Nihoyat ovrupalik olimlar Qur’oni karimning “odam loydan yaratilgan” degan oyatini tan oldi. Keyingi yillarda geologiya va biologiya sohasidagi yetakchi olimlar “odamning loydan qanday yaralgani” masalasini izchil tadqiq etdilar. Ana shu tadqiqot ustida Massachusetts Teknoloje institutidan Xayman Xartman, Kaliforniya universitetidan Leyl M.Koyn, Belgiyaning Liege universitetidan Per Lazio va Glasgow universitetidan Graxman K.Smit kabi taniqli olimlar ishlamoqdalar.
“Barcha insonni chiroyli qilib yaratgan Zotdir. Insonni yaratishni esa (ilk bor) loydan boshladi” (Sajda surasining 7-oyati);
“U insonni (Odamni) sopol yanglig‘ obdon quritilgan loydan yaratdi” (Ar-Rahmon surasining 14-oyati), .
“Barcha insonlarni chiroyli qilib yaratgan Zotdir” kalimasiga e’tibor qiling. Qachonki, “loy” so‘zini tilga olar ekanmiz, ko‘z oldimizda pashsha-yu chivinlarga to‘la – jamiki yuqumli kasalliklarning manbai bo‘lgan botqoq gavdalanadi. Alloh taolo o‘z marhamati bilan ana shunday ko‘rimsiz, birov qaragisi kelmaydigan, pashshalar ijg‘ib yotgan, badbo‘y-u, haqir loydan shu qadar go‘zal odamni yaratdi. Buni qarangki, eng sifatli sopolchilik mahsulotlari ham loydan tayyorlanar ekan.
Agar yopishqoq bo‘lmaganida, loyni qumga qo‘shib qorishtirilmaganida elektronika ham, mintaqalararo va sun’iy yo‘ldoshlararo aloqalar ham bo‘lmas edi. Hatto XX asrning eng buyuk ixtirosi – kompyuter ham bo‘lmas edi.
Asosiy elektron elementlar (diod, tranzistor, rezistor va boshqa) – yarimo‘tkazgichlar – loydan boshqa narsa emas.
Balchiq loyining xususiyatlari bitmas-tuganmas. U – ajoyib katalizator, neftni qayta ishlash borasida beqiyos tezlashtiruvchi. Loy narsalar tarkibidagi zaharlarni o‘ziga singdirib olib uni tozalaydi va zaharning kuchini kesadi. Uning yana bir muhim xususiyati, u radiatsiya nurlarini o‘ziga tortib oladi. Radiaktiv nurlarni o‘ziga singdirib olish bilan u atrof-muhitning tozaligiga hissa qo‘shadi.
Balchiq (loy) – tirik organizm.
“Zotan, Biz ularni yopishqoq loydan yaratgandirmiz” (Soffot surasining 11-oyati).
Doktor Leyl M.Koyn ta’kidlashicha, “Ko‘rinishidan qimirlamaydiganga o‘xshagan loyning ichida g‘oyatda sirli hayot kechadi. Bir parcha muzlatilgan loyni, – deb yozadi u, – bolta bilan urib sindirdim va kashfiyot qildim: laboratoriyada bir oy davomida ultrafialet nur taralib turdi. Meni hayratga solgani, uning manbai balchiq loyi edi”.
Nima bo‘ldi? Loy qattiq elementlardan iborat. Kristallarning molekulalari qator doirachalar va barglar qiyofasini hosil qiladi. Ularning ustiga o‘tkazgich ionlar halqasi joylashadi. Ionlar “ximiyaviy reaksiya kashshoflari” bo‘lib, loyning har bir qismi ichiga joylashib o‘zlariga topshirilgan dastur bo‘yicha harakatlanadi.
Balchiq loyi o‘zining ana shu xususiyati bilan to‘qimaning xuddi iondek mayda qismlari tezlashtiruvchi funksiyani bajaradigan tirik to‘qimani esga soladi.
Mulohaza uchun mavzu
Tadqiqot natijalari ko‘rsatishicha, tashqi ta’sirlar sababli kristallning ion xalqalari uziladi, ammo oradan bir qancha vaqt o‘tib bargmonand molekulalar ularni yana qayta tiklaydi.
Jeym Glekning fikricha, “Kristallardagi ionlar xalqasining harakatlanishi shaxmat doskasida figuralarning mantiqli harakatiga o‘xshaydi”.
Leyl M.Koyn ta’kidlashicha, “Loyning kristall birikishi uning imkoniyatlariga ta’sir qilmaydi, shunday qilib tozalangan kristall xuddi oppoq qog‘ozga o‘xshab qoladi. Ionlar xalqasi harakatining elektr o‘tkazish xususiyati mavjud, faqat buning uchun ozgina tashqi harakat ta’siri lozim. Bu kundalik turmushning asosi hisoblanadi – tashqaridan energiya olish va uni sarflash. O‘zini o‘zi yangilab olishi esa keyingi bosqich. Ana shu ikki holatda ham loyning ishtirok etishi undan hayot yaralgani haqidagi nazariyani yana bir bor tasdiqlaydi”.
Bu haqda doktor Xartman nima deydi: "Yanada zamonaviyroq aslaha bilan biz molekulalarni o‘rganish bilan cheklanmasdan, mavzuga yanada chuqurroq kirib borib, atom tuzilishini ham tadqiq etib, shubhasiz, undan-da yuqoriroq natijani qo‘lga kiritishimiz mumkin edi, ammo o‘shanda, ishonchim komilki, biz yerda hayot qanday paydo bo‘lganini o‘rgana olmas edik" .
"Menimcha, – deb yozadi tadqiqotchi, – “hayot” va “tirik” tushunchalari atom va molekulalarning moddiyligi bilan kifoyalanmaydi. Loyning xususiyatini o‘rganish borasida qanday katta yutuqlarni qo‘lga kiritmaylik, baribir, undan odam qanday yaratilganini amaliy jihatdan asoslab bera olmaymiz. Chunki bu hodisa bizning aqliy va intellektual salohiyatimizdan baland turadi. Hayotning aqlbovar qilmas formulasining sirini Yaratuvchining O‘zi biladi. Biz ana shu masala haqida tafakkur qilishimiz mumkin, ammo hech qachon laboratoriyada hayot yarata olmaymiz".
Doktor Xartmanning “hayotga tiriklik beradigan” degan ifodasi bu – ruh. Bu haqda Qur’oni karim va hadisi sharifda ma’lumot berilgan. Ruhning mohiyati va harakati inson aqliga bo‘ysunmaydi. Zotan, Qur’oni karimda: “(Ey Muhammad!) Sizdan ruh haqida so‘raydilar. Ayting: “Ruh faqat Rabbimning ishidandir”. Sizlarga oz ilm berilgandir" (Isro surasining 85-oyati), deb marhamat qilingan.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
Joriy yilning 27 iyun kuni Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazida “Tamaddun” loyihasi qo‘shma dasturi asosida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Toshkent islom instituti, Imom Moturudiy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Mir Arab Oliy madrasasi, Jo‘ybori kalon ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti va Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti xodimlari va mutaxasislar ishtirok etdilar.
Konferensiyada radikalizm, takfiriy guruhlar va yot fikriy talqinlarga qarshi kurashda sof Naqshbandiylik tariqati, Moturidiylik aqidasi va Hanafiylik mazhabining o‘rni beqiyos ekanligi alohida qayd etildi.
Ishtirokchilar tasavvuf aslo boqimondalik emasligini, aksincha, sovet davrida insonlarni materialistik hayotga moslashtirish uchun ataylab soxta tariqatchilik g‘oyalari yoyilganini tarixiy dalillar bilan ko‘rsatdilar.
Diniy qadriyatlarni tiklash va bag‘rikenglikni mustahkamlashni maqsad qilgan ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston ulamolari bilan bir qatorda xorijlik olimlar, jumladan, Buxoro davlat universiteti professori Ayman Usmon Ash-Shuray’iy va Turkiyaning Dicle universiteti xodimi Mustafa Alagözoğlu ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Konferensiya yakunida bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda bir qator amaliy takliflar ilgari surildi. Jumladan, sof Naqshbandiylik manbalarini aks ettiruvchi maxsus raqamli platformalarni ishlab chiqish va diniy ta’lim muassasalari dasturlariga tasavvuf fanlarini chuqurlashtirilgan holda kiritish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida mehnatsevarlikni targ‘ib qilish maqsadida “Dast ba koru dil ba yor” (Qo‘ling ishda, qalbing Allohda bo‘lsin) shiori ostida yashab o‘tgan Naqshbandiya ulamolarining hayot yo‘lini tizimli ravishda o‘rgatishga katta e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.