Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyul, 2026   |   26 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
05:00
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
11 Iyul, 2026, 26 Muharram, 1448

Albaniyada Ramazon

09.06.2017   69638   1 min.
Albaniyada Ramazon

Muborak Ramazon oyini kutib olishda xalqlarning har birining o‘ziga xos urf-odatlari va an’analari mavjud. Yevropa qit’asida joylashgan Albaniya davlati musulmonlari ham Ramazon oyini shodu-xurramlik bilan qarshilashadi. Alban xalqi Ramazon oyi kelishi bilan qaysi din vakili bo‘lishiga qaramay, qo‘shnilariga taomlar tarqatadi, mehmonlar uchun ziyofat dasturxoni yozadi. Bu muborak oyda qilinadigan odat tusiga  kirgan eng yaxshi rasm-rusumlardan biri – qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash, bordi-keldi ziyoratlarini uyushtirish va jamoat uchun iftorlik dasturxonlarini yozishdir.

Albaniyalik musulmonlar Ramazon oyida iftorlik dasturxoniga go‘sht bilan tuxum qo‘shilgan taomlar, uzum va olxo‘ri sharbati, loviya, karam, kartoshka va har xil ziravorlardan tayyorlangan suyuq taomlar tortiq qilishni xush ko‘rishadi.

Ramazon oyiga hozirlik ko‘rish uchun quruq go‘shtlar, loviya oldindan saqlab qo‘yiladi. Sut mahsulotlari bu muborak Ramazon oyida ko‘p miqdorda iste’mol qilinadi. Shuningdek, albanlar qo‘y, buzoq va echki go‘shtlarini sut va kartoshka bilan aralashtirib tayyorlangan taomlarni hamda tovuq go‘shtini qaynatilgan guruch va sutli patir bilan tanovul qilishni yoqtirishadi.

Shuningdek, Ramazon oyida albanlar “Sims”, “Kadoif”, “Shakarbarya” va “Pahlava” kabi maxsus shirinliklar tayyorlashadi. 

Muhimi ular ro‘za ibodatini kishining o‘zini har qanday yomon xulq va fahsh so‘zlarni gapirishdan uzoq bo‘lishi deb bilib, bu salbiy illatlardan nafsini tiyishga harakat qiladilar. Masjidlarda taroveh namozida qatnashadi, Qur’onni xatm qilishadi. Ayniqsa, alban xalqi “Laylatul qadr” kechasini o‘zgacha tarovat bilan qarshilaydi. Unda maxsus “Hosud” nomli shirinlik tayyorlab, qarindoshlar va qo‘shnilarga tarqatadilar, bir-birlariga ezgu tilaklar bildirishadi.   

 Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi

Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.

Ramazon
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺning duolari: Alloh yuzini yorug‘ qilsin

08.07.2026   8735   2 min.
Rasululloh ﷺning duolari: Alloh yuzini yorug‘ qilsin

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisni yodlab, boshqalarga yetkazgan kishilar haqida bunday deganlar:

نَضَّرَ اللَّهُ امْرَأً سَمِعَ مِنَّا شَيْئًا فَبَلَّغَهُ كَمَا سَمِعَهُ

"Bizdan bir so‘z eshitib, uni qanday eshitgan bo‘lsa, shunday yetkazgan kishining yuzini Alloh yorug‘ qilsin" (Imom Termiziy rivoyati).

Bu muborak duo asrlar davomida muhaddis ulamolarga kuch va g‘ayrat bag‘ishladi. Ular hadislarni to‘plash uchun cho‘l-sahrolarni kezdilar, uzoq mamlakatlarga safar qildilar, ochlik va qiyinchiliklarga sabr qildilar. Ba’zi muhaddislar atigi bir dona hadisni tekshirish uchun oylab yo‘l bosganlar.

Imom Sharafuddin Tiybiy rahmatullohi alayh mazkur hadisni sharhlar ekan, jumladan, bunday deydilar:

وَإِنَّمَا خَصَّ حَافِظَ سُنَّتِهِ وَمُبَلِّغَهَا بِهَذَا الدُّعَاءِ؛ لِأَنَّهُ سَعَى فِي نَضَارَةِ الْعِلْمِ وَتَجْدِيدِ السُّنَّةِ، فَجَازَاهُ فِي دُعَائِهِ لَهُ بِمَا يُنَاسِبُ حَالَهُ فِي الْمُعَامَلَةِ

“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatni ko‘z qorachig‘idek asrab, uni odamlarga yetkazgan zotlarni aynan mana shu duo (yuzning nurli va go‘zal bo‘lishi) bilan siylaganlari bejiz emas. Zero, muhaddislar ilmning tarovatini saqlash va sunnatni qayta jonlantirish yo‘lida butun borliqlari bilan harakat qildilar. Sarvari koinot ham ularning qilgan mana shu go‘zal amallari evaziga, yuzlariga ikki dunyo go‘zalligi va nurini tilab, duo qildilar” ("Sharhu Mishkotil masobih" kitobi).

Sufyon ibn Uyayna rohimahulloh ham mazkur hadisni sharhlab, aytadilar:

لَيْسَ مِنْ أَهْلِ الْحَدِيثِ أَحَدٌ إِلَّا وَفِي وَجْهِهِ نَضْرَةٌ لِهَذَا الْحَدِيثِ

“Muhaddislardan har bir kishining yuzida ushbu hadis(dagi duo) sababli nur va tarovat bo‘ladi”.

Imom Shofe’iy rahimahulloh muhaddislarning maqomi haqida aytganlar: "Har bir zamondagi muhaddislar o‘z zamonidagi sahobalarga o‘xshaydilar. Men biror muhaddis olimni ko‘rsam, go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birini ko‘rgandek bo‘laman".

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan dinni qabul qilib, keyingi avlodga yetkazgan bo‘lsalar, muhaddislar ham shu omonatni asrab kelgan vorislardir.

Shuning uchun sunnatni o‘rganish, muhaddislarni hurmat qilish va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘llariga ergashish har bir mo‘min uchun sharafli vazifadir.