Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2026   |   19 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:15
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2026, 19 Rajab, 1447

G‘animat kunlarda g‘aflatda qolmang

21.06.2017   105951   3 min.
G‘animat kunlarda  g‘aflatda qolmang

Bismillahir rohmanir rohim.

Mohi Ramazonning avvali o‘n kunini rahmat, o‘rtasini mag‘firat, oxirini xalos bo‘lish dahasi qilib, ushbu kunlarga biz bandalarini cheksiz ne’matlar bilan yetkazgan va o‘z rahmatidan muyassar qilgan Robbimiz Alloh subhanohu va taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.

Ushbu har bir o‘n kunlikni o‘zgacha qadrlagan va shu ne’mat qadridan sof e’tiqod ila foydalangan hamda ushbu ta’limini o‘z ummatlariga o‘rgatgan payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovotu salomlar bo‘lsin.

Avvalihu rohma - kunlarining bugun oxirgi o‘ninchi kuniga ham o‘rtalab qoldi. Vo ajab, kechagina ramazon kelyapti deb qalblarda quvonch bilan kutayotgan ramazon oyimiz nihoyasiga yetay deb qoldi. 

Rahmat kunlarining shukuhi, qorong‘u tun ichra subhi sodiq vaqti kirguncha saharlik va qizil shafaq tortib botayotgan quyoshning so‘ngi vaqtida iftorlikning fayzi, masjidlarimizda taroveh namozi va xatmul Qur’on tarovatidan sarmast bo‘lib, g‘animatli kunlarning o‘tib ketayotganini sezmay qolibmiz.

Ha, bu kunlar xaqiqatan ruhiy oziqqa tashna qalblarga g‘animatdir. Buning qadriga yetmagan va undan bahra olib qolishni unutib g‘aflatda qolgan insonlarga taajjub qilasiz.

Ramazon oyi kelib zaminimizni fayzu tarovati bilan bezab tursa-da, uni bepisand o‘tkazib yuborsa, bunday kishilar qanday buyuk mukofotlardan bebahra qolayotganini bilarmikan...

Ish xonada, kassa oldida kassirni kutib o‘tirib, u kelganida ko‘zlari quvonchga to‘lib kettgan ishchi-xodimlarning nigohiga nazar solsangiz, ana shu damda go‘yoki ulardan baxtliroq inson yo‘qdek. Oylik maoshini oladi-yu kassirga cheksiz extirom ila minnatdorchilik bildiradi, ammo osmondan boshi uzra yog‘ayotgan rahmat  yomg‘iriga parvo qilmaydi.  

“Biz ishdagi odamlar, ko‘chada yuramiz, ochlikka chidayman-u, issiqda chanqoqqa bardosh berolmayman-da” deya uzrxohlik qilayotganlarni eshitib hayron bo‘lasiz: axir ramazon soya-salqinda yotib olib bekorchilikda qiladigan ish emas-ku. Iftorliklarga uyalmay-netmay chiqib yastanib o‘tirgan “ko‘zalar”ning holi  taajjubli.

Jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladigan oyda o‘zlariga jannatning eshigini yopib olgan insonlarga taajjub qilasiz kishi.

Uyi masjidning yonida  bo‘la turib, taroveh namozidan qolayotganlarning holi taajjubli. Nahot, Qur’on oyatlari va tasbeh ohanglari qalblariga yetib bormasa.

Muso alayhissalom davrida osmondan Allohning ne’mati yog‘ilib, ularni qavmi yeb-ichib, buning shukronasiga ibodat qilinglar deyilganida, ularning biz bunday narsalarni emas, boshqa narsalarni xohlardik deb sarkashlik qilganini bilamiz, bugun esa o‘sha hodisa oldida yuqorida sanab o‘tgan taajjublarimiz hech narsa emas. 

Nima ham derdik, Allohning imtihoni bu...

Barchamizga Ramazon muborak bo‘lsin.

 M.SHOJALILOV, 

Tasbeh.uz sayti administratori

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Girdobdan chiqish imkoni bormi?

07.01.2026   4254   3 min.
Girdobdan chiqish imkoni bormi?

Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.

Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?

Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)

Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.

Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.

Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.

Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:

«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)

Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:

  • Muloqotni uzmang: Nafrat bilan emas, mehr bilan yondashing.
  • Tanqidiy fikrlashni uyg‘oting: Savol berishga va voqelikka xolis baho berishga o‘rgating.
  • Ilmga yo‘naltiring: Faqat bitta manba emas, balki sof diniy va ilmiy manbalardan foydalanishga undang.

To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA