Ilohi, lutf qil hasratli soat
Habibingdin nasib etgil shafoat.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoat qilishlari haqida ko‘plab hadisi shariflar kelgan:
عَنْ عَوْفِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ قَالْ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَى اللهُ عَلَيهِ وَ سَلَّمَ: أَتَانِي آتٍ مِنْ عِنْدِ رَبِّي فَخَيَّرَنِى بَيْنَ أَنْ يَدْخُلَ نِصْفُ أُمَّتِي الْجَنَّةَ وَ بَيْنَ الشَّفَاعَةِ فَاخْتَرْتُ الشَّفَاعَةَ وَ هِىَ لِمَنْ مَاتَ لاَ يُشْرِكُ بِاللهِ شَيْئًا رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Avf ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga Robbimning huzuridan bir kelguvchi keldi va ummatimning yarmi jannatga kirishini yoki shafoatni tanlashimni so‘radi. Bas, men shafoatni tanladim. U Allohga hech narsani shirk keltirmay vafot etgan kishi uchundir”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasalam xabar bergan ana shu shafoatni ulamolar sakkiz turga ajratganlar:
1. Barcha Payg‘ambarlar orasidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xos qilib berilgan ulkan shafoat. Qur’oni karimda ushbu shafoatga ishora kelgan:
“Shoyadki, Robbing seni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa” [1].
Oyati karimada zikr qilingan “maqtovli maqom”ni jumhur ulamolar Payg‘ambarimizga beriladigan qiyomat kunidagi ulkan shafoat deyishgan.
2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib qolgan qavmlarni jannatga kirishlari uchun qiladigan shafoatlari. Ba’zilar bu shafoat to‘g‘risida Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ham, u zotdan boshqadan ham sahih xabar kelmagan deyishgan. Ba’zilar esa ushbu oyatni keltirishgan:
“A’rof (arasot) uzra (jannat va do‘zaxdagilarning) har birini siymolari (alomatlari)dan tanib oladigan kishilar (bo‘lur)” [2].
Yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib qolgan kishilar bir tafsirga ko‘ra ushbu oyati karimaning umumiy ma’nosiga kiradilar. Ya’ni, yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib o‘rtada turib qolgan kishilar Rasulullohning shafoatlari bilan jannatga kiradilar, deyishgan.
3. Ba’zi ummatlarining do‘zaxga kirmasliklari uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umumiy qilib aytgan quyidagi so‘zlaridir:
عَنْ جَابِرِ بنِ عَبْدِ الله قال: قال رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَفَاعَتِي لاِهْلِ الكَبَائِرِ مِنْ أُمّتِي رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan ahli kaboirlarga shafoatim bordir”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Shuningdek, do‘zaxga kirgan ba’zi kimsalarning u zotning shafoatlari sababli undan chiqarilishi haqida ham rivoyatlar kelgan:
حَدَّثَنَا عِمْرَانُ بْنُ حُصَيْنٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَخْرُجُ قَوْمٌ مِنْ النَّارِ بِشَفَاعَةِ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ يُسَمَّوْنَ الْجَهَنَّمِيِّينَ رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Bizlarga Imron ibn Husayn roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitganini gapirib berdi: “Bir qavm Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari sababli do‘zaxdan chiqib, jannatga kiradilar, “jahannamiylar” deb nomlanadilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Imom Muslim Abu Said roziyallohudan qilgan rivoyatda: “Ular (ya’ni, jahannamiylar deb nom olganlar) Allohga duo qiladilar, Alloh ulardan ushbu ismni ketkazadi”, deyilgan.
4. Jannatga kirganlarni amallarining savoblari taqozo qilgan darajadan yuqori darajaga ko‘tarish uchun qiladigan shafoatlari. Bunga ushbu hadis dalildir:
عَنْ أُمّ سَلَمَةَ قَالَتْ: دَخَلَ رَسُولُ اللّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَىَ أَبِي سَلَمَةَ وَقَدْ شَقّ بَصَرُهُ فَأَغْمَضَهُ ثُمّ قَالَ: إِنّ الرّوحَ إِذَا قُبِضَ تَبِعَهُ الْبَصَرُ فَضَجّ نَاسٌ مِنْ أَهْلِهِ فَقَالَ: لاَ تَدْعُوا عَلَىَ أَنْفُسِكُمْ إِلاّ بِخَيْرٍ فَإِنّ الْمَلاَئِكَةَ يُؤَمِّنُونَ عَلَىَ مَا تَقُولُونَ ثُمّ قَالَ: اللّهُمّ اغْفِرْ لأَبِي سَلَمَةَ وَارْفَعْ دَرَجَتَهُ فِي الْمَهْدِيّينَ وَاخْلُفْهُ فِي عَقِبِهِ فِي الْغَابِرِينَ وَاغْفِرْ لَنَا وَلَهُ يَا رَبّ الْعَالَمِينَ. وَافْسَحْ لَهُ فِي قَبْرِهِ وَنَوّرْ لَهُ فِيهِ رواهُ مُسْلمٌ
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Salamaning yoniga kirdilar. Uning ko‘zi bir tomonga qarab qolgan edi, uni yopib qo‘ydilar. So‘ngra: “Qachon ruh qabz qilinsa ko‘z unga ergashadi”, dedilar. Uning yaqinlari yig‘lab yuborishdi. U zot: “O‘zlaringizga faqat yaxshi narsani tilanglar, albatta farishtalar aytayotgan narsalaringizga omiyn deb turadilar”, dedilar. So‘ngra: “Ey Allohim, Abu Salamani mag‘firat qilgin, uning darajasini hidoyat qilinganlar holatida ko‘targin, unga ahlidan o‘rinbosarlar qilgin, ey olamlar Robbisi bizni ham, uni ham kechirgin. Unga qabrini keng va nurli qilib bergin”, dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.
5. Ba’zi qavmlarni jannatga hisobsiz kirishlari uchun qiladigan shafoatlari. Bu haqida quyidagi hadisda xabar berilgan:
عَنْ الزُّهْرِيِّ قَالَ حَدَّثَنِي سَعِيدُ بْنُ الْمُسَيَّبِ أَنَّ أَبَا هُرَيْرَةَ حَدَّثَهُ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مِنْ أُمَّتِي زُمْرَةٌ هُمْ سَبْعُونَ أَلْفًا تُضِيءُ وُجُوهُهُمْ إِضَاءَةَ الْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ وَقَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ فَقَامَ عُكَّاشَةُ بْنُ مِحْصَنٍ الْأَسَدِيُّ يَرْفَعُ نَمِرَةً عَلَيْهِ فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ ادْعُ اللَّهَ أَنْ يَجْعَلَنِي مِنْهُمْ قَالَ اللَّهُمَّ اجْعَلْهُ مِنْهُمْ ثُمَّ قَامَ رَجُلٌ مِنْ الْأَنْصَارِ فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ ادْعُ اللَّهَ أَنْ يَجْعَلَنِي مِنْهُمْ فَقَالَ سَبَقَكَ بِهَا عُكَّاشَةُ رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Zuhriydan rivoyat qilinadi: menga Sa’id ibn Musayyab gapirib berdi, unga Abu Hurayra gapirib bergan ekan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Jannatga mening ummatimdan yuzlaridan nur balqib turgan bir guruh kiradi. Ular yetmish mingtadir. Ularning yuzlari to‘lin oy kechasidagi oyning ziyosidek nur taratib turadi”, deyayotganlarini eshitdim. Abu Hurayra: Shunda Ukkosha ibn Mihson Asadiy ustidagi chakmonini ko‘tarib sakrab o‘rnidan turdi va: ey Allohning Rasuli, meni o‘shalardan qilishini so‘rab Allohga duo qiling, dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ey Allohim uni o‘shalardan qilgin”, dedilar. So‘ngra ansorlardan bo‘lgan bir kishi o‘rnidan turib: ey Allohning Rasuli meni o‘shalardan qilishini so‘rab Allohga duo qiling, dedi. U zot: “Uni Ukkosha sendan oldin qo‘lga kiritib bo‘ldi”, dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
6. Azobga giriftor bo‘lganlarning azoblarini yengillatish uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili ushbu hadisdir:
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَذُكِرَ عِنْدَهُ عَمُّهُ أَبُو طَالِبٍ فَقَالَ لَعَلَّهُ تَنْفَعُهُ شَفَاعَتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَيُجْعَلُ فِي ضَحْضَاحٍ مِنْ النَّارِ يَبْلُغُ كَعْبَيْهِ يَغْلِي مِنْهُ أُمُّ دِمَاغِهِ رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudanrivoyat qilinadi u Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida amakilari Abu Tolib zikr qilindi. U zot: “Shoyadki qiyomat kunida unga mening shafoatim naf bersa, u olovning chuqur bo‘lmagan, ikki to‘pig‘igagina yetib turadigan sayoz joyiga qo‘yiladi. O‘sha joy sababli bosh miyasining pardasi qaynab turadi”, dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
7. Barcha mo‘minlarga jannatga kirish izni berilishi uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili ushbu hadisdir:
عَنْ أَنَسٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَا أَوَّلُ شَافِعٍ فِى الْجَنَّةِ رَوَاهُ الدَّارِمِىُّ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men jannatga erishish uchun avvalgi shafoatchiman”, dedilar”. Dorimiy rivoyat qilgan.
Ya’ni, insonlarning jannatga kirishlari uchun avvalgi shafoatchidirlar.
8. Gunohi kabira qilgan ummatlari uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili ushbu hadisdir:
عَنْ جَابِرِ بنِ عَبْدِ الله قال: قال رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَفَاعَتِي لاِهْلِ الكَبَائِرِ مِنْ أُمّتِي رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimdan ahli kaboirlarga shafoatim bordir”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
So‘fi Ollohyor bobomiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlarini so‘rab duo qilishni shunday ta’lim bergan:
Ilohi, lutf qil hasratli soat
Habibingdin nasib etgil shafoat.
* * *
Ayurma yaxshilarni(ng) orasidin
Yirog‘ etma habibing qorasidin.
Ya’ni, ey, Robbimiz, qiyomat kunidagi hasratli vaqtlarda bizlarni Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlaridan bahramand etgin, yaxshi zotlar bilan birga qilgin, o‘sha kunda bizlarni Muhammad alayhissalomdan yonlaridan aslo ayirmagin.
Alloh taolo barchalarimizni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlaridan bahramand bo‘lish baxtiga muvaffaq qilsin.
Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.
Abdulqodir Abdur Rahim
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati