Oqshomda ona bolalariga dars tayyorlashda yordam bermoqqa chog‘landi. Ularga xalaqit qilmasin uchun to‘rt yoshli o‘g‘lini nimagadir mashg‘ul qilib qo‘yish maqsadida uning qo‘liga qalam va qog‘oz berdi. So‘ng qolganlariga xotirjam yordamlashmoqchi edi hamki, qaynotasiga kechki ovqatni bermagani yodiga tushdi.
Qaynota hovli chekkarog‘idagi xonada yashar, kasalligi bois tashqariga kam chiqardi. Ayol imkon qadar qaynotasining xizmatini qilar, eri ham uning xizmatidan rozidek edi. Ayol o‘rnidan turib, otaning kechki ovqatini olib borib berdi va biror ehtiyoji bo‘lsa chaqirishi mumkinligini aytib bolalari yoniga qaytdi. Kichkina o‘g‘lining g‘ayrat qilib nimalarnidir chizayotganini ko‘rib:
– Nima chizding? – deya erkalatib so‘radi.
O‘g‘li onasining gapiga javoban qo‘lidagi qog‘ozni ko‘rsatdi. Qog‘oz yumaloq, to‘rtburchak shakllarga to‘la edi.
Ona:
– Bu nima? – dedi.
Bola:
– Katta bo‘lsam men o‘zim yashaydigan uy xonalarini chizdim, – dedi. Keyin har bir shaklni “Bu oshxona, u yerda ovqatlanaman, bunisi yotoqxona, u yerda uxlayman, bunisi mehmonxona...” deya bir-biriga tutash bo‘lgan shakllarni birma-bir tushuntira ketdi.
Ona qog‘oz chekkasida, boshqalaridan alohida va kichik qilib chizilgan shaklga e’tibor qilib:
– Bu qanday xona, nega uni boshqa xonalardan ajratib qo‘yding? – dedi.
Bola:
– U sizning xonangiz, u yerda siz bobomdek katta bo‘lganingizda yashaysiz, – dedi.
Bu gap onaning qulog‘iga chaqmoqdek urildi, qalbini larzaga soldi.
Ertasi kuni birinchi qilgan ishi mehmonlar uchun bezatilgan xonaga qaynotasini ko‘chirib o‘tkazish bo‘ldi. Kechqurun ishdan qaytgan eri bu holni ko‘rib, hayratlanib, nima gapligini so‘radi. Xotini “Qariganimizda yashash uchun joy hozirlayapman”, dedi. Er gap nimadaligini tushunib, mamnuniyat ila kulib qo‘ydi.
Arab tilidan Sh.CHO‘LPONOV tarjimasi
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Kulol-Qo‘rg‘on" jome masjidi imom noibi Bahodir domla Muhammadiyev O‘zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya doirasidagi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovida g‘olib deb topildi.
Imom-domlamizning ilmiy faoliyati, ta’lim sohasidagi tashabbuslari hamda fidokorona mehnatlari yuqori baholanib, u kishi «Buyuk xizmat – Oliy sharaf» xalqaro esdalik va sharaf nishonlari hamda maxsus guvohnoma bilan taqdirlandilar.
Bahodir domlani ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy qutlaymiz!
Alloh taolo domlamizning ilmlarini bundan-da ziyoda qilsin, dinimiz va el-yurtimiz rivoji yo‘lidagi ijodiy va ilmiy faoliyatlariga baraka bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati