Misrda
Shahar ko‘chalar yaltiroq materiallar, fonuslar va rangli chiroqlar bilan bezaladi. Ramazon uchun maxsus fonusni misrlik ustalar rangli oyna va metalldan yasashadi. Ularning eng kattasining balandligi ikki metrgacha bo‘ladi. Fonusning o‘rtasiga ilgari sham yoki mash’al yoqib qo‘yishgan. Hozir esa asosan elektr chirog‘i aylanib turadigan xitoy fonuslari sotiladi.
Kechqurun, kun botganidan so‘ng ko‘cha yuziga katta chodir o‘rnatiladi va istagan kishilarni bepul ovqatlantiraveradi. Ularni asosan, siyosatchilar, biznesmenlar, aktyorlar va shularga o‘xshagan o‘ziga to‘q kishilar tashkil etadi.
Ramazon oyida Misrda turmush tarzi butkul o‘zgaradi. Ayniqsa, bu Qohira va Aleksandriyada seziladi. Kunduzlari shahar ko‘chalar bo‘m-bo‘sh, kafelar, restoranlar yopiq bo‘ladi. Kun botgandan so‘ng hayot qaynay boshlaydi – hamma iftor qilishga va namozini vaqtida o‘qishga shoshiladi. Hatto eng yirik savdo markazlari ham iftor va namoz vaqtida xodimlari iftor qilib namoz o‘qib olishlari uchun ishni to‘xtatib turadi. Tun davomida esa ko‘chalar odamga to‘la bo‘ladi, har tarafdan musiqa sadolar eshitiladi va meva, shirinlik, turli-tuman pishiriqlar, salatlar sotuvchilarning baqir-chaqiri eshitilib turadi
“Bavab” deganlari sahar chog‘ida odamlarning eshiklariga urib “Ey uxlayotganlar, uyg‘oninglar! Ramazoni karimaning saharlik vaqti kirdi!” deb jar soladi.
Iftorga odamlarni to‘pdan o‘q otib yoki qo‘ng‘iroqlar chalib chaqirishadi. Bu vaqtda hamma restoranlar katta chegirmalar qiladi. Yo‘l bo‘yidagi savdo rastalari kambag‘allarga va muhtojlarga tekin ovqatlar tarqatadi. O‘sha rastalarning yonidan o‘tayotgan istalgan kishi to‘xtab iftor qilib ketishi mumkin. Iftor vaqti radio va televideniye orqali ham e’lon qilinadi. Misrliklarning qiziq an’analardan biri – shom namozidan oldin o‘tib ketayotgan avtomobillar oynasidan iftorga yeyiladigan yeguliklar jamlanmasi tashlab ketiladi.
Turkiyada
Turklarning aksari ramazon ro‘zasini tutadi. Shu boisdan odatdagi turkiya hayotida o‘zgarishlar yuz beradi.
Kun davomida ko‘plab qhavaxona va choyxonalar hatto sayyohlar uchun ham yopiladi. Chuuki ro‘zadorlar iftorga ulgurish uchun qisqa ish grafigiga o‘tadi.
Turkiyada bir necha yildan beri Ramazon oyida “tez ovqatlanish chodirlari” faoliyat ko‘rsatadi. Ramazon boshlangani zahoti Istambul shahri rahbariyati kam ta’minlanganlar hamda biror sabab bilan iftor vaqti uyiga yetib olishga ulgurmaydiganlar uchun issiq iftorliklar tashkil etadi. Ularda aksaran talabalar ishlaydi. “Odamlar toza havoda rohatlanib ovqatlanib. suhbatlashib o‘tirsin, konsertlarni, teatr tomoshalarini ko‘rishsin, yarmarkalarni aylansin”, deydi shahar meri Qodir Tolbash.
Ramazon bayramida shahar munitsipaliteti master-klass, qo‘g‘irchoq spektakli, teatrlashgan sahnalar va boshqa madaniy tadbirlarni ham tashkillashtiradi.
An’anaga ko‘ra, shahar aholisining ba’zilariga uyqu zo‘rlik qilib saharliksiz qolib ketmasin degan maqsadda sahar vaqtida jarchilar baraban chalib ramazonni madh etuvchi qo‘shiqlarni baland ovozda kuylaydi. Iftor vaqti kirayotganda masjidlar minorasida olov yoqiladi va ko‘plab shaharlarda to‘plardan o‘q otiladi. Shuning bilan birga muhtojlarga turmush uchun eng zarur ashyolarga to‘ldirilgan “Ramazon paketi” sovg‘a qilinadi.
Pokistonda
Masjidlar, shahar ko‘chalari, kafelar va hatto daraxtlarga ham rangli chiroqlar, turli gulchambarlar bilan oro beriladi.
Pokistonda shariatga qattiq amal qilingani bois restoran, kafe va shunga o‘xshash narsalar yorug‘ vaqtda qat’iyan ishlamaydi. Temir yo‘l vokzallari va aeroportlarda faqat yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan kafelar bundan mustasno. Ko‘chada yeyish va ichish taqiqlangan – qoidabuzar oyning oxiriga qadar qamoqda o‘tiradi.
Saharlik va iftorlik vaqti minoralardan chaqirib e’lon qilinadi. Demak, ularning vaqtini o‘tkazib qo‘yish hollari bo‘lmaydi.
Ramazon oyida kam ta’minlangan kishilar asosiy oziq-ovqatlarini arzon narxlarda olsin uchun maxsus “Ramazon bozori” tashkil etiladi. Oyning oxirida esa hammasi tekin tarqatiladi.
Ramazonning birinchi jumasida marhumlarning yotgan joylari ziyorat qilinadi. Bu tadbirda faqat erkaklar ishtirok etadi. Pokistonda ayollarning qabristonga borishi mumkin emas.
Ramazon bu – katta chegirmalar oyi. Narxlar xuddi Yevropa va Shimoliy Amerikada rojdestovo bayrami oldidan chegirilgani kabi chegiriladi. Shuning bilan birga, an’anaga ko‘ra, Iyd ul-Fitr bayrami oldidan yangi kiyim xarid qilinadi, qarindoshlariga va yaqinlariga sovg‘alar beriladi. Shunday qilib, Ramazon tunlarida bozorlar va savdo markazlari xaridorlar bilan juda ham gavjum bo‘ladi.
Oyning oxirgi o‘n kunligida shahar ko‘chalarida va qishloqlarda qoplab tekinga un tarqatiladi. Undan istagan kishi olishi mumkin. Bu tadbirni davlat tashkil qiladi va birinchi o‘rinda muhtojlarga tarqatishga e’tibor qaratiladi. Ammo unni oluvchilardan hech kim hech qanday hujjat so‘ramaydi. Uni odamlar o‘zaro ishonch asosida oladilar.
Marokkoda
Ramazon kirishidan bir necha kun oldin ayollar idish-tovoqlarini, oshxona anjomlarini va shkaflarini qayta yuvib oladilar, keyin esa uyni bezashadi.
Marokkoda muborak Ramazon havosi taxminan ikki hafta oldindan sezila boshlaydi. Ko‘chalarda xilma xil sotadigan sotuvchilar paydo bo‘ladi. Do‘konlar turli xil chiroqlar va qog‘ozdan yasalgan yulduzchalar bilan bezaladi. Masjidlarning eshiklariga Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar bitilgan matolar ilinadi. Ramazon oyida ish vaqti xiyla qisqaradi.
Muborak oyning kirgani sirena chalib e’lon qilinadi. Sirena ovozini eshitgan odamlar bir-birini ulug‘ bayram kirgani bilan qutlaydilar. Bolalar xursandchilik bilan shahar ko‘chalari bo‘ylab yuguradi va Ramazon haqida qo‘shiqlar kuylaydi. Bolalar qo‘shig‘i tonggacha jaranglab turadi.
Sahar vaqtida jarchilar minoralarga ko‘tariladi va odamlarni saharlik qilishga uyg‘otadi.
Marokkoliklarning qiziq odatlaridan biri, ular o‘tganlarining ziyorati uchun qabristonga Ramazonning 27 kuni boradi. Odamlar qabristonga yetib borgunga qadar qashshoqlarga mehribonlik qilib yeguliklar tarqatib boradi. Ana shu kunda qabristonni tozalab, o‘simliklarni parvarish qilish mumkin.
Suriyada
Necha asrlardirki, ro‘zaning vaqti kirgani va tugagani Suriyada to‘pdan o‘q otib xabar qilinadi.
Saharlik kirgani va iftorlik bo‘lganini e’lon qilaytgan elektiron nashrlar va bosma ommaviy axborot vositalari hali ham ana shu eski an’anani o‘tmishning qa’riga uloqtirib yubora olgani yo‘q. Damashq ahli hali ham har oqshomda necha asrlar burungidek, to‘pning o‘q otgan ovozini sabrsizlik bilan kutib o‘tiradi.
Ramazonda yolg‘iz ovqatlanish mumkin emas. Kimdir agar biror sabab bilan ovqat tayyorlay olmay qolsa, oqshom vaqti hisobsiz restoranlar ochiladi va faqat Ramazonda beriladigan ovqatlar tarqatiladi.
Bu vaqtda yulduzlar va yangi oyning o‘tkir o‘rog‘i tasviri tushirilgan maxsus yoritgich bilan bezalgan restoran va kafelar shved stoli uslubidan foydalanadi.
Taomlangandan keyin, suriyaliklar aytganidek, “tun kunga aylanadi” va minglab odamlar ko‘chaga chiqadi va hamma joyda bayram kayfiyati hukmronlik qiladi.
Sahar vaqti yaqinlashganda barabanlar chalinib odamlar saharlikka uyg‘otiladi. Barabanchilar butun shaharni aylanib chiqadi.
Ramazon kunlarida davlat tashkilotlari, universitetlar va maktablarning ish tartib o‘zgaradi.
Ramazonda gazeta-jurnallarda maxsus “Ro‘za tuta olasizmi?” degan test-o‘yinlar e’lon qilinadi. Televideniyeda esa odamlarni ochlikdan chalg‘itadigan turli teleseriallar namoyish etiladi. Har yili Ramazondan oldin yigirmaga yaqin yangi serial yaratiladi.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.