Bolaligim xotiralari
Eslayman. Yosh bola edik. Opa-singillar, qo‘shni hamtenglar – hammamiz bolalik o‘yinlarining birortasini begona qilmaganmiz. Har bir bayramni-ku asti so‘ramang. Bir-ikki hafta oldin kiyimlar oldirib, yoki onajonimizga tiktirib, har kuni kamida 2-3 marta ko‘ylaklarimizni kiyib ko‘rib, rosa zavqlanardik: shodligimizning cheki bo‘lmasdi. Ayniqsa, hayit bayramlarining shukuhi o‘zgacha edi. Xonadonimizning kattalari bizni pul, shirinliklar, har xil sovg‘a-salomlar bilan siylashardi. O‘sha kuni onamning onalari – Zulfin momomning tashriflari bir quvonchimizga o‘n quvonch qo‘shardi. Boshlarida yengli jelak bo‘lardi, uni qand-qursga to‘ldirib kelardilar. Muzqaymoq olib yenglar, deb pul ham berardilar rahmatli momojonim. Kechqurun katta so‘rida joy hozirlab, bayramona dasturxon tuzalardi. Hammamiz dasturxon atrofida o‘tirib, tansiq taomlar tanovul qilib, momom aytgan ramazon va qurbon hayiti she’rlarini miriqib tinglardik. Mana o‘sha she’rlardan esimda qolganlari:
Mohi Ramazon,
Aziz, jonajon.
Sen kelganing on,
Quvonch bir jahon.
Yilda bir emas,
Ko‘proq kelsayding.
Bizga yoqishing,
Koshki bilsayding.
Mohi Ramazon,
Aziz, jonajon.
Qurbon hayitiga atalgan mana bu she’r ham hamon yodimda:
Qurbon hayit, qurbon hayit,
Dasturxoni to‘kin bu iyd.
Yo‘qlovlaring yana boyit,
Yuraklardan g‘amni arit,
Qurbon hayit, qurbon hayit.
Momojonimning tillaridan to‘kilgan bu durlar xalq og‘zaki ijodidanmi yoki o‘zlarining ijodlaridanmi bilmadimu, bu misralar xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan.
Yillar o‘tdi. Kattarganimda negadir bu bayramni nishonlamay, sayllarga chiqmay qo‘ydik. Sababi esa ayon.
Istiqlol bizga o‘sha – bolalik shodliklarimizni qaytarib berdi. Bolalarimga, nabiramga hayitlik ulashar ekanman, ko‘nglimda o‘sha orziqish, o‘sha xotirotlar qayta tiklanadi. Ilohim, mening yuragimda yashayotgan hayit shukuhi endi farzandlarim, nabiralarim qalbida o‘zining baland bo‘yini ko‘rsatsin.
Zebo OMONOVA
Musulmon mamlakatda istiqomat qilayotgan boshqa din vakili o‘sha yurtda yashayotgan musulmon aholi bilan bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘ladi.
Musulmon davlati eng avvalo boshqa din vakillari mamlakat ichida va tashqarisida tinch hayot kechirishlari uchun ularni ichki hujum va tashqi jabr-zulumdan muhofaza etmoqligi shart.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “(Aybsiz) zimmiyni o‘ldirgan kishi jannatning hidini hidlamas. Jannatning hidi esa qirq yillik masofadan ham kelib turadi[1]”.
Ushbu hadisda kofir bo‘lsa ham, inson joni Islom nazdida qanchalik qadr-qiymatga ega ekani ko‘rinib turibdi.
Hadisi sharifda “g‘ayridinni o‘ldirish”ning oqibati qandoq bo‘lishi ajoyib o‘xshatish ila vasf qilingan. Mazkur jinoyatni qilgan odam jannatning hidini ham hidlamaydi.
Jannatga kirish, undagi xushbo‘y mushku anbarlardan hidlab, lazzat olish u yoqda tursin, jannatning umumiy hidini ham hidlay olmaydi. Yaqiniga yo‘lay olmaslik qay darajada bo‘ladi? Bundoq jinoyat qilgan odam jannatdan qirq yillik yo‘l yurish masofasidan ham uzoqroqda bo‘ladi. Chunki jannatning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi.
Bas, shundoq ekan, har bir mo‘min musulmon o‘zi bilan tinch-totuvlikda yashamoqchi bo‘lgan har bir g‘ayridinning hurmatini joyiga qo‘yishi, unga zinhor yomonlik qilmasligi zarur.
Ushbu hadisni Anvar Shoh Kashmiriy o‘zining “Fayz al-Boriy” kitobida sharhlab, quyidagilarni keltirib o‘tadilar: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida keltirib o‘tilgan hadislarining eng asosiy mazmuni shundan iboratki, musulmonni o‘ldirish – ulkan gunoh, bu jirkanch ishni sodir etish kufrga olib borishligi va do‘zahda abadiy azob bo‘lishligi yaxshi ma’lum. Huddi shuningdek boshqa din vakilini o‘ldirish ham yuqoridagi kabi ulkan azoblarga sabab bo‘ladi”[2].
“The Fatwa on Terrorism and Suicide Bombings” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi