Muborak Ramazon oyini kutib olishda xalqlarning har birining o‘ziga xos urf-odatlari va an’analari mavjud. Yevropa qit’asida joylashgan Albaniya davlati musulmonlari ham Ramazon oyini shodu-xurramlik bilan qarshilashadi. Alban xalqi Ramazon oyi kelishi bilan qaysi din vakili bo‘lishiga qaramay, qo‘shnilariga taomlar tarqatadi, mehmonlar uchun ziyofat dasturxoni yozadi. Bu muborak oyda qilinadigan odat tusiga kirgan eng yaxshi rasm-rusumlardan biri – qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash, bordi-keldi ziyoratlarini uyushtirish va jamoat uchun iftorlik dasturxonlarini yozishdir.
Albaniyalik musulmonlar Ramazon oyida iftorlik dasturxoniga go‘sht bilan tuxum qo‘shilgan taomlar, uzum va olxo‘ri sharbati, loviya, karam, kartoshka va har xil ziravorlardan tayyorlangan suyuq taomlar tortiq qilishni xush ko‘rishadi.
Ramazon oyiga hozirlik ko‘rish uchun quruq go‘shtlar, loviya oldindan saqlab qo‘yiladi. Sut mahsulotlari bu muborak Ramazon oyida ko‘p miqdorda iste’mol qilinadi. Shuningdek, albanlar qo‘y, buzoq va echki go‘shtlarini sut va kartoshka bilan aralashtirib tayyorlangan taomlarni hamda tovuq go‘shtini qaynatilgan guruch va sutli patir bilan tanovul qilishni yoqtirishadi.
Shuningdek, Ramazon oyida albanlar “Sims”, “Kadoif”, “Shakarbarya” va “Pahlava” kabi maxsus shirinliklar tayyorlashadi.
Muhimi ular ro‘za ibodatini kishining o‘zini har qanday yomon xulq va fahsh so‘zlarni gapirishdan uzoq bo‘lishi deb bilib, bu salbiy illatlardan nafsini tiyishga harakat qiladilar. Masjidlarda taroveh namozida qatnashadi, Qur’onni xatm qilishadi. Ayniqsa, alban xalqi “Laylatul qadr” kechasini o‘zgacha tarovat bilan qarshilaydi. Unda maxsus “Hosud” nomli shirinlik tayyorlab, qarindoshlar va qo‘shnilarga tarqatadilar, bir-birlariga ezgu tilaklar bildirishadi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.
Shu yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi va Islom taraqqiyot banki hamkorligida “O‘zbekistonda vaqf tizimini rivojlantirish: imkoniyatlar va qiyinchiliklar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekistonda vaqf tizimini joriy etish konsepsiyasining natijalari va tavsiyalari taqdim etilib, atroflicha muhokama qilindi.
Davra suhbatida qator davlat, nodavlat va diniy-ma’rifiy tashkilotlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “VAQF” xayriya jamoat fondi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya, Adliya hamda Madaniyat vazirliklari, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi mas’ullari, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Toshkent islom instituti ustozlari hamda islom moliyasi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan konsalting kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Islom ijtimoiy moliyasining muhim vositasi bo‘lgan vaqf tarixan ijtimoiy farovonlik va jamiyat rivojini ta’minlashning muhim institutsional mexanizmi bo‘lib xizmat qilgan. Zamonaviy sharoitda u barqaror rivojlanishga ulkan hissa qo‘shuvchi tizim sifatida e’tirof etilmoqda. Jahon banki, Xalqaro islom moliya ta’limi markazi (INCEIF) va Xalqaro islom moliyasi shariat tadqiqot akademiyasi (ISRA)ning hamkorlikdagi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda global vaqf aktivlarining qiymati 100 milliarddan 1 trillion AQSH dollarigacha baholanmoqda.
Tadbir davomida soha mutaxassislari tomonidan qator dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi. Xususan, islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ekspert, doktor A’lam Asadov “Vaqfning asosiy tamoyillari, barqaror rivojlanish va xalqaro ilg‘or tajriba” mavzusida hamda BMTTD eksperti, doktor Ixtiyorjon To‘raboyev “O‘zbekistondagi hozirgi vaqf tizimining holati: asosiy kamchiliklar va tarkibiy muammolar” mavzusida taqdimot qilishdi. Taqdimotlar yakunida “Al-Muomalat” kompaniyasi rahbari Iskandar Tursunov, “Mezon kengashi” direktori Muzaffar Xusniddinov hamda “Islamic Business and Finance” (IsBF) ta’sischisi Jahongir Imamnazarovlar tizimni rivojlantirish bo‘yicha o‘zlarining amaliy taklif va mulohazalarini o‘rtoqlashdi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tadbir manfaatdor tomonlar uchun O‘zbekistonda tizimli vaqf mexanizmini joriy etishning tegishli huquqiy, me’yoriy va institutsional bazasini ishlab chiqish bo‘yicha muhim muhokama maydoni bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati