frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz

17.06.2017   98646   4 min.
Shoyadki  taqvodor bo‘lsangiz

Nafsimizni tarbiya qilishda yordam beradigan muborak ramazon oyini bizga nasib  qilgan mehribon  Parvardigorimizga  beadad hamdu-sanolar bo‘lsin!

Hayotlarining har bir lahzasi biz uchun ibrat manbai bo‘lgan habibimiz va shafoatchimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga  mukammal salovotu durudlar bo‘lsin!

Ramazoni sharif boshimizga soyabon bo‘lib kelganida bu muborak oyning fazilatidan bahramand bo‘lib qolishga intilamiz. Ro‘za tutish ibodati bilan qalbimizda taqvo urug‘ini ekib, hosilini olishga harakat qilib qolamiz.

Alloh taolo oyati karimada:

«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham, ro‘za tutish farz qilindi, shoyadki (u sababli), taqvoli bo‘lsangiz», deydi (Baqara surasi 183).

Taqvo  arab tili lug‘atida “saqlanmoq, qo‘rqmoq” degan ma’nolarni bildiradi.  Istilohda esa, “Taqvo bu- inson Allohning g‘azabidan qo‘rqib, o‘zini harom ishlardan saqlashi va tiyilishi”   deb tushuniladi.

Ro‘za tarbiyasi orqali taqvoga ega bo‘lishimiz kerak. Insonni taqvodor bo‘lishiga olib boradigan omillar ko‘p. Ulardan biri esa ro‘zadir.  Demak, ro‘za ham taqvo yo‘llaridan bittasi bo‘lib, kishi qalbida taqvo hissini  uyg‘otishi kerak bo‘ladi. Inson ro‘za tutsa-yu, qalbida taqvo hissi uyg‘onmasa, u odam haqiqiy ro‘za tutmagan bo‘ladi. Ro‘za tufayli inson yolg‘on gapirishni, g‘iybat qilishni va moloyaniy so‘zlarni tark qilishi, qalbidan bunday kasalliklarni chiqarib tashlashi kerak bo‘ladi.

Xadisi sharifda:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Kim yolg‘on gapirishi, unga(yolg‘onga) amal qilishini tark qilmasa, uni och qolib taom va sharobini tark  qilmog‘iga (ya’ni ro‘za tutishiga) Allohning ehtiyoji yo‘q” -dedilar (Buxoriy rivoyati)

Ro‘za tutgan odam o‘zini nafaqat yemoq va ichmoqdan, balki noma’qul gap-so‘z va ishlardan ham tiymog‘i lozim. Inson o‘zini taom va sharobdan tiyib tursa-yu, lekin  yolg‘on, ig‘vo, g‘iybat, bo‘hton kabi so‘zlarni gapiraverishdan tilini tiymasa, noshar’iy ishlarni qilaverishdan jasadini to‘xtatmasa, uning tutayotgan ro‘zasidan xech qanday foyda bo‘lmaydi.

 

Oyati karimada «Shoyadki, taqvoli bo‘lsangiz», deb ro‘zadan ko‘z­langan asosiy maqsadni juda chiroyli  bayon qilib qo‘ymoqda.

Ro‘za havoyu nafsni jilovlashga, istak maylini  izga solishga xizmat qiladi. Ro‘za nafsni istak va hoxish balosidan qutilib, Allohning toati­ga xolis ajrab chiqishga yordam beradi.

Kimki iymon va e’tiqod bilan ro‘za tutsa, Alloh taolo o‘sha bandasini taqvo, deb nomlanuvchi, ikki dunyo saodatiga eltuvchi, qiyomatda “Rayyon”deb nomlangan eshikdan jannatga kirish baxtiga  ega bo‘luvchi insonlar qatorida  qiladi. 

 Inson o‘zini-o‘zi nazorat qilmog‘i lozim.   Bu nazorat esa ro‘za  tutish orqali paydo bo‘ladi.

Bir kuni hazrati Umar  Ubay ibn Ka’bdan so‘radilar.

- “Alloh taolo Qur’oni karimda taqvoni ko‘p amr qilgan. Taqvo o‘zi nima?”

Ubay ibn Ka’b juda mazmundor qilib javob berdilar:

- “Ey Umar, sen tikanli dalada yurganmisan? ”

- “Xa,yurganman!”, deb javob berdi.

- “Qanday qilib yurgansan?”, deb so‘radi. Ubay ibn Ka’b

- “Ko‘ylagimni etaklarini yig‘ib olib yurganman”- dedi. (Arablar uzun ko‘ylak kiyadilar).

-“Nega bunday qilib yurarding?”- deb so‘radi. Ubay ibn Ka’b

-“Tikanlar etaklarimni yirtmasligi va oyog‘imga tikanlar kirmasligi uchun”-dedi.

“Taqvo ham shunday!”- deb javob berdi.Ubay ibn Ka’b

Ubay ibn Ka’b juda olim kishi edi. Qarang qanday ajoyib javob berdilar

Demak ro‘za tarbiyasi orqali taqvoga ega bo‘lamiz, shu sababli taqvo egalariga xozirlab qo‘yilgan jannatga kirishga musharraf bo‘lamiz.

Allox taolo Qur’oni Karimda: “Jannat va undagi ne’matlar taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan” –deb marhamat qiladi. (Oli imron surasi, 133 oyat)

Taqvoga esa Ramazon oyida Payg‘ambarimiz Muhammad alayxissalomning sunnatlariga amal qilgan holda ro‘za tutish orqali erishamiz.

 

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

“Kulol-Qo‘rg‘on” masjidi imomi

Muxammadrasul Abdullayev

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   43036   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari