.v. aytganlaridek o‘zlari ham zalolatda, o‘zgalarni ham to‘g‘ri yo‘ldan ozdirib, buzuq aqidalarga boshlaganlar. O‘z davrida ulamolar ana shunday toifalarga qarshi kurashib, ularning buzuq aqidalarini fosh etganlar, mo‘min-musulmonlarni zalolat yo‘llaridan ogohlantirganlar. Xususan, yurtimizdan chiqqan buyuk bobokalonimiz Abu al-Mu’in an-Nasafiy hazratlari bundan ming yil avval ana shunday oqimlarga qarshi raddiya o‘laroq o‘zlarining aqidaga oid asarlarini yozib qoldirganlar.

Ming afsuski, bizning zamonamizda ham adashgan, e’tiqodi buzuq bo‘lgan bir qancha firqa va toifalar mavjudki, ular hamon mo‘min-musulmonlarni sof islom yo‘lidan chalg‘itishga, ahli sunna val jamoa aqidasidan adashtirishga harakat qilmoqdalar.

Asli maqsadlari dunyoviy g‘araz, mansabu martabaga erishish, mo‘may daromad topishdan iborat bo‘lgan bunday g‘alamis toifa-yu firqalar dinimizda muqaddas sanalgan ulug‘ amallarni g‘ayri ma’noga burib odamlarni chalg‘itmoqdalar. Jumladan, o‘zlarining turli xildagi jinoyatlarini “xalifalik”, “shahidlik”, “hijrat” va “jihod” kabi atamalar bilan xaspo‘shlamoqdalar. Bu ham yetmagandek, o‘zlariga ergashmagan, ularga qarshi chiqqanlarni kofirga chiqarmoqdalar. Kofir deyishdan maqsad esa, ularga qarshi urush ochish, qonlarini to‘kib, mollarini talon taroj qilishdir. Holbuki, musulmonga qarshi qurol ko‘tarish, uning qonini to‘kish eng og‘ir gunohdir. Hadisi sharifda marhamat qilinadi:

ثَلَاثٌُ مَن فَعَلَهُنَّ فَقَد أَجرَمَ : "مَن اِعتَقَدَ لِوَاءً فيِ غيَرِ حَقِّ، أَو عَقَّ وَالِدَيهِ ، أَو مَشَى

مَعَ ظَالِم لِيَنصُرَهُ فَقَد أَجرَمَ ، يَقُولُ اللهُ سُبحَانَهُ :إِنَّا مِنَ الْمُجْرِمِينَ مُنْتَقِمُونَ .

ya’ni: “Uchta amal bor, kim shulardan birortasini qilsa, u jinoyatchidir: Kim nohaqlik ustiga bayroq tiksa, kim ota-onasiga oq bo‘lsa va kim zolimga yordam bersa. Alloh taolo aytadi: Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz. (Sajda surasi, 22-oyat). Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz s.a.v.:

فَقَالَ النَّبِيُّ : « لا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ أَنْ يُرَوِّعَ مُسْلِمًا »

(رَوَاهُ أَبُو دَاوُد).

ya’ni: “Musulmon kishi musulmonni qo‘rqitishi halol emas”, - dedilar (Abu Dovud rivoyati). Rivoyat qilinishicha, bir kuni Ibn Abbos r.a. Ka’baning devoriga suyanib turib shunday dedilar: “Ey, Ka’ba! Allohning nazdida hurmating naqadar ulug‘. Lekin, agar men seni yetti marotaba buzib vayron qilganimda ham bitta musulmonga bir marta ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”.

Dinimizda o‘z yurtiga qarshi qurol ko‘targan, musulmonlar jamiyatiga qarshi urush e’lon qilgan, davlat rahbarlariga qarshi bosh ko‘targan toifani bog‘iylar (tajovuzkorlar) deb nomlanadi. Qur’oni karimda ularga qarshi kurashishga amr qilingan:

وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا فَأَصْلِحُوا بَيْنَهُمَا فَإِنْ بَغَتْ إِحْدَاهُمَا عَلَى الْأُخْرَى فَقَاتِلُوا الَّتِي تَبْغِي حَتَّى تَفِيءَ إِلَى أَمْرِ اللَّهِ فَإِنْ فَاءَتْ فَأَصْلِحُوا بَيْنَهُمَا بِالْعَدْلِ وَأَقْسِطُوا

 إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ

سورة الحجرات/9

ya’ni: Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz! Bas, agar ulardan biri, ikkinchisining ustiga tajovuzkorlik qilsa, bas, to (tajovuzkor toifa) Allohning amriga qaytgunicha, sizlar tajovuz qilgan (toifa) bilan urushingiz! Endi agar u (toifa tajovuzkorlikdan) qaytsa, sizlar darhol ularning o‘rtasini adolat bilan tuzatib qo‘ying va adolatli bo‘lingiz! Zero, Alloh adolatlilarni sevar. (Hujurot surasi, 9-oyat).

Darhaqiqat, muhtaram yurtboshimizning xalqparvar siyosati o‘laroq avvalda ana o‘shanday buzg‘unchi oqim va toifalarning ta’siriga tushib qolgan, bugungi kunda adashganligini tushunib yetib chin dildan  pushaymon bo‘lgan fuqarolarga nisbatan avf e’lon qilinmoqda. Ularni jamiyatda o‘z o‘rinlarini topib, sog‘lom hayotga qaytishlariga imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Biroq, adashganligini tan olmay, buzg‘unchi g‘oya va mafkurasidan voz kechmaydigan, ekstremistik oqimlarni qo‘llab quvvatlaydigan toifalarga nisbatan yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek: “bir jaholatga qarshi o‘n ma’rifat” shiori ostida kurash davom etaveradi.  

Muhtaram ahli islom! Din ilmini bilmay turib Islom dini nomidan targ‘ibot va tashviqot qilayotgan har qanday kimsaga ergashib ketaverish yaramaydi. Ayniqsa, zamonaviy elektron vositalari, internet tarmoqlari orqali tarqatilayotgan diniy mavzudagi ma’lumotlarning hammasi ham sof islom g‘oyasiga, bizning aqidamizga to‘g‘ri kelavermaydi. Shuning uchun internet tarmog‘idan foydalanadigan farzandlarimizdan ogoh bo‘laylikki, toki ular ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib, aldanib qolmasinlar.

Diniy ilmi yetarli bo‘lmagan kishining ilmsiz tarzda fatvo berishi ham odamlar orasida tafriqaga sabab bo‘luvchi omillardan biri sanaladi. Diniy ilmi bo‘lmagan kishining olimlikni da’vo qilishi takabburlikdir. Aslida bunday kimsalarni ilmdan gapirishga haqqi yo‘q. Avf ibn Molik r.a.dan rivoyat qilinadi, u kishi: “Odamlarga ilmdan faqat amir, yoki ma’mur, yoki mutakabbir gapiradi”, dedilar (Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati). Ya’ni odamlarga va’z aytishga faqat mutasaddi rahbarning, yoki u tomonidan ijozat berilgan olim kishilarning haqqi bor. Ulardan boshqa kim voizlik qilsa, demak bu uning manmanligidan, o‘ziga bino qo‘yganligidandir.

Muhtaram birodarlar! Quyidagi hadisi sharif bilan so‘zimizga yakun yasaymiz.

عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ لَمْ يَشْكُرِ الْقَلِيلَ،

 لَمْ يَشْكُرِ الْكَثِيرَ، وَمَنْ لَمْ يَشْكُرِ النَّاسَ، لَمْ يَشْكُرِ اللَّهَ، وَالتَّحَدُّثُ بِنِعْمَةِ اللَّهِ شُكْرٌ، وَتَرْكُهَا كُفْرٌ، وَالْجَمَاعَةُ رَحْمَةٌ، وَالْفُرْقَةُ عَذَابٌ (البيهقي في شعب الايمان).

ya’ni: Nu’mon ibn Bashir r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: Kim oziga shukr qilmasa ko‘piga ham shukr qilmaydi. Kim insonlarga shukr qilmasa Allohga ham shukr qilmaydi. Alloh bergan ne’matni gapirish ham shukrdir, gapirmaslik kufrdir. Jamoat rahmat, tafriqa esa, kulfatdir”.

 

Alloh taolo barchalarimizni mehr-oqibatda hayot kechirmog‘imizga muyassar aylab, tafriqaga berilishimizdan o‘zi asrasin. Omin!  

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

13.08.2026   13754   2 min.
“Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

 Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.

“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.

 Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.

 “Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.

“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari