Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2026   |   3 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
04:59
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2026, 3 Safar, 1448

Hayit shukuhi

27.06.2017   108761   2 min.
Hayit shukuhi

    Bolaligim xotiralari

Eslayman. Yosh bola edik. Opa-singillar, qo‘shni hamtenglar – hammamiz bolalik o‘yinlarining birortasini begona qilmaganmiz. Har bir bayramni-ku asti so‘ramang. Bir-ikki hafta oldin kiyimlar oldirib, yoki onajonimizga tiktirib, har kuni kamida 2-3 marta ko‘ylaklarimizni kiyib ko‘rib, rosa zavqlanardik: shodligimizning cheki bo‘lmasdi. Ayniqsa, hayit bayramlarining shukuhi o‘zgacha edi. Xonadonimizning kattalari bizni pul, shirinliklar, har xil sovg‘a-salomlar bilan siylashardi. O‘sha kuni onamning onalari – Zulfin momomning tashriflari bir quvonchimizga o‘n quvonch qo‘shardi. Boshlarida yengli jelak bo‘lardi,  uni qand-qursga to‘ldirib kelardilar. Muzqaymoq olib yenglar, deb pul ham berardilar rahmatli momojonim. Kechqurun katta so‘rida joy hozirlab, bayramona dasturxon tuzalardi. Hammamiz dasturxon atrofida o‘tirib, tansiq taomlar tanovul qilib, momom aytgan ramazon va qurbon hayiti she’rlarini miriqib tinglardik. Mana o‘sha she’rlardan esimda qolganlari:

Mohi Ramazon,

Aziz,  jonajon.

Sen kelganing on,

Quvonch bir jahon.

Yilda bir emas,

Ko‘proq kelsayding.

Bizga yoqishing,

Koshki bilsayding.

Mohi Ramazon,

Aziz, jonajon.

Qurbon hayitiga atalgan mana bu she’r ham hamon yodimda:

Qurbon hayit, qurbon hayit,

Dasturxoni to‘kin bu iyd.

Yo‘qlovlaring yana boyit,

Yuraklardan g‘amni arit,

Qurbon hayit, qurbon hayit.

Momojonimning tillaridan to‘kilgan bu durlar xalq og‘zaki ijodidanmi yoki o‘zlarining ijodlaridanmi bilmadimu, bu misralar xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan.

Yillar o‘tdi. Kattarganimda negadir bu bayramni nishonlamay, sayllarga chiqmay qo‘ydik. Sababi esa ayon.

Istiqlol bizga o‘sha – bolalik shodliklarimizni qaytarib berdi. Bolalarimga, nabiramga hayitlik ulashar ekanman, ko‘nglimda o‘sha orziqish, o‘sha xotirotlar qayta tiklanadi. Ilohim, mening yuragimda yashayotgan hayit shukuhi endi farzandlarim, nabiralarim qalbida o‘zining baland bo‘yini ko‘rsatsin.

                                                                                Zebo OMONOVA

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qur’on va tajvid kurslari xodimlari uchun navbatdagi onlayn dars

16.07.2026   5534   1 min.
Qur’on va tajvid kurslari xodimlari uchun navbatdagi onlayn dars

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan respublikamizdagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslari faoliyatini yanada takomillashtirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.


Ana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi sifatida Diniy idoraning “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi tomonidan o‘quv kurslari o‘qituvchilari hamda mas’ul xodimlari uchun silsilaviy onlayn darslar muntazam tashkil etib kelinmoqda. 


Bugun, 16 iyul kuni navbatdagi masofaviy dars mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. «Zoom» platformasi orqali tashkil etilgan ushbu darsda bo‘lim boshlig‘i Shayx Ali Fayzulloh Maxdum “Qur’oni karim shafoati” kitobi asosida ilmiy-ma’rifiy ma’ruza qildi.


E’tiborli jihati, mazkur silsilaviy darslarda faol ishtirok etgan va dasturlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan tinglovchilarga kelgusida ushbu kitob bo‘yicha maxsus ijoza (ruxsatnoma) berilishi rejalashtirilgan.


Bu kabi tizimli darslar diyorimizda muqaddas Qur’on ilmlarini keng yoyish hamda ustoz va murabbiylarning kasbiy mahoratini oshirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Qur’on va tajvid kurslari xodimlari uchun navbatdagi onlayn dars Qur’on va tajvid kurslari xodimlari uchun navbatdagi onlayn dars
O'zbekiston yangiliklari