Bismillahir rohmanir rohim.
Mohi Ramazonning avvali o‘n kunini rahmat, o‘rtasini mag‘firat, oxirini xalos bo‘lish dahasi qilib, ushbu kunlarga biz bandalarini cheksiz ne’matlar bilan yetkazgan va o‘z rahmatidan muyassar qilgan Robbimiz Alloh subhanohu va taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.
Ushbu har bir o‘n kunlikni o‘zgacha qadrlagan va shu ne’mat qadridan sof e’tiqod ila foydalangan hamda ushbu ta’limini o‘z ummatlariga o‘rgatgan payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovotu salomlar bo‘lsin.
Avvalihu rohma - kunlarining bugun oxirgi o‘ninchi kuniga ham o‘rtalab qoldi. Vo ajab, kechagina ramazon kelyapti deb qalblarda quvonch bilan kutayotgan ramazon oyimiz nihoyasiga yetay deb qoldi.
Rahmat kunlarining shukuhi, qorong‘u tun ichra subhi sodiq vaqti kirguncha saharlik va qizil shafaq tortib botayotgan quyoshning so‘ngi vaqtida iftorlikning fayzi, masjidlarimizda taroveh namozi va xatmul Qur’on tarovatidan sarmast bo‘lib, g‘animatli kunlarning o‘tib ketayotganini sezmay qolibmiz.
Ha, bu kunlar xaqiqatan ruhiy oziqqa tashna qalblarga g‘animatdir. Buning qadriga yetmagan va undan bahra olib qolishni unutib g‘aflatda qolgan insonlarga taajjub qilasiz.
Ramazon oyi kelib zaminimizni fayzu tarovati bilan bezab tursa-da, uni bepisand o‘tkazib yuborsa, bunday kishilar qanday buyuk mukofotlardan bebahra qolayotganini bilarmikan...
Ish xonada, kassa oldida kassirni kutib o‘tirib, u kelganida ko‘zlari quvonchga to‘lib kettgan ishchi-xodimlarning nigohiga nazar solsangiz, ana shu damda go‘yoki ulardan baxtliroq inson yo‘qdek. Oylik maoshini oladi-yu kassirga cheksiz extirom ila minnatdorchilik bildiradi, ammo osmondan boshi uzra yog‘ayotgan rahmat yomg‘iriga parvo qilmaydi.
“Biz ishdagi odamlar, ko‘chada yuramiz, ochlikka chidayman-u, issiqda chanqoqqa bardosh berolmayman-da” deya uzrxohlik qilayotganlarni eshitib hayron bo‘lasiz: axir ramazon soya-salqinda yotib olib bekorchilikda qiladigan ish emas-ku. Iftorliklarga uyalmay-netmay chiqib yastanib o‘tirgan “ko‘zalar”ning holi taajjubli.
Jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladigan oyda o‘zlariga jannatning eshigini yopib olgan insonlarga taajjub qilasiz kishi.
Uyi masjidning yonida bo‘la turib, taroveh namozidan qolayotganlarning holi taajjubli. Nahot, Qur’on oyatlari va tasbeh ohanglari qalblariga yetib bormasa.
Muso alayhissalom davrida osmondan Allohning ne’mati yog‘ilib, ularni qavmi yeb-ichib, buning shukronasiga ibodat qilinglar deyilganida, ularning biz bunday narsalarni emas, boshqa narsalarni xohlardik deb sarkashlik qilganini bilamiz, bugun esa o‘sha hodisa oldida yuqorida sanab o‘tgan taajjublarimiz hech narsa emas.
Nima ham derdik, Allohning imtihoni bu...
Barchamizga Ramazon muborak bo‘lsin.
M.SHOJALILOV,
Tasbeh.uz sayti administratori
Buyuk Britaniyaning London shahrida muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan vatandoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda.
Jumladan, London shahrining Beksley hududida Al-Xorazmiy markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda 80 ga yaqin vatandoshimiz ishtirok etdi. Dastlab iftorlik dasturxoni yozilib, so‘ng taroveh namozi ado etildi.
Iftorlik va taroveh namozi orasida “Islom insoniylik dinidir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.
Shuningdek, London shahrining Janubiy Vudford hududida joylashgan Central Asia Community (Markaziy Osiyo jamoasi)da ham iftorlik tadbiri o‘tkazildi. Unda 250 nafarga yaqin vatandosh qatnashdi. Yig‘inda “Islom – tinchlik va go‘zal axloq dini” mavzusida ma’ruza qilib berildi.
Suhbat va ma’ruzalar Toshkent shahridagi “Imom Termiziy” masjidi imom-xatibi Yahyo domla Abdurahmonov tomonidan olib borilmoqda. Taroveh namozlarida Qur’oni karim xatmi ham ado etilmoqda.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni birlashtirib, ulardagi vatanparvarlik hissini oshirishga, o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik muhitini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati