Ummu Umoraning asl ismi Nasiba (Nusayba) binti Ka’b ibn Amr ibn Avf ibn Mabzul Najjoriyya Madaniyyadir. U hammaga ibrat ko‘rsatgan va yaxshilik qilish borasida namuna bo‘lgan ulug‘ sahobiya ayollarning biridir.
Imom Zahabiy rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Bugun Nusayba binti Ka’bning o‘rni falonchi va falonchining o‘rnidan yaxshidir”, deganlarini eshitdim”.
Nusayba binti Ka’b saxovati bilan tanilgan, islom va musulmonlar xizmatida ulkan ishlarni qilgan oilada ulg‘aydi. Akasi Abdulloh ibn Ka’b Moziniy Badr jangida qatnashgan sahobiylardan edi. Yana bir akasi Abdurahmon esa, Tabuk g‘azotidan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga yig‘lab kelgan yetti sahobiyning biri bo‘ldi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, jangga borish uchun birorta ulov topib berishlarini so‘ragan edilar. Rasululloh ularga ulov topib bera olmadilar. Noiloj orqalariga qaytar ekanlar, ko‘zlari yoshlandi. Odamlar ularni “Ko‘z yoshi to‘kuvchilar” deb atagan edi. Shunda ular haqida ushbu oyat nozil bo‘ldi: Shuningdek, sizning huzuringizga ularni ulovli qilib qo‘yishingiz uchun kelganlarida, "sizlarni ulovli qilishga narsa topa olmayman", – dedingiz. Ular esa sarf qilishga narsa topa olmaganlari uchun g‘amgin bo‘lib, ko‘zlaridan yosh oqib qaytib ketdilar. Ularga ham (ta’na yo‘q) (Tavba, 92).
Turmush o‘rtog‘i Zayd ibn Osim ibn Amr Moziniy Najjoriy Islomga birinchilardan bo‘lib kirgan, ikki o‘g‘li Habib va Abdulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari bo‘lish baxtiga erishgan edi. Ummu Umora roziyallohu anho keyinchalik G‘oziyya ibn Amr ibn Atiyya Moziniy Najjoriyga turmushga chiqdi. Undan ikki farzand Tamim va Xavla dunyoga keldi. Alloh taolo har ikkisiga ham hidoyat va ixlos ne’matini berdi.
Uhud jangida Ummu Umora roziyallohu anho bir necha joyidan jarohatlandi. Bu jarohatlarning eng kattasi yelkasidagi Ibn Qomia jarohatlagan og‘ir jarohat edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning jarohatini ko‘rib o‘g‘li Abdullohga onasining jarohatini bog‘lab qo‘yishni buyurdilar va: “Sizdek oilaga Alloh taoloning barakasi bo‘lsin! Onangning maqomi falonchi va falonchilarning maqomidan yaxshi, otangning (o‘gay ota) maqomi falonchi va falonchining maqomidan yaxshi, sening maqoming falonchi va falonchining maqomidan yaxshi, Alloh taolo sizdek oilaga rahm qilsin!” dedilar. Bu gaplarni eshitgan Ummu Umora roziyallohu anho: “Alloh taolodan duo qilib so‘rasangiz, jannatda meni sizga hamroh qilsa!” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Alloh, ularni jannatda menga hamroh qilgin!” deb duo qildilar. Bu duoni eshitgan Ummu Umora roziyallohu anho: “Endi menga dunyoda nima yetsa ham parvo qilmayman” dedi.
Bu sahobiya ayol sabr qilish borasida ham ulug‘ martabalarga erishgan. O‘g‘li Habib o‘ldirilganida Alloh taolodan savob umidida sabr qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni Yamomada payg‘ambarlik da’vosi bilan chiqqan Musaylama kazzobning oldiga yuborgan edilar. Musaylama undan: “Muhammadning (s.a.v.) rasul ekaniga guvohlik berasanmi?” deb so‘radi. Habib: “Ha” dedi. Musaylama: “Mening rasul ekanimga guvohlik berasanmi?” deb so‘radi. Habib: “Gapingni eshitmadim!” dedi. Bir necha bor so‘raganda ham shu javobni olgach, Musaylama uning a’zolarini birma-bir kesib tashladi.
Ummu Umora roziyallohu anho Abu Bakr roziyallohu anhuning oldilariga kelib Musaylama kazzobga qarshi janga ketayotganlar bilan birga borishga izn so‘radi. U zot Xolid ibn Valid roziyallohu anhu bilan maslahatlashib, unga izn berdilar. O‘sha vaqtda oltmish yoshni qoralab qo‘ygan bo‘lsa ham uning qasdu irodasi kuchsizlanmagan edi. Ushbu kundagi jangda o‘n bir joyidan jarohatlansa ham g‘ayrati susaymadi. Ular zafar quchdilar. Ummu Umora roziyallohu anho xalifalar davrida o‘ziga loyiq martabada hayot kechirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu bu ayolning ziyoratiga kelar va ba’zi masalalarda maslahatlashib turardilar. Umar roziyallohu anhu ham bu ayolning hurmatini joyiga qo‘yar edilar. Sahobiya hijratning o‘n uchinchi yili Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrida vafot etdi. Alloh undan rozi bo‘lsin!
Manbalar asosida Dilfuza RAHIMOVA tayyorladi.
Shu yil, 12 may kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikromov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda "Haj – 2024" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi a’zolari uchun Namangan viloyati Yangi Namangan tumanidagi “Imom Buxoriy“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Yangi Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish;
ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Yangi Namangan tumanida faoliyat olib bordi.
Shuningdek Ishchi guruh a’zolari Yangi Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati