Shu kunlarda Masjidul Harom va Payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam masjidi ishlari bo'yicha Bosh rahbariyat davlat idoralari bilan hamkorlikda Baytulloh ziyoratchilarining xavfsizligi va salomatligini ta'minlash maqsadida favquloddagi rejalarini faollashtirdi. Unda Harom masjidi hududida kuchli yomg'irlar keltirib chiqaradigan turli noxushliklarni oldini olish va ziyoratchilarga qulay sharoitlar tashkil etish o'rin olgan.
Buning uchun Baytulloh xizmatlari va atrof-muhitni muhofaza qilish idorasi vakillari Masjidul Haromda kuchli yomg'irli vaziyatlarni bartaraf etish va muammoga yo'l qo'ymaslik maqsadida 200 dan ortiq nazoratchi va kuzatuvchi, 4000 nafar erkak va ayol ishchi hamda 500 dan ortiq texnikani jalb qildi.
10 aprel' kuni Makkadagi ziyoratchilar kuchli yomg'ir ostida qolishdi. Ka'bani tavof qilish vaqtida Makkada yomg'ir yog'a boshladi va ziyoratchilar suv oqimlari ostida ziyoratgoh atrofini aylanib chiqishda davom etdi, deb yozadi “Islam news” matbuoti “al-Arabiya” telekanali xabariga tayanib. Ko'pchilik ziyoratchilar bu paytda aytiladigan maxsus yomg'ir duolarini o'qishdi.
Bu paytda xavfsizlik va birinchi tibbiy yordam xodimlari yomg'ir bilan bog'liq noqulayliklar oldini olish uchun chora ko'rishdi.
O'MI xodimi I.Ahmedov tayyorladi
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati