Laylatul qadr – sharaf va ulug‘lash, hukm va taqdir kechasi. Alloh taolo bu kechada kelasi yildagi o‘lim, ajal, rizq va shu kabi taqdirga oid ishlarni belgilaydi.
Mahmud Zamaxshariy (roziyallohu anhu) aytadi: “Qadr kechasi bu barcha ishlarning taqdiri va hukmi belgilanadigan kechadir”.
Bu kechada farishtalar Allohning izni bilan yerga tushadi. Tong otguncha insonlarni duo qiladi va insonlarning duolariga “omin” deb turishadi.
Qadr kechasi quyosh botishidan to tonggacha davom etadi. Alloh bu kechada faqat yaxshilikni taqdir etadi. Boshqa kechalarda esa balolarni ham, yaxshiliklarni ham hukm qiladi.
Aksar ulamolar fikriga ko‘ra, Qadr Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasidir. Zirr (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu)ga: «Birodaringiz Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim bir yil qoim bo‘lsa, Qadr kechasini topadi”, deb aytganlar”, deganida, Ubay ibn Ka’b: “Alloh Abu Abdurahmon (ya’ni, Ibn Mas’ud)ni mag‘firat qilsin, chindan ham u Qadr kechasi Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida ekanini bilar edi. Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar u narsaga suyanib qolmasligini xohlab aytmasdi”, dedi. So‘ngra qat’iy tarzda: “Qadr yigirma yettinchi kechada”, dedi. Shunda men: “Ey Abu Munzir, nima dalil bilan bunday deysan?” dedim. U zot: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shu’lasiz chiqadi”, deb javob berdi» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Demak, Qadr kechasining katta alomatlaridan biri – o‘sha kuni quyosh shu’lasiz oqarib chiqadi. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qadr kechasi haqida: “U kecha issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Quyosh o‘sha kuni och qizil holatda chiqadi”, dedilar».
Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men Qadr kechasini bildim. So‘ng u menga unuttirildi. U Ramazon oyining oxirgi o‘n kunidagi kechalaridan biridadir. U kecha ochiq yarqiragan bo‘lib, issiq ham, sovuq ham emas. Go‘yo oy bor kechaga o‘xshaydi. U kecha tong otgunicha shaytonlar chiqmaydi”, dedilar (Tafsiri Samarqandiy).
Shunday ekan, biz ham qo‘limizdan kelganicha kimdir namoz o‘qir, kimdir tilovati Qur’on bilan, yana kimdir tasbehu tahlil kabi toatu ibodat va duolar bilan mashg‘ul bo‘lib Qadr kechasini o‘tkazsak, Yaratganning ulkan in’omidan bahramand bo‘lamiz.
Shodi HAQBЕRDIYEV,
Urgut tumani bosh imom-xatibi
Yurtimizda azaldan uch xil taqvim, hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat tusiga aylangan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur’oni karimning “Isro” surasi, 12-oyatida shunday zikr qiladi: “Kunduz alomatini esa, Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz”. Ulug‘ mufassirlarimiz mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), “yillar hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilib, fatvo yozib qoldirganlar.
Xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi” degan maqoli juda mashhur. Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – Hamalga kirishi bilan “Navro‘z”, ya’ni “Yangi kun”, u bilan birga esa yangi fasl – bahor kirib keladi. Dehqonlarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, erta bahordan pok niyatlar bilan yerga urug‘ qadaydilar.
Ulug‘larimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an’anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da shunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va hech dinga ziyoni yo‘qdur”.
Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilm sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh Hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta’kidlashgan. Ulug‘ mutasavvif Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “Al-Muhit ul-burhoniy fil-fiqh an-nu’moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirishgan. Qadim Sharqda Quyosh qaysi burjga kirsa, oyga o‘sha burjdagi yulduzlar turkumi shakliga qarab nom berishgan. Jumladan, Hamal oyini – burj shakli homilador qo‘yga o‘xshagani uchun Hamal deb, Savr oyini – yulduzlar turkumi ho‘kizga o‘xshab ko‘ringani uchun Savr deb atashgan.
Shuni ta’kidlash joizki, o‘n ikki yil davomida ketma-ket bir-biriga o‘rin almashtirib keladigan muchal tushunchasi aslida “mo‘ljal” so‘zidan olingan. O‘n ikki yil davomida osmon jismlarining joylashishi qanday shaklni berishiga qarab, yillarga muchal nomlari berilgan.
Jumladan, yulduzlar turkumining sichqonga o‘xshashi yilning sichqon yili, sigirga o‘xshashi sigir yili va h.k. deb nomlanishiga asos bo‘lgan.
Ulamolarimiz mana shu o‘n ikki yilga o‘n ikki maqom berilganligi maxsus hujjat bilan tasdiqlashgan. Jumladan, Zayniddin Mahmud Vosifiy (vaf. 1554 y.) “Badoye’ ul-vaqoye’” (Ajoyib voqelar) nomli asarida muchal haqida nodir qaydlar yozib qoldirgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘zning yaratilishiga oid qimmatli fikrlarni keltiradi. Bu fikrlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda ta’riflaydi.
Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta’rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. Uyquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, ol, sariq, ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.
Navro‘z haqidagi fikrlar, afsona-asotirlar turlicha bo‘lishiga qaramay, bunyodkorlik, ezgulik, yasharish va obod etish kabi umumbashariy, mushtarak g‘oyalar ularni bog‘lab turadi. Zotan, Navro‘z butun insoniyat uchun uyg‘onish va yangilanish ayyomidir.
Abdulg‘afur domla Razzoqov,
Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi