Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

3600 ta olimning shogirdi Umar ibn Abdulkarim

22.06.2017   12212   5 min.
3600 ta olimning shogirdi Umar ibn Abdulkarim

Sam’oniyning “Al-ansob” kitobida va Zahabiyning “Tazkiratul huffoz” kitobida sayyoh, hofiz[1] Abul Fityon  - Umar ibn Abdulkarim ibn Sa’duvayh Dihistoniy Ravvosiy (427/1036−503/1110) rahmatullohi alayh haqida quyidagi ma’lumotlar keladi:

“O‘z asrining hofizlaridan edi. Ilm yo‘lida Xuroson, Iroq, Shom, Hijoz, Misr, Arabistonga safar qilib, ilm o‘rganib ularni kitoblarga bitgan olimlardan edi. Uni  kallapurush, deb ham nomlashardi. Chunki, otasi Dihistonda chorva hayvonlarining kallalarini sotar edi. Bir kuni Abu Mas’ud Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulloh Bajaliy, Roziy Dihistonga kelib, Abul Fityonning otasi Abul Hasandan yeyish uchun kalla sotib oladi. Abul Hasan Abu Mas’udga qarab: “Ko‘rinishingizdan olim insonga o‘xshaysiz, sizdek inson uchun do‘konda o‘tirib narsa yeyishingiz ma’qul emas, masjidga kirsangiz kallani o‘zimiz olib borib berar edik”, dedi.

Shunda Abu Mas’ud masjidga kirib o‘tirgach, Abul Hasan o‘g‘li Abul Fityondan qovurilgan chiroyli kalla, sirka, piyoz va shirmoy nonni berib yubordi. Abul Fityon o‘shanda hali yoshgina bola edi. Abu Mas’ud mazkur ishdan mamnun bo‘lib, Abul Hasanning qilgan ishiga tasanno aytdi. Kallani yeb bo‘lgach, unga tashakkurlar aytdida va menga juda ham chiroyli muomala qilding. Menda buning evaziga senga beradigan hech narsam yo‘q. Agar xohlasang, o‘g‘lingni oldimga jo‘nat, unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislaridan aytib beraman.

Otasi bundan juda hursand bo‘ldi. Shu bilan Abu Mas’ud Abul Fityonni o‘zi bilan Dihiston shayxlarining oldilariga olib borar va unga hadis aytib berar va ularning ba’zilarini o‘zgalarga aytishini buyurardi. Shundan so‘ng Abul Fityonga bu ish juda yoqib, unda ilmga bo‘lgan muhabbat paydo bo‘ldi. Keyinchalik o‘zi ham safar qilib, juda ko‘p hadis to‘pladi. Hatto tengdoshlari bilmaydigan hadislarni eshitib jamladi.

Ibn Nuqta aytadiki: Ahli ilmlarni juda ko‘pidan eshitdim, ularning aytishicha, Abul Fityon 3600 ta shayxdan ilm o‘rgangan ekan. Adib Xuzayma ibn Ali Marvaziy aytadi: “Umar Ravvosiyning barmoqlari safarda yurganida sovuq sababli uzilib tushgan.

Hofiz Abu Ja’far Muhammad ibn Ali Hamadoniy aytdi: Bu diyorda Abul Fityondan ko‘ra zehni o‘tkir insonni ko‘rmadim, balki butun dunyoda ham unga o‘xshashi yo‘q. Go‘yo sayohatchi kitob edi. Dunyoni hadis o‘rganib aylanib chiqdi. Uni Makkada uchratib qoldim. Barcha shayxlar uni maqtashardi, u haqda go‘zal so‘zlarni aytishardi. So‘ng Jurjonda uchratib qoldim, shu yerda u bilan qadirdon bo‘lib qoldik.

Bu fanda (hadis) ko‘zga ko‘ringan peshvolardan edi. Hattoki ustozi Abu Bakr Xatib Bag‘dodiy va Abu Homid G‘azzoliy undan hadis rivoyat qilgan. Xususan, Abu Homid G‘azzoliy bu zotdan ikki sahih kitobini o‘tkazib olgan. Shuningdek, Abu Hafs Umar ibn Muhammad Jurjoniy va juda ko‘p muhaddisu faqihlar undan hadis o‘rganganlar.

Ibn Makulo aytadi: Ravvosiy mendan hadis yozib oldi va ayni paytda men ham undan hadis yozib oldim. Uni zakovatli ekanini bildim. Sam’oniy aytadi: “Ahmad ibn Muhammad Saraxsiydan eshitdim: “Umar Ravvosiy Saraxsga kelgan paytda u joyda hadis aytib, talabalarga yozdirar edi. Uning darsiga juda ham ko‘p odamlar kelar edi. Umar Ravvosiy darslari haqida shunday der edi: “Men darsimga kelgan talabalarning barchasini ismini birinchi bor kelganlarida yozib qo‘yaman va ular ikkinchi bor darsga kelganlarida ularning ismlarini yoddan aytib beraman. Ulardan so‘rashimning ham hojati bo‘lmaydi”. Aytishlaricha: “U kishining darsiga kelgan jamoat yetmish kishidan iborat bo‘lar ekan”.

Abdulg‘ofur ibn Ismoil aytdi: Umar Ravvosiy hadis sanadlarini yaxshi biladigan mashhur inson edi. Ko‘p kitoblar yozgan va ko‘p ma’lumotlarni boblarga ajratib jamlagan, tez yozadigan kishi edi. Hayoti salaflar hayotiga o‘xshash kambag‘al va ko‘p farzandli edi. Naysoburdan Tusga qarab yo‘l oldi. U yerda Imom G‘azzoliy u zotga ko‘p hurmat ko‘rsatib o‘zining uyiga tushirdi va U zotdan “Sahihul Muslim”ni eshitdi. Shundan so‘ngina ketishga ruxsat berdi.

So‘ng Tusdan chiqib Marvga Imom Abu Bakr Sam’oniy (“Ansob” kitobi muallifining otasi)ni ziyorat qilish uchun yo‘lga tushadi. Zero, Abu Bakr Sam’oniy u zotni chorlagan edi. Bundan maqsadi u zotning ilmi-u irfonlaridan olish edi. Umar Ravvosiy Marv tomoniga yurar ekan o‘ziga o‘zi: “Men Marvga ketmoqdaman-u, lekin aytishlaricha yo‘lim ustida bo‘lgan Saraxs shahri “ilmning qabristoni” ekan. Ish qilib, menga ham biror narsa bo‘lmasaydi”, deydi va yo‘lida davom etadi. Haqiqatdan ham u zot qo‘rqqan narsa bo‘ladi. U zot 503 yil robi’ul oxir oyida, Saraxsga kelganida ajali yetadi”. Bu ma’lumot Umar Ravvosiyning qabrtoshiga yozib qo‘yilgan. Alloh o‘z rahmatiga olsin!

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi Faxriddin Mamanosirov

 

 

[1] Hadis ilmida biladiganlari ko‘p bo‘lib, bilmaydiganlari kam bo‘lgan kishiga hofiz deyiladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

11.08.2026   46634   2 min.
“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.

1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.

2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.

Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.

Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.

Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.

Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari