Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Tarovehda go‘zal bir tarovat bor

15.06.2017   101528   2 min.
Tarovehda go‘zal bir tarovat bor

Kecha poytaxtning Bektemir tumanidagi “Alibek” masjidida taroveh o‘qiyotgan edik. To‘rtinchi tasbehdan so‘ng imom-xatib Iskandar domla: “Muhtaram birodarlar, masjidimizga O‘zbekiston musulmonlari idorasining Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muhammanazar Qayumov domla tashrif buyurdilar. Hozir u kishi sizga Ramazon oyidagi ibodatlarning fazilatlari haqida qisqacha so‘zlab beradilar”, dedi.

Muhammadnazar domlaning hamdu sano, durudu salovatdan keyin so‘zini boshlaganda aytgan birinchi jumlasini eshitganda yonimda o‘tirgan qo‘shnim “g‘ilt” etib yutindi. Qarasam, ko‘zi yoshga to‘lib turibdi. O‘sha iboraning mazmuni bunday edi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kirishini xursandchilik bilan kutib olgan kishining jasadi do‘zaxga haromdir”, dedilar. Azizlar, biz Ramazonni yil davomida kutamiz, u yaqinlashgan choqlarda xursandchiligimiz yanada ziyoda bo‘ladi...”

Namozni tugatib  masjiddan chiqqanimizda odamlar “Domla zo‘r ekan-yey”, “Notiq ekan-da, notiq”. “Haqiqatan olim ekan, umri ziyoda bo‘lsin” va shunga o‘xshash gaplar bilan Muhammadnazar domlani alqab ketaverdi. Men qo‘shnimdan nega ko‘ziga yosh kelganini so‘radim. U aytadi: “Ramazon kirayotganda hamma xursand bo‘ladi. Men ham shunga harakat qilaman. Ammo negadir, xursandchiligimda kemtiklik borga – hammaga xursandchilik bo‘lgan Ramazon menga mehnatga o‘xshab tuyiladi. Tarovehga ham xatmdan qolib ketmayin deya arang kelaman. “Nega bir milliarddan ortiq musulmon sevingan Ramazondan sen sevinmaysan”, deya o‘zimni malomat qilaman. Muhammadnazar domla ana shu savolimga javob topib berdi. “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon kirishini xursandchilik bilan kutib olgan kishining jasadi do‘zaxga haromdir”, dedilar”.

Demak, odamlar Ramazon kirganda do‘zaxdan xalos bo‘lganiga sevinar ekanlar. Axir bundan ortiq xursandchilik, bundan ortiq tantana bo‘lishi mumkinmi! Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ana shu hadisi sharifini, balki o‘zim ham o‘qigandirman-u, e’tibor qilmagandirman. Lekin domla uni shunday tushuntirdiki, o‘sha choqda men o‘zimdan do‘zaxning vahshatli olovlari chekinganini aniq tasavvur qildim. Ana endi men ham boshqalarga o‘xshab chin dildan sevinadigan bo‘ldim, Allohga shukr”.

Qo‘shnimning chin dildan gapirgan e’tiroflarini eshitib borayotib, qanday ajoyib inson, qanday samimiy musulmon, naqadar ilmga chanqoq siymo deb o‘yladim. Uning samimiyatiga havas qildim.

Muhammadnazar domlaning suhbati boshqalarda ham shunday ajoyib tuyg‘ular uyg‘otgan edi. Baribir, iymonlashish, xususan, olimu voizning suhbatidan bahra olishning o‘ziga xos fayzi bor-da.

Damin JUMAQUL

Ramazon
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   39161   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV