Sayt test holatida ishlamoqda!
16 May, 2025   |   18 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:39
Xufton
21:08
Bismillah
16 May, 2025, 18 Zulqa`da, 1446

Taroveh namozi va unga oid masalalar

22.06.2017   110140   2 min.
Taroveh namozi va unga oid masalalar

Aslida, taroveh sunnat bo‘lgani uchun uning qazosi o‘qilmaydi. Chunki, bomdodning sunnatigina vaqti o‘tsa ham zavolgacha (bir rivoyatda asrgacha) qazo qilib o‘qib olish mumkin. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham shunday qilganlar. Peshin namozining avvalgi sunnati (farzga ulgurish maqsadida) qolsa, farzidan keyin o‘qib olinadi. Bu aslida peshin vaqtida bo‘layapti. Mana shu ikki sunnatdan boshqa sunnatlar qazo qilinmaydi. Qazosi lozim emas.

Biroq, ba’zi faqihlar taroveh bir oy davomida kechalari odat bo‘lgan,  sunnat bo‘lganligi  uchun va Payg‘ambarimiz Rasuli Akram sallollohu alayhi va sallam tomonidan ko‘p targ‘ib qilinganligidan hatto, ba’zi faqihlarimiz tarovehni tark qilgan odam keyingi tarovehgacha uning qazosini o‘qib olsin, deganlar. Agar Ramazonda o‘qiy olmasa, keyingi Ramazongacha o‘qib oladi, degan gap ham bor. Bu fikr “Jomi’ ur-rumuz”da ham keltirilgan. Imom Navaviy ham shuni ma’qul ko‘rgan. Ularning bunday fikrga kelishiga mana bu rivoyatlar sabab bo‘lgan:

Imom Muslim Oisha raziyallohu anhodan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam: “Alloh taologa eng mahbub amal oz bo‘lsada davomli bo‘lganligidir”-dedilar.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ana shunday kechki odati qolib ketsa, uni kunduzi o‘rnini to‘ldirishni taklif qilganlar:

Abdurrahmon ibn Abdin al-Qoriydan qilingan rivoyatda “Kimki o‘zining vazifasidan yoki unga o‘xshash bir narsadan uxlab qolsa, bas, uni bomdod namozi bilan peshin namozining orasida o‘qib olsa, xuddi unga uni kechasi o‘qigandek yoziladi”- deyiladi. (Imom Muslim rivoyati).

Abul Lays as-Samarqandiy hazratlari: “Kimki sunnatni uzr bilan tark qilsa, ma’zurdir, kimki uzrsiz tark qilsa, manmandir”, degan ekanlar.

Demak, tarovehdan qolib ketganlarini iloji bo‘lsa, o‘qib olgan yaxshiroq ekan. Biroq, o‘qimasa gunohkor bo‘lib qolmaydi.

Tarovehlarda bir marta xatmi Qur’on qilish sunnatdir. Ramazonda ikkinchi yoki uchunchi marta xatm etish esa mustahab va haqiqiy nafl amaldir.

Shunday ekan bir oylik ramazonni va taroveh namozlarini g‘animat bilaylik sustkashlikka yo‘l qo‘ymaylik. Zero, bu ramazon biz uchun oxirgisi bu yilgi taroveh oxirgisi bo‘lishi mumkin.

 

“Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim

 yurti mudarrisi Abdug‘afur Niyozqulov

Ramazon
Boshqa maqolalar

Taloqqa qachon ruxsat etiladi?

14.05.2025   2583   4 min.
Taloqqa qachon ruxsat etiladi?

Islom shariati taloqni zarurat holatlarida qo‘llaniladigan oxirgi chora sifatida belgilab, uning noto‘g‘ri qo‘llanilishidan ehtiyot bo‘lishni ta’kidlaydi. Asossiz taloq qilish nafaqat oilaviy hayotga, balki jamiyatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Islomda taloq muhim masala bo‘lib, uni shoshqaloqlik bilan emas, balki o‘ylab amalga oshirish tavsiya etiladi. Qur’onda Alloh subhanahu va taolo bunday marhamat qiladi: Agar ular orasida nizolashishdan qo‘rqsangiz, unda erning oilasidan bir hakam va ayolning oilasidan bir hakam tayinlang. Agar ular (hakamlar) yarashishni xohlasalar, Alloh ularning orasini totuv qiladi. Albatta, Alloh (hamma narsani) biluvchi va (hamma narsadan) xabardor Zotdir.

Mazkur oyatdan anglashiladiki, shariatimiz nizolarni hal qilish uchun qadam-baqadam choralar ko‘rishni talab qiladi va darhol taloqqa murojaat qilishdan qaytaradi.

Shu bilan birga shariatimizda taloq erkakning qo‘lida bo‘lganligining hikmati odatda er kishilar oqilona qarorlar qabul qiladilar. Shuning uchun taloq ishi er kishini qo‘liga topshirilgandir. Hidoya kitobida bu borada bunday deyiladi: Taloq erning qo‘lida bo‘lishi uning oqibatlarni ko‘proq tushunishi va hissiyotlardan uzoqroq bo‘lishi sababli afzalroqdir.

Asossiz taloq qilishning oilaviy va ijtimoiy zararlarini quyidagicha izohlash mumkin:

Oila barqarorligiga zarar bo‘lishi asossiz taloq qilish oilaviy barqarorlikni yo‘qotishga olib keladi. Bu haqida “Hidoya”da bunday deyiladi:

Nizo yuz berganida, taloq qilishga faqat dalillar tasdiqlangandan keyin ruxsat beriladi.

Taloq farzandlarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalar uchun ota-onaning birligi hayotiy muhim omildir. "Muxtasar"da bunday ta’kidlanadi:

Ajralish farzandlar va jamiyat uchun jiddiy zarar keltiradi”.

Ota-onalarning ajralishi jamiyatda yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Asossiz taloq orqali bolalarning tarbiyasi buzilishi va oilaviy qadriyatlarning yo‘qotilishi kuzatiladi.

Taloqning iqtisodiy zararlari shuki, ajralish oilaning iqtisodiy barqarorligiga putur yetkazadi. “Inoya”da bu haqda bunday deyiladi: Taloq oilaning moliyaviy barqarorligini yo‘qotadi.

Ajrimda ayollarning obro‘siga zarar yetishi turgan gap. Chunki ajralish ko‘pincha jamiyatda noto‘g‘ri tushuniladi. “Hidoya”da bu borada bunday deyiladi: Ayolni taloq qilish uni odamlar orasida gap-so‘zlarga duchor qiladi.

Ajrimlarning bolalar tarbiyasiga ta’siri shuki, bolalar kerakli tarbiyadan mahrum bo‘lishi mumkin. “Muxtasar”da bunday deyiladi: Taloqning salbiy ta’siri bolalar tarbiyasida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Demak taloqni amalga oshirishdan oldin vaziyatni to‘liq baholash va maslahatlashish zarur ishlardan hisoblanar ekan. “Inoya”da bu borada bunday deyiladi: Er taloq qarorini qabul qilishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rishi lozim.

Shu bilan birga shariatimiz nizolarni hal qilishda bosqichma-bosqich yondashuvni tavsiya etadi: nasihat qilish, vaqtinchalik alohida yashash va hakamlar tayinlash. “Inoyada bu haqda bunday deyiladi: Taloq faqat yarashish imkonsiz bo‘lgandagina ruxsat etiladi.

Qolaversa taloqni faqat zarurat holatida amalga oshirish kerak. Taloq faqatgina muhim sabablar mavjud bo‘lgandagina qo‘llanilishi kerak. Shariat ko‘rsatmalariga amal qilish orqali oilani saqlab qolish mumkin. Hamda oilaviy maslahatchilar yordamidan foydalanish ham zarurdir. Nizolarni hal qilish uchun maslahatchilarga murojaat qilish shariatda ma’qullangan amaldir.

Asossiz taloq qilish nafaqat oilaviy hayotga, balki jamiyatga ham salbiy ta’sir qiladi. Islom shariati taloqni zarurat holatida va faqat mas’uliyat bilan qo‘llashni ta’kidlaydi. Bu borada shariatning ko‘rsatmalariga amal qilish oilalarni saqlab qolishda va jamiyatdagi barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.


Shamsiddin BURHONIDDINOV,
Toshkent Islom instituti 4 kurs talabasi.