Ulug‘ oy - Ramazon oyining oxirgi kunlarida turibmiz. Bu oyning fayzli, futuhli kunlari va tunlaridan unumli foydalanishimiz lozim.
Ba’zi ayollarimiz ramazon ro‘zasini tutsa-da, oxirgi o‘n kunlikda beparvo bo‘lishadi. Chunki ular hayit ayyomiga tayyorgarlikni boshlab yuborishadi. Kimdir hayitga yangi kiyim olish, kimdir shirinliklar pishirish tashvishida ulug‘ kunlarni besamar o‘tkazib yuboradi. Qiz uzatilgan, kelin tushgan xonadonlarda hayitga alohida taraddud ko‘riladi. Ayniqsa, qiz uzatgan onalar qizining kelin bo‘lib tushgan xonadoniga qutilar va tog‘oralarda pishiriqlar, sarxil mevalar, shirinliklar yuborib dasturxon to‘kin bo‘lishiga harakat qilishadi. Kelinlar hayit kunlari qaynona, qaynegachi-qaynisingillarini xursand qilish, mehmonlarni ko‘nglini olish, ularni kelinsalom bilan kutib olish tashvishida bo‘lishadi. Bularning barchasi albatta kelinlikning ziynati, milliy urf-odatlarimiz sirasiga kiradi. Lekin har narsada ham me’yor bor. Hayit riyokorlik, isrofgarchilikda kimo‘zarchilik bayrami emas, balki saxovat, yaxshilik, mehr-oqibat ayyomidir.
Hadisi shariflarda isrofgarchilikdan qaytarilib, tejamkorlikka targ‘ib va tashviq etiladi:“Allohning noz-ne’matlaridan hohlagancha yeb-ichinglar, xayr-ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad, Nasaiy, Ibn Mojja rivoyatlari).
O‘zbekiston musulmonlari idorasining “To‘y, marosim va ma’rakalarni me’yorida o‘tkazish haqida fatvo”sida, yangi kelin tushgan xonadonda bo‘ladigan hayit marosimlarini ixcham tarzda, faqat qarindoshlar bilan bir kungina o‘tkazish haqida ta’kidlab o‘tilgan.
Opa-singillarimiz Ramazon oyining so‘nggi kunlarida isrofgarchilikka ruju qo‘yish o‘rniga, ixlos ila Qur’on tilovati, ibodat, istig‘for, yaxshilik, xayr-saxovat qilib o‘tkazishsa ikki dunyo saodatiga erishishadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimning Niso surasi 114-oyatida shunday marhamat qiladi: “Ularning ko‘pgina shivir-shivirlarida - sadaqa berishga yoki ezgulikka buyurishga yohud odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurmagan bo‘lsa – yaxshilik yo‘qdir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shuni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz”.
M.Abdullayeva,
O‘MI mutaxassisi
Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda.
Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘.
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi.
Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.
Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati