Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Aprel, 2026   |   12 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:54
Quyosh
05:22
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:23
Xufton
20:45
Bismillah
30 Aprel, 2026, 12 Zulqa`da, 1447

Hamma gap qanday qarashda

03.07.2017   10327   2 min.
Hamma gap qanday qarashda

Bir zamonlar bir ko‘zi g‘ilay va bir oyog‘i kalta podshoh bo‘lgan ekan. Kunlarning birida u barcha rassomlarni chaqirtirib o‘z suratini jismoniy nuqsonlarini yashirgan holda chizishni buyuribdi. Lekin rassomlarning birortasi bunga rozi bo‘lmabdi. Ular o‘zaro “Bir ko‘zi g‘ilay va bir oyog‘i kalta podshohni sog‘lom ko‘z va oyoqli qilib tasvirlash yolg‘on manzara bo‘ladi, biz bunday ishga qo‘l urmaymiz”, deyishibdi va har xil bahonalar bilan shohga o‘z uzrlarini izhor qilibdi. Ammo bir rassom bunga rozi bo‘lib, barcha musavvirlarni hayratga solibdi.

Haqiqatan, u podshohning nuqsonsiz rasmini juda ham chiroyli tasvirlabdi.

Suratda podshoh ov miltig‘ini ushlab kiyikni nishonga olayotgan holatda edi. Bunday choqda tabiyki, ovchi bir ko‘zini yumib olgan hamda bir oyog‘ini bukib yerga tayanib turgan bo‘ladi. Mahoratli rassom suratda podshohning g‘ilay ko‘zi va cho‘loq oyog‘ini shu holatda yashira oldi. Boshqa hamkasblari uning mahorati va ziyrakligi oldida bosh egdi va tasannolar aytdi. Chunki u odamlarga ayblov ko‘zi bilan emas, balki ijobiy ko‘z bilan qarab, uni benuqson suratda tasvirlay olgan edi.

Bizning ham atrofimizdagi odamlarning ba’zi kamchiliklari ko‘zga tashlanishi mumkin. Lekin biz ular haqida gapirganimizda bu kamchiliklarni yashirishimiz va yaxshi tarafga yo‘yishimiz darkor. Chunki inson xatodan xoli emas. Undan tashqari, odamlarning ba’zi qilayotgan ishlariga uning haqiqatini bilmasdan, zohiriga qarab baho berish bilan noo‘rin ayblab qo‘yib, so‘ng pushaymon bo‘lishimiz mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqida: «Zinhor va zinhor badgumon bo‘lmanglar. Chunki badgumonlik so‘zning eng yolg‘onidir», deganlar. Oyati karimada ham Alloh taolo: «Ey mo‘minlar, ko‘p gumonlardan chetlaninglar! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmanglar va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin», degan (Hujurot, 12).

Demak, o‘zgalardagi aniq ko‘rinib turgan ayblarni gapirishimiz g‘iybat, aniq bo‘lmagan kamchilik yoki ayblarni aytishimiz badgumonlik, asli bo‘lmagan aybni aytish esa bo‘hton va tuhmat bo‘lar ekan. Shunday ekan, boshqalar haqida gapirganimizda tilimizga ehtiyot bo‘laylik va faqat ularning yaxshi tarafini tilga olaylik.

Sh.CHO‘LPONOV,

Toshkent islom institutining “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

ENG YAXSHI ARAB TILI O‘QITUVCHISI HAJ YO‘LLANMASI BILAN TAQDIRLANDI

28.04.2026   4763   1 min.
ENG YAXSHI ARAB TILI O‘QITUVCHISI HAJ YO‘LLANMASI BILAN TAQDIRLANDI

Bugun, 28 aprel kuni Surxondaryodagi Imom Termiziy madrasasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi Arab tili va balog‘ati fani o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.  Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Husanboy Qirg‘izov, viloyat hokimi o‘rinbosari Abdurasul Abdurahmonov, viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev, shuningdek, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi. 

Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi. 

Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi: 

1-o‘rinni "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Karamatdin domla Najimatdinov egalladi. U 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.

2-o‘rin sohibi bo‘lgan Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Komilxon domla Boqiyev 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.

3-o‘ringa sazovor bo‘lgan "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi A’zam domla Saminovga esa 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi. 

Shuningdek, "Xadichai Kubro" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Mohira Nigmatova tanlovning faol ishtirokchisi deb topilib, diplom va smart televizor bilan taqdirlandi. 

Qolgan ishtirokchilarga ham faxriy yorliq va qimmatbaho hadyalar berildi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.  

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari