Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh subhanahu va taologa hamdlar, Payg‘ambarimizga salavotlar bo‘lsin!
Alloh subhanahu va taolo qanday go‘zal xulqni yaratgan bo‘lsa, shubhasiz bu go‘zal xulqlarni egallashda eng oliy namuna Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar. Jumladan, yaxshi er bo‘lishlik ham go‘zal xulqlardandir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Yaxshilaringiz ahliga yaxshilaringizdir. Men ahliga yaxshingizman. Qachon sohibingiz vafo qilsa, uni tek qo‘yinglar», - dedilar».
Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning birinchi ayollari Xadija roziyallohu anho ekanlari barchaga ma’lum, ular birgalikda 25 yildan ortiq birga hayot kechirdilar. Uning ko‘p qismi Islomdan oldin o‘tdi. Ana shu vaqt mobaynida Muhammad alayhissalom er sifatida ro‘zg‘orni o‘zlari tebratdilar. Vaholanki, Xadija roziyallohu anho boy ayol edilar. Qachonki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Payg‘ambar bo‘lganlaridan so‘ng Xadija roziyallohu anho o‘z ixtiyorlari bilan Islomga xizmat qilish uchun mol-mulkim Allohning yo‘lida sarf bo‘lsin, siz da’vat ishi bilan mashg‘ul bo‘ling, dedilar.
Xadija onamiz vafot qilgan yili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari ham vafot etib, bu ikki musiybat musulmonlarni ko‘p mahzun qildi. Shuning uchun ham bu yil «Mahzunlik yili» deb ataldi. Shuning o‘zidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Xadija onamiz roziyallohu anhoga nisbatan naqadar muhabbatli ekanlarini bilish mumkin.
Xadija onamiz roziyallohu anho vafot qilganlaridan so‘ng ham Payg‘ambarimiz alayhissalom u kishining dugonalarini ikrom qilar edilar. Bir muhabbat bo‘lsa, shunchalik bo‘lar!
Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam Xadija onamiz haqlarida ko‘p gapirganlaridan onalarimiz roziyallohu anhunnaning rashklari kelgan vaqtlar ham bo‘lar edi. Shunday kunlarning birida Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga «Buncha o‘sha kampirni gapirdingiz?! Alloh undan yaxshisini berdi-ku», deya o‘zlariga ishora qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni «Alloh menga undan yaxshisini bermadi! Alloh menga faqat undan farzand berdi. Odamlar kufr keltirganlarida Xadija menga iymon keltirdi» degan ma’nodagi gaplari bilan rad qildilar. Bu ham u zot alayhissalomni Xadija onamizga bo‘lgan muhabbatlaridan darakdir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam namunali er sifatida ayollariga a’lo darajada muomala qilar edilar. Hatto ba’zida biroz ko‘ngil buzilishiga sabab bo‘ladigan voqealar sodir bo‘lsa ham Nabiy alayhissalom ularni avf qilib, chiroyli yechim topar edilar.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ba’zi ayollari huzurida edilar. Mo‘minlarning onalaridan birlari o‘z xodimlaridan bir idishda taom solib yubordilar. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyida turgan (ayol) xodimning qo‘liga urdi. Idish tushib, ikkiga bo‘lindi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam idishning ikki bo‘lagini bir-biriga qo‘shib jamlab, unga taomni yig‘a boshladilar va «Onangiz rashk qildi», - dedilar.
So‘ngra u zot xizmatchini ham, idishni ham toki u zot uyida turganning huzuridan idish keltirguncha, tutib turdilar. Bas, butun idishni singanga va singan idishni sindirganga berdilar».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhi hazratlari mazkur hadisning sharhida taom yuborgan kishi Sofiya onamiz, idishni sindirgan kishi Oisha onamiz ekanliklarini aytganlar.
Albatta, bu kabi rashk qilish holatlari tabiiy, insonga xos. Shuning uchun bu Oisha onamizga malomat hisoblanmaydi. Lekin bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning muomalalari nihoyatda e’tiborga molik. U zot alayhissalom «Onangiz rashk qildi» deb bu holatni izohladilar xolos...
Albatta, rahbarlik juda mas’uliyatli ish. Bitta oilaga rahbarlik qilishning o‘zi naqadar mashshaqqat. Agar u bir mahalla, shahar yoki davlat bo‘lsa, mas’uliyati ham tobora ortib boraveradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlar jamiyatining rahbari bo‘lishlari bilan birga butun ummat g‘amini ham yelkalariga olgan edilar. Endi u zotning mashaqqatli vazifalarini o‘ylab ko‘raveraylik. Shunday bo‘lsa ham u zot alayhissalom ayollari uchun alohida vaqt ajratar, ularga go‘zal muomala qilib ko‘ngillarini xushnud etar edilar. Bunga birgina misol tariqasida Nabiy sollallohu alayhi vasallamni Oisha roziyallohu anho bilan ikki marta yugurish musobaqasi o‘tkazganlarini eslasak kifoya. Birinchi marta Payg‘ambarimiz alayhissalom ortda qoladilar, oradan vaqt o‘tib, Oisha roziyallohu anhoning vaznlari biroz ortgandan so‘ng yana ikkovlari yugurish musobaqasi o‘tkazadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zib ketdilar va buni «Haligi bilan bir-u bir» deb izohlab qo‘ydilar.
Demak, er kishi ayoli bilan shunga o‘xshash musobaqalar o‘tkazib turishi va bu bilan ayolini xursand qilishga intilishi marg‘ub ish ekan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiroyli gap bilan ayollarini ko‘nglini olishni qoyillatar edilar. Bir gal Hafsa roziyallohu anho Sofiya roziyallohu anhoni «Yahudiyning qizi» debdilar. Buni albatta rashk tufayli aytib yuborganlar. Lekin bu gap Sofiya onamizga yetib boribdi. Shunda u kishi bundan mahzun bo‘lib o‘tirganlarida Nabiy sollallohu alayhi vasallam ko‘rib qolib, mahzunliklarining sababini so‘raydilar. Sofiya onamiz bor gapni aytadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Sen «Mening otam nabiy, amakim nabiy, erim nabiy bo‘lsa» demadingmi?», degan ma’nodagi gap aytib u kishining ko‘ngillarini ko‘taradilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sofiya onamizning otalari va amakilari deganda Horun va Muso alayhissalomlarni nazarda tutgan ekanlar.
Alloh subhanahu va taolo bizni ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari bilan xulqlanmog‘imizni nasib aylasin! U zot alayhissalomga o‘xshab yaxshi umr yo‘ldosh bo‘lmoqlikni bizga ham nasib aylasin!
G‘iyosiddin Muhammad Yusuf
Foydalanilgan manbalar:
1. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhi tarjima qilgan «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» nomli kitob.
2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhining «Hadis va hayot» nomli kitoblarining 25 juzi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُغَفَّلٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَفَقَةُ الرَّجُلِ عَلَى عِيَالِهِ صَدَقَةٌ».
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining ahli ayoliga qilgan nafaqasi sadaqadir», dedilar.
Sharh: Darhaqiqat, ahli ayolga nafaqa qilish sadaqadir. Chunki bunda kishi vojib ibodatni ado etadi. Zotan, shariat hukmi bo‘yicha ahli ayolning nafaqasi vojibdir. Bu Alloh taoloning amridir. Shariatda ko‘rsatilgan amalni Allohning amrini bajarish niyati bilan qilish Alloh taoloning yo‘lida qilingan ish bo‘ladi. Shuning uchun o‘z ahli ayolimga bersam, sadaqaning savobidan mahrum bo‘laman, degan tushuncha noto‘g‘ridir. Aksincha, yaxshi niyat bilan, shariatning buyrug‘ini, Alloh taoloning hukmini ado etyapman, ahli ayolimning nafaqasi menga vojibdir, shuni haloldan ado etaman, deb harakat qilgan kishi ahlining nafaqasi tufayli ulug‘ ajrlarga erishadi.
عَنِ الْحَسَنِ يَرْفَعُ الْحَدِيثَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ مِنْ غَيْرِ إِسْرَافٍ وَلَا إِقْتَارٍ كَانَتْ نَفَقَتُهُ بِمَنْزِلَةِ النَّفَقَةِ فِي سَبِيلِ اللهِ».
Hasandan rivoyat qilinadi: «Kishi ahli ayoliga isrof ham qilmay, juda siqib ham qo‘ymay nafaqa qilsa, Allohning yo‘lidagi nafaqa o‘rnida bo‘ladi».
Sharh: Ahli ayolga, ya’ni qaramog‘idagilarga qilingan nafaqada isrof qilish ham, xasislik qilish ham durust emas. Balki o‘rtacha, bir me’yorda nafaqa qilib borish Allohning yo‘lidagi nafaqa bo‘ladi.
Ahli ayolning nafaqasida isrofga yo‘l qo‘yish barcha holatlardagi isrof kabi noshar’iy ish hisoblanadi. Shu bilan birga, bu ish ahli ayolning haddidan oshishiga, odobsizliklarga qo‘l urishiga sabab bo‘lib qolishi ham mumkin.
Ahli ayolning nafaqasini siqib qo‘yish baxillikning yorqin namunasidir. Bu nafaqadagi kishilarning haqqini poymol qilishdir.
Barcha ish va holatlardagi kabi, bu ishda ham o‘rtacha bo‘lish ma’qul. Zotan, dinimiz vasatiylik – o‘rtacha yo‘l tutish dinidir.
Alloh taolo Furqon surasida aytadi: «Infoq qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, bu ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar» (67-oyat).
Arab tilida «infoq» – «nafaqa» iboralari mol-pul sarflash ma’nosini anglatadi. Bizda «birovga sadaqa qilish», «ehson qilish» ma’nosida ishlatish odat tusiga kirib qolganligi oyatni noto‘g‘ri tushunishga, xayr-ehson, sadaqa qilganda mo‘tadil bo‘lishi kerag-u, boshqa vaqtlarda nima qilsa, o‘zi biladi, degan xayolga olib kelmasligi lozim.
Musulmon kishi mol-pul sarflashda doimo mo‘tadil bo‘lishi kerak. Mol-dunyoni hech qachon isrof ham qilmasligi va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh tortmasligi ham kerak.
Islomda shaxsiy mulkchilikka keng yo‘l ochib qo‘yilgan. Shu bilan birga, kishilarga shaxsiy mulklarini havoyi nafslariga binoan tasarruf qilishlariga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Avvalo, bu mulkni gunoh ishlarga, harom-harishga ishlatish man qilingan.
Shuningdek, mol-mulkni behuda sarflashga «isrof» degan nomni berib, musulmonlar isrofdan qaytarilgan. Mol-mulkini behuda, noo‘rin sarflaydigan odam «safiyh» – esi past deyiladi. Kim safiyh bo‘lsa, mahkamaning hukmi ila uning mol-mulki muzlatib qo‘yiladi. Kerak bo‘lganida, ma’lum miqdori beriladi, qolgani saqlab turiladi.
Shu bilan birga, o‘ta xasis odamga qarshi chora ham ko‘riladi. Bola-chaqasidan, nafaqasidagilardan qisib, ularga haqlari darajasida sarf qilmasa, mahkama ularning haqlarini olib beradi.
Isrofgarchilik va xasislikni tanqid etib, qoralovchi ko‘plab hadislar kelgan.
عَنْ أَبِي الْمُخَارِقِ قَالَ: خَرَجَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي غَزَوةِ تَبُوكَ فَطَلَعَتْ نَاقَتُهُ، فَقَامَ عَلَيْهَا سَرِيعًا، فَمَرَّ بِهِ رَجُلٌ، فَقَالَ لَهُ بَعْضُ أَصْحَابِهِ: مَا رَأَيْنَا كَالْيَوْمِ رَجُلًا أَجْلَدَ وَلَا أَقْوَى لَوْ كَانَ فِي سَبِيلِ اللهِ. فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى صِبْيَةٍ صِغَارٍ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى وَالِدَيْهِ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى نَفْسِهِ لِيُغْنِيَهَا فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى رِيَاءً وَسُمْعَةً فَهُوَ لِلشَّيْطَانِ».
Abul Muxoriqdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga chiqdilar. Tuyalari kelib qoldi. Unga tezda mindilar. Shunda oldilaridan bir kishi o‘tib qoldi. Hamma o‘sha kishiga qaradi. Shunda sahobalardan biri u zotga: «Bugungiga o‘xshash baquvvat, chapdast odamni hech ko‘rmagan edik. Qani endi u Allohning yo‘lida bo‘lsa», dedi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar u o‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u o‘zining behojatligi uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir», dedilar».
Sharh: Demak, mo‘min-musulmonlar riyokorlikdan, xo‘jako‘rsinchilikdan, falonchi gapiradi, pistonchi kuladi, falonchini qoyil qilib qo‘yay, kabi bandaning rioyasini qilishdan mutlaqo uzoq bo‘lishlari, hazir bo‘lishlari kerak. Balki har bir ishni sof niyat bilan, shariatda ko‘rsatilganidek, Alloh taolodan savob umidida ado etish lozim ekan. Shunda ham hojati ravo bo‘ladi, ham murod-maqsadiga yetib, boshqalarni xursand qiladi, eng muhimi, Allohning yo‘lida amal qilgan inson darajasiga ko‘tariladi.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. O‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
2. Ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
3. O‘zining behojatligi uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
4. Riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan odam shaytonning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
قَالَ شُعْبَةُ: فَقُلْتُ لِعَدِيٍّ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ؟ فَقَالَ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ نَفَقَةً يَحْتَسِبُهَا كَانَتْ لَهُ صَدَقَةً».
Shu’badan rivoyat qilinadi:
«Adiyga: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdanmi?» dedim.
«Ha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan. U zot: «Qachon kishi ahliga savob umidida nafaqa qilgan bo‘lsa, uning uchun sadaqadir», dedilar», dedi».
Sharh: Ahliga, qaramog‘idagilarga savob umidida, bu Allohning hukmi, shariatning buyrug‘i, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, bu menga vojib, degan niyatda va albatta, halol-pok yo‘l bilan topilgan moldan qilingan nafaqa sadaqa o‘rniga o‘tib, ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘lishi shubhasiz haqiqatdir.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz