Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2026   |   11 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:06
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:21
Bismillah
25 Iyul, 2026, 11 Safar, 1448

Hayit shukuhi

27.06.2017   108951   2 min.
Hayit shukuhi

    Bolaligim xotiralari

Eslayman. Yosh bola edik. Opa-singillar, qo‘shni hamtenglar – hammamiz bolalik o‘yinlarining birortasini begona qilmaganmiz. Har bir bayramni-ku asti so‘ramang. Bir-ikki hafta oldin kiyimlar oldirib, yoki onajonimizga tiktirib, har kuni kamida 2-3 marta ko‘ylaklarimizni kiyib ko‘rib, rosa zavqlanardik: shodligimizning cheki bo‘lmasdi. Ayniqsa, hayit bayramlarining shukuhi o‘zgacha edi. Xonadonimizning kattalari bizni pul, shirinliklar, har xil sovg‘a-salomlar bilan siylashardi. O‘sha kuni onamning onalari – Zulfin momomning tashriflari bir quvonchimizga o‘n quvonch qo‘shardi. Boshlarida yengli jelak bo‘lardi,  uni qand-qursga to‘ldirib kelardilar. Muzqaymoq olib yenglar, deb pul ham berardilar rahmatli momojonim. Kechqurun katta so‘rida joy hozirlab, bayramona dasturxon tuzalardi. Hammamiz dasturxon atrofida o‘tirib, tansiq taomlar tanovul qilib, momom aytgan ramazon va qurbon hayiti she’rlarini miriqib tinglardik. Mana o‘sha she’rlardan esimda qolganlari:

Mohi Ramazon,

Aziz,  jonajon.

Sen kelganing on,

Quvonch bir jahon.

Yilda bir emas,

Ko‘proq kelsayding.

Bizga yoqishing,

Koshki bilsayding.

Mohi Ramazon,

Aziz, jonajon.

Qurbon hayitiga atalgan mana bu she’r ham hamon yodimda:

Qurbon hayit, qurbon hayit,

Dasturxoni to‘kin bu iyd.

Yo‘qlovlaring yana boyit,

Yuraklardan g‘amni arit,

Qurbon hayit, qurbon hayit.

Momojonimning tillaridan to‘kilgan bu durlar xalq og‘zaki ijodidanmi yoki o‘zlarining ijodlaridanmi bilmadimu, bu misralar xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan.

Yillar o‘tdi. Kattarganimda negadir bu bayramni nishonlamay, sayllarga chiqmay qo‘ydik. Sababi esa ayon.

Istiqlol bizga o‘sha – bolalik shodliklarimizni qaytarib berdi. Bolalarimga, nabiramga hayitlik ulashar ekanman, ko‘nglimda o‘sha orziqish, o‘sha xotirotlar qayta tiklanadi. Ilohim, mening yuragimda yashayotgan hayit shukuhi endi farzandlarim, nabiralarim qalbida o‘zining baland bo‘yini ko‘rsatsin.

                                                                                Zebo OMONOVA

 

 

Boshqa maqolalar

Suv ichishdagi 5 sunnat

23.07.2026   7701   1 min.
Suv ichishdagi 5 sunnat

1. Bismillohni aytish.

2. O‘ng qo‘lda ichish.

3. Dam olib, (idishning tashqarisida) nafas olib, uchga bo‘lib ichish.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ichimlikda uch marta nafas olar edilar” (Imom Muslim rivoyati).

4. O‘tirib ichish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz tik turib ichmasin”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Doktor Abdurazzoq Kilyaniy aytadi: “Suvni o‘tirib ichish sog‘liq uchun foydalidir. Bunda insonning oshqozoni tinch va bo‘shashgan holatda bo‘ladi, bu esa o‘z navbatida suvni oshqozonga hech qanday to‘siqlarsiz to‘g‘ri kelib tushishini ta’minlaydi. O‘tirib ichilganda suv avval oshqozonga tushib, kislotali muhit bilan qorishadi, so‘ngra organizmdagi mikroblarni tozalaydi va o‘n ikki barmoq ichakka o‘tadi. Bu inson organizmini turli kasalliklardan himoyalanashiga sabab bo‘ladi. Inson tik turib suv ichganda esa, suv to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘n ikki barmoq ichakka o‘tib ketadi. Bu inson salomatligi uchun zararlidir”.

5. Ichib bo‘lgach, Allohga hamd aytish.

“Albatta, Alloh taolo banda taom yeb Unga hamd aytganidan, ichimlik ichib, Unga hamd aytganidan rozi bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD