Keling ey ro‘zadorlar, birga iftor etaylik,
Behuda so‘zni tashlab shirin guftor etaylik.
O‘ltirib dasturxon atrofida yoronlar,
Shukroni ne’mat aylab, qullik izhor etaylik.
Sahar turib Xudoga tavba tazarru’ aylab,
Nuri imonimizni sof, beg‘ubor etaylik.
Ro‘zani amr etibdur Islomga Haq taolo,
Ado etib bu farzni talab diydor etaylik.
Sabr ila bu kechirgan ochlik va tashnalikdan,
Ibrat olib muhtojlar ko‘nglin shukkor etaylik.
Mohi sharif kelganda jurmu-xatodin o‘zni,
Saqlab qilib ibodat, tavvob sayyor etaylik.
Ro‘za bilan barobar nafs yo‘lini berkitib,
Gunoh loyiga botmay elni hushyor etaylik.
Ro‘zani ajrini xos Tangri O‘zi berarmish,
Damni g‘animat aylab, toatni yor etaylik.
Bir kechani bu oyda pinhon etibdur Subhon,
Istab ani yoronlar o‘zni bedor etaylik.
Fazilati bu kechani qadri ming oyga tengdir,
Muborak xislatini xo‘p e’tibor etaylik.
Allohning izni birla farishtalar tusharlar,
Alar bilan barobar tasbeh takror etaylik,
Hushnudni ham qatorda sohib asror etaylik.
Zarifa Mahkam qizi oqqa ko‘chirdi.
Shu yil 21 may kuni ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, otinoyilar faoliyatini takomillashtirish maqsadida Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan otinoyilar va targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokida o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Egamova va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning mas’ul xodimi Shahzod G‘afurovich ishtirok etdi.
O‘quv-seminarda fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi mazmun-mohiyati tushuntirildi. Shuningdek, otinoyilar faoliyati bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi qo‘llanma bilan tanishtirilib, har bir bandiga izoh berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati