Sam’oniyning “Al-ansob” kitobida va Zahabiyning “Tazkiratul huffoz” kitobida sayyoh, hofiz[1] Abul Fityon - Umar ibn Abdulkarim ibn Sa’duvayh Dihistoniy Ravvosiy (427/1036−503/1110) rahmatullohi alayh haqida quyidagi ma’lumotlar keladi:
“O‘z asrining hofizlaridan edi. Ilm yo‘lida Xuroson, Iroq, Shom, Hijoz, Misr, Arabistonga safar qilib, ilm o‘rganib ularni kitoblarga bitgan olimlardan edi. Uni kallapurush, deb ham nomlashardi. Chunki, otasi Dihistonda chorva hayvonlarining kallalarini sotar edi. Bir kuni Abu Mas’ud Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh Bajaliy, Roziy Dihistonga kelib, Abul Fityonning otasi Abul Hasandan yeyish uchun kalla sotib oladi. Abul Hasan Abu Mas’udga qarab: “Ko‘rinishingizdan olim insonga o‘xshaysiz, sizdek inson uchun do‘konda o‘tirib narsa yeyishingiz ma’qul emas, masjidga kirsangiz kallani o‘zimiz olib borib berar edik”, dedi.
Shunda Abu Mas’ud masjidga kirib o‘tirgach, Abul Hasan o‘g‘li Abul Fityondan qovurilgan chiroyli kalla, sirka, piyoz va shirmoy nonni berib yubordi. Abul Fityon o‘shanda hali yoshgina bola edi. Abu Mas’ud mazkur ishdan mamnun bo‘lib, Abul Hasanning qilgan ishiga tasanno aytdi. Kallani yeb bo‘lgach, unga tashakkurlar aytdida va menga juda ham chiroyli muomala qilding. Menda buning evaziga senga beradigan hech narsam yo‘q. Agar xohlasang, o‘g‘lingni oldimga jo‘nat, unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislaridan aytib beraman.
Otasi bundan juda hursand bo‘ldi. Shu bilan Abu Mas’ud Abul Fityonni o‘zi bilan Dihiston shayxlarining oldilariga olib borar va unga hadis aytib berar va ularning ba’zilarini o‘zgalarga aytishini buyurardi. Shundan so‘ng Abul Fityonga bu ish juda yoqib, unda ilmga bo‘lgan muhabbat paydo bo‘ldi. Keyinchalik o‘zi ham safar qilib, juda ko‘p hadis to‘pladi. Hatto tengdoshlari bilmaydigan hadislarni eshitib jamladi.
Ibn Nuqta aytadiki: Ahli ilmlarni juda ko‘pidan eshitdim, ularning aytishicha, Abul Fityon 3600 ta shayxdan ilm o‘rgangan ekan. Adib Xuzayma ibn Ali Marvaziy aytadi: “Umar Ravvosiyning barmoqlari safarda yurganida sovuq sababli uzilib tushgan.
Hofiz Abu Ja’far Muhammad ibn Ali Hamadoniy aytdi: Bu diyorda Abul Fityondan ko‘ra zehni o‘tkir insonni ko‘rmadim, balki butun dunyoda ham unga o‘xshashi yo‘q. Go‘yo sayohatchi kitob edi. Dunyoni hadis o‘rganib aylanib chiqdi. Uni Makkada uchratib qoldim. Barcha shayxlar uni maqtashardi, u haqda go‘zal so‘zlarni aytishardi. So‘ng Jurjonda uchratib qoldim, shu yerda u bilan qadirdon bo‘lib qoldik.
Bu fanda (hadis) ko‘zga ko‘ringan peshvolardan edi. Hattoki ustozi Abu Bakr Xatib Bag‘dodiy va Abu Homid G‘azzoliy undan hadis rivoyat qilgan. Xususan, Abu Homid G‘azzoliy bu zotdan ikki sahih kitobini o‘tkazib olgan. Shuningdek, Abu Hafs Umar ibn Muhammad Jurjoniy va juda ko‘p muhaddisu faqihlar undan hadis o‘rganganlar.
Ibn Makulo aytadi: Ravvosiy mendan hadis yozib oldi va ayni paytda men ham undan hadis yozib oldim. Uni zakovatli ekanini bildim. Sam’oniy aytadi: “Ahmad ibn Muhammad Saraxsiydan eshitdim: “Umar Ravvosiy Saraxsga kelgan paytda u joyda hadis aytib, talabalarga yozdirar edi. Uning darsiga juda ham ko‘p odamlar kelar edi. Umar Ravvosiy darslari haqida shunday der edi: “Men darsimga kelgan talabalarning barchasini ismini birinchi bor kelganlarida yozib qo‘yaman va ular ikkinchi bor darsga kelganlarida ularning ismlarini yoddan aytib beraman. Ulardan so‘rashimning ham hojati bo‘lmaydi”. Aytishlaricha: “U kishining darsiga kelgan jamoat yetmish kishidan iborat bo‘lar ekan”.
Abdulg‘ofur ibn Ismoil aytdi: Umar Ravvosiy hadis sanadlarini yaxshi biladigan mashhur inson edi. Ko‘p kitoblar yozgan va ko‘p ma’lumotlarni boblarga ajratib jamlagan, tez yozadigan kishi edi. Hayoti salaflar hayotiga o‘xshash kambag‘al va ko‘p farzandli edi. Naysoburdan Tusga qarab yo‘l oldi. U yerda Imom G‘azzoliy u zotga ko‘p hurmat ko‘rsatib o‘zining uyiga tushirdi va U zotdan “Sahihul Muslim”ni eshitdi. Shundan so‘ngina ketishga ruxsat berdi.
So‘ng Tusdan chiqib Marvga Imom Abu Bakr Sam’oniy (“Ansob” kitobi muallifining otasi)ni ziyorat qilish uchun yo‘lga tushadi. Zero, Abu Bakr Sam’oniy u zotni chorlagan edi. Bundan maqsadi u zotning ilmi-u irfonlaridan olish edi. Umar Ravvosiy Marv tomoniga yurar ekan o‘ziga o‘zi: “Men Marvga ketmoqdaman-u, lekin aytishlaricha yo‘lim ustida bo‘lgan Saraxs shahri “ilmning qabristoni” ekan. Ish qilib, menga ham biror narsa bo‘lmasaydi”, deydi va yo‘lida davom etadi. Haqiqatdan ham u zot qo‘rqqan narsa bo‘ladi. U zot 503 yil robi’ul oxir oyida, Saraxsga kelganida ajali yetadi”. Bu ma’lumot Umar Ravvosiyning qabrtoshiga yozib qo‘yilgan. Alloh o‘z rahmatiga olsin!
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi Faxriddin Mamanosirov
[1] Hadis ilmida biladiganlari ko‘p bo‘lib, bilmaydiganlari kam bo‘lgan kishiga hofiz deyiladi.
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.