Hayotimiz shunday ajoyib kunlarga boy bo‘lmoqdaki, quloqqa yoqadigan chiroyli xabarlar eshitishga, hatto o‘shanday yoqimli xabarlarni kutishga ham odatlanib qoldik. Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsin! Ana shu ruhdagi yangiliklarni bayram kunlarida eshitsangiz, uning jozibasi o‘zgacha bo‘ladi, albatta.
Ramazon hayiti kuni Jizzax shahrida “Xo‘ja Nuriddinhoji” jome masjidining yangi binosi ochildi.
Masjidning ochilish marosimi muborak oyning qutlug‘ daqiqalariga to‘g‘ri kelib, fazilatli hayit namozining shu yerda ado etilganidan shahar aholisi ham, bu voqeani eshitgan boshqa yurtdoshlarimiz ham g‘oyat mamnun bo‘ldi.
Zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ma’rifat maskani jizzaxliklarga munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.
Yangi masjidning ochilish tantanasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov ishtirok etib, shahar ahlini Ramazon bayrami bilan tabrikladi va shunday shinam masjidga yetishgani bilan qutladi.
Moviy gumbazli “Xo‘ja Nuriddinhoji” masjidi xursandchilik kayfiyatiga burkangan namozxonlarga to‘ldi.
Ramazon hayiti shukuhidan ruhlangan yurtdoshlarimiz Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda muhtaram Prezidentimizning mamlakatimiz sharafini yanada yuksaltirish yo‘lidagi sa’y-harakatlariga barakalar tilab duoyi xayrlar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi
Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.