Laylatul qadr – sharaf va ulug‘lash, hukm va taqdir kechasi. Alloh taolo bu kechada kelasi yildagi o‘lim, ajal, rizq va shu kabi taqdirga oid ishlarni belgilaydi.
Mahmud Zamaxshariy (roziyallohu anhu) aytadi: “Qadr kechasi bu barcha ishlarning taqdiri va hukmi belgilanadigan kechadir”.
Bu kechada farishtalar Allohning izni bilan yerga tushadi. Tong otguncha insonlarni duo qiladi va insonlarning duolariga “omin” deb turishadi.
Qadr kechasi quyosh botishidan to tonggacha davom etadi. Alloh bu kechada faqat yaxshilikni taqdir etadi. Boshqa kechalarda esa balolarni ham, yaxshiliklarni ham hukm qiladi.
Aksar ulamolar fikriga ko‘ra, Qadr Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasidir. Zirr (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu)ga: «Birodaringiz Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim bir yil qoim bo‘lsa, Qadr kechasini topadi”, deb aytganlar”, deganida, Ubay ibn Ka’b: “Alloh Abu Abdurahmon (ya’ni, Ibn Mas’ud)ni mag‘firat qilsin, chindan ham u Qadr kechasi Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida ekanini bilar edi. Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar u narsaga suyanib qolmasligini xohlab aytmasdi”, dedi. So‘ngra qat’iy tarzda: “Qadr yigirma yettinchi kechada”, dedi. Shunda men: “Ey Abu Munzir, nima dalil bilan bunday deysan?” dedim. U zot: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shu’lasiz chiqadi”, deb javob berdi» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Demak, Qadr kechasining katta alomatlaridan biri – o‘sha kuni quyosh shu’lasiz oqarib chiqadi. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qadr kechasi haqida: “U kecha issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Quyosh o‘sha kuni och qizil holatda chiqadi”, dedilar».
Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men Qadr kechasini bildim. So‘ng u menga unuttirildi. U Ramazon oyining oxirgi o‘n kunidagi kechalaridan biridadir. U kecha ochiq yarqiragan bo‘lib, issiq ham, sovuq ham emas. Go‘yo oy bor kechaga o‘xshaydi. U kecha tong otgunicha shaytonlar chiqmaydi”, dedilar (Tafsiri Samarqandiy).
Shunday ekan, biz ham qo‘limizdan kelganicha kimdir namoz o‘qir, kimdir tilovati Qur’on bilan, yana kimdir tasbehu tahlil kabi toatu ibodat va duolar bilan mashg‘ul bo‘lib Qadr kechasini o‘tkazsak, Yaratganning ulkan in’omidan bahramand bo‘lamiz.
Shodi HAQBЕRDIYEV,
Urgut tumani bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ey aziz yoshlar!
Siz giyohvand moddaning quliga aylanish uchun dunyoga kelmagansiz.
Alloh sizni buyuk maqsadlar uchun yaratdi. Siz go‘zal orzular sari qadam tashlaydigan, ilm olish, Insoniyyatga xizmat qilish, ota-onangizning yuzini yorug‘ qilish uchun yaratilgansiz.
Sizni onangiz to‘qqiz oy bag‘rida ko‘tarib, tunlari uyqusiz qolib, ko‘z yosh to‘kib katta qilgani – bir kun kelib ko‘chalarda sarson bo‘lishingiz uchun emas.
Otangizning peshona teri, mashaqqati va umri – zahar tutatib o‘tirishingiz uchun emas.
Bir lahza to‘xtab o‘ylab ko‘ring...
Agar bugun siz qo‘lingizdagi giyohvand moddaga qarayotgan bo‘lsangiz, bir chetda onangiz sizning kelajagingiz haqida duo qilib o‘tirgandir. Agar siz gunohga qadam qo‘yayotgan bo‘lsangiz, otangiz sizni odamlar ichida hurmatli inson bo‘lsin deb mehnat qilayotgandir.
Siz buning uchun tug‘ilmadingiz!
Sizning qo‘lingizda kashfiyotlar kaliti bo‘lishi kerak edi, zahar emas.
Sizning tilingizda shukru zikr bo‘lishi kerak edi, dillarni og‘ritadigan gaplar emas.
Sizning qalbingizda orzu va maqsadlar bo‘lishi kerak edi, pushaymonlik emas.
Bugun sizni gunohga chorlayotgan "do‘stlar" qabrga siz bilan kirmaydi. Hisob-kitob kunida ham yoningizda turmaydi. Ammo qilgan amallaringiz siz bilan birga boradi.
Shuning uchun hali vaqt bor ekan, ortga qayting!
Bir dona tavba ba’zan yillar davom etgan gunohdan kuchli bo‘ladi.
Bir dona qat’iy qaror ba’zan butun hayotni o‘zgartirib yuboradi.
Ey yosh musulmon! Siz TikTok va Instagram lentasida adashib qoladigan, nafsining ortidan yuguradigan avlod emas, balki tarix yozadigan avlodsiz.
Siz ummatning umidi.
Siz ota-onangiz duosi.
Siz jonajon vataningizning ertangi umidisiz.
Siz ilm majlislarining bezagisiz.
O‘zingni arzon narsalarga sotib yubormang. Chunki Alloh sizni juda qimmat yaratgan.
Bir lahzalik kayf uchun bir umr afsus chekishga arzimaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q”.
Giyohvand moddaga berilgan inson ham o‘ziga ham boshqalarga ulkan zarardir.
Ulamolarimiz aytadilar: “Ma’siyatlarning boshlanishi shahvatdir, oxiri esa hasrat va nadomatdir”.
Bugun gunoh lazzatdek ko‘rinadi, ammo ertaga qalbni ezadigan pushaymonlikka aylanadi.
Ey yoshlar! Bir lahzalik lazzat uchun bir umr hasrat chekib qolmang. Giyohvandlik sizga baxt va erkinlik emas, qullik va pushaymonlik olib keladi. O‘zingizni ham, ota-onangizning umidlarini ham asrang!
Alloh barcha yoshlarimizni giyohvandlik, ichkilikbozlik va har bir yomon illatdan asrasin. Omin.
Nuriddin HAMRAQULOV,
Yakkasaroy tumani “Rahimjon hoji ota” jome masjidi imom noibi