Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyul, 2026   |   14 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:35
Shom
19:49
Xufton
21:16
Bismillah
28 Iyul, 2026, 14 Safar, 1448

Iftorlik fazilati

15.06.2017   99190   15 min.
Iftorlik fazilati

 

Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, diyorimiz musulmonlari har yili ramazon ro‘zasini tinchlik-osoyishtalik, bag‘ributunlik bilan ado etmoqdalar. Darhaqiqat, bu oyda imon-e’tiqod bilan qilinadigan duolar mustajob bo‘ladi. Chunki muborak oyda Alloh taolo bandalariga osmon eshiklarini ochib, har bir duo qilguvchining duosini qabul qiladi. 

“Ramazon” so‘zi besh harfdan iborat. Uning har bir harfiga ulamolarimiz shunday ma’no berganlar. “Ro” – “rahmat”, “mim” – “mag‘firat”, “zod” – “zimonun liljannat” (jannatga kirish uchun kafolat), “alif” – “amanun minannar” (do‘zaxdan omonlik), “nun” – “nurun minalloh” (Alloh tomonidan nur) ma’nolarini anglatadi.

Ushbu so‘zimizni Imom Termiziy (rahmatullohi alayh)dan rivoyat qilingan: “Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozodlik kunlaridir”, hadisi sharifi ham quvvatlaydi. Ya’ni: “ro” harfi ramazonning avvali bo‘lgan rahmat kunlariga, “mim” o‘rtadagi mag‘firat kunlariga, “zod” va “alif” harflari oxiridagi “do‘zaxdan ozod bo‘lish” kunlariga, “nun” harfi esa butun ramazonning natijasida hosil bo‘ladigan nurga dalolat qiladi.

Ramazon oyining fazilatlarini batafsil bayon qilguvchi hadisni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) rivoyat qilib, jumladan bunday dedilar: “…Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki u oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan savob beriladi”. Shunda biz: “Ey Rasululloh! Biz hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir ho‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki ro‘zadorning qornini to‘yg‘azsa, Alloh qiyomatda unga havzi kavsaridan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Ramazon – avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilish oyidir. Kimki u oyda xodimlarning og‘irini yengil qilsa, Alloh uning gunohlarini kechiradi hamda do‘zaxdan ozod qiladi”, dedilar”.

Iftor paytidagi duolar ijobatdir. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Uch toifa insonning – ro‘zadorning yoki iftor qilayotgan ro‘zadorning, odil podshohning va mazlumning duosi mustajob bo‘ladi” (Termiziy, Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

Shu o‘rinda bir mulohaza: Ba’zilar “Ro‘zadorni to‘ydirgan odam ro‘za tutganning savobini oladi”, degan gapni xato talqin etishadi, iftorlik marosimi uyushtirib, ko‘p odamlarni chaqiradi, keyin o‘zi ro‘za tutmay yuraverishadi. Bu odat mutlaqo xato tushuncha oqibatidir. Avvalo, bu gapdan o‘zi ro‘za tutmasa bo‘laveradi degan xulosa chiqmaydi. Qolaversa, hech bir savob ish farz ibodatni tark qilishga sabab bo‘la olmaydi.

Iftorlik qilish deganda, albatta dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga taom yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlikdir. Chunki shunisi riyodan xoli bo‘ladi.

Ba’zi iftorliklarda dabdabaga berilib ketish, noshar’iy ishlarni aralashtirib yuborish hollari ham uchrab turadi. Bunga o‘xshash holatlarni tugatish zarur.

Miskinga taom berish ro‘za tutishning o‘rniga o‘tishi esa, fidya berish deyiladi. Bunga Qur’oni karimda ruxsat berilgan. Biroq fidyaga o‘ta qariliklari, darmonsizliklari sababli ro‘za tuta olmay qolgan otaxon va onaxonlar haqlilar, xolos. Ulamolarimiz bu toifaga tuzalishidan umid yo‘q surunkali kasalga chalingan kishilarni ham qo‘shganlar. Faqat ana shu toifadagi kishilargina ro‘za o‘rniga fidya berishlari mumkin. Qolganlarga bu ruxsatning daxli yo‘q. Boshqa kishilar dunyodagi barcha miskinlarni to‘yg‘azsalar-da, farz ro‘zaning bir soati ham ulardan soqit bo‘lmaydi.

Ro‘za insonni hayotning barcha achchiq-chuchuklariga bardosh berish va ularga sabr qilishga hozirlaydi. Ruhan, aqlan va jismonan kamol topishida yordam qiladi va jamiyat rivojlanishi, taraqqiy etishi yo‘lidagi qiyinchiliklarni bartaraf etishga o‘rgatadi.

Shuningdek, ro‘zadorning o‘zi, oilasi va ummat uchun serob­lik, farovonlik hosil bo‘ladi. Ochlik va chanqoqlik nimaligini o‘zidan o‘tkazgan ro‘zador, bunday azobni tortayotgan kambag‘al, bechoralarga yaxshilik ko‘rsatishga harakat qiladi.

Alloh taolo muborak ramazon oyida tutayotgan ro‘zalarimizni, toat-ibodatlarimizni o‘zining fazlu karami ila qabul qilib, barchalarimizni ulug‘ ajru savoblarga erishtirsin!

 No‘mon Atabayev

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi

27.07.2026   13612   1 min.
Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi

“Buyuk vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–275-son, 24.07.2026 y.) qabul qilindi, xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.

Qarorga ko‘ra, joriy yilda Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi.

Termiz shahrida 2026 yil noyabr oyida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

Hakim Termiziyning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari hamda allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashr etiladi.

2026 yil davomida Hakim Termiziy ilmiy merosiga oid turkum risolalar nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblar munosib taqdirlanadi.

Alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri 2026 yil noyabr oyida “Mardlar maydoni” shiori asosida yuqori saviyada o‘tkaziladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari