frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ro‘za g‘animat

08.06.2017   79535   3 min.
Ro‘za g‘animat

Oylarning sultoni muborak Ramazon oyining g‘animat kunlari o‘tib bormoqda. Mana bugun Ramazon oyining 10 kunidir. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ramazonni 30 kunini uchga bo‘lib, birinchi o‘n kunligini Alloh taoloning bandalariga rahmat, barakotlar yog‘diradigan kun ekanini ta’kidlaganlar. Shunga ko‘ra, rahmat o‘n kunligidan bahra ololdikmikan? Boshlarimiz uzra Alloh taoloning rahmati yog‘ildimikan? Ro‘za tutib, bilib-bilmay yana xatolarga qo‘l urib qo‘ymadikmikan? Arzimas tuyulgan dunyo ishlari bilan ovora bo‘lib, sabrimiz yetmay ota-onalarimiz, yaqinlarimiz yoki korxonada birga xizmat qilayotganlarni ko‘ngillarini og‘ritib qo‘ymadikmikan? Aslida ro‘zaning hikmatlaridan asosiysi bo‘lgan jismimizni ochlik va tashnalikdan sabrga yo‘llash, ruhimizni poklash ekanini biroz unutib qo‘ymadikmikan?

Ma’lumki, ishlovchi ishchi-xizmatchilar va o‘quvchi talabalar bir yilda bir marotaba ta’tilga chiqib, dam oladilar. Ruhan-jisman tetiklashib yana ishga, o‘qishga qaytadilar. Badanimizning ta’tili esa mana shu Ramazon ro‘zasidir. Hamma ham bir yillik ta’tilini risoladagidek o‘tkazsa, yana ishga qaytganida kelgusi yilgacha shu kayfiyatda o‘tishiga turtki bo‘ladi. O‘z sog‘ligimizga e’tiborli bo‘lib, sog‘-salomat bo‘lsak, ish unumdorligi o‘ylaganimizdan ham ko‘ra yaxshiroq bo‘ladi.  

Biz ham Alloh taoloning biz bilgan-bilmagan  fazlu marhamati bilan mo‘min-musulmonlarga farz bo‘lgan Ramazon ro‘zasi - badanlarimiz ta’tilini xush kayfiyatda o‘tkazaylik.  Inson ichki a’zolari to‘xtovsiz bizlar uchun tinim bilmay xizmat qilib turadi. Ular ham shu muborak Ramazon oyida ta’tilga chiqadilar. Bo‘ynimizda jismlarimizning haqqi bor, ular ham dam olish huquqiga ega. Ular ham ortiqcha yeb-ichishdan, ortiqcha uxlashdan holi bo‘lsinlar. Ochlikda ruhiyat tetiklashadi, deyiladi. Majburiy ochlik bilan farz qilingan ro‘zadan ibrat olib, ochlar va muhtojlar holini bir bora tafakkur qilaylik.

Tinch va osuda mamlakatimizda ibodatlarni erkin-emin qilib, xotirjamlikda o‘tayotgan har bir kunimizni g‘animat bilaylik. Dunyoning qaysi bir burchagida ro‘za tutish uchun yeguliklari yo‘q yoki bo‘lmasa behuda bo‘layotgan janjal-urushlar tufayli o‘z halovatini yo‘qotib ro‘za tuta olmayotganlar holidan ibratlanaylik. Alloh taologa shukrona aytib, ixlosu e’tiqod bilan ikkinchi boshlangan mag‘firat o‘n kunligi qadriga yetaylik.

Parvardigor gunohlarimizni mag‘firat qilsin, bilib-bilmay qilgan gunohlarimizni oylar sultoni bo‘lgan Ramazon sharif sababli kechirsin. Masjidlarda bo‘layotgan xatmi Qur’onlar, istig‘for va duoyi xayrlar sharofati bilan yurtimiz tinchligi bardavom bo‘lsin. Oilalarimizda fayzu barakotlar yog‘ilishiga bu yilgi Ramazon avvalgi yillardagidan ham muborakli iz qoldirsin.

Insonni bir yillik hisoboti qilinadigan va yana bir yillik taqdirlari yangilanib yoziladigan  bu oy har birimizning nomai a’mollarimizga yaxshiliklar bo‘lib yozilsin. Alloh taolo Ramazonning birinchi o‘n kunligida qilishga ulgura olmagan yaxshi amallarimizni qolgan g‘animat kunlarida ko‘proq qilishga imkoniyatlar bersin. Duolarimiz ijobat bo‘lsin. 

O‘MI Xodimlar bo‘limi     

mutaxassisi Zarifa Mahkam qizi      

Boshqa maqolalar

Saharlik qilmay, ro‘za tutsam bo‘ladimi?

19.06.2026   16126   1 min.
Saharlik qilmay, ro‘za tutsam bo‘ladimi?

Savol: Fazilatli oy va kunlarda nafl ro‘zalar tutib turaman. Ba’zida shunday holat bo‘ladiki, bomdodga turganimda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘ladi, lekin men shu kuni bemalol ro‘za tutishga kuchim yetadi. Shu vaqtda ro‘zaga niyat qilib olsam bo‘ladimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, nafl ro‘zalar uchun saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hatto kun yarmiga yetmaguncha niyat qilib olish mumkin, faqat saharlik vaqti chiqqandan keyin ro‘zani buzuvchi amallardan birortasini ham qilmagan bo‘lishi shart.

Demak, siz ham uyg‘onganda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hech narsa yeb-ichmasdan nafl ro‘zani niyat qilib olsangiz bo‘ladi.

Aslida ro‘za tutishni niyat qilish vaqtlari ikkiga bo‘linadi.

Birinchisi, qazo ro‘za, kafforat va ma’lum bir kunni tayin qilmagan nazr ro‘zalarni tutishda saharlik vaqti chiqmasdan turib niyat qilish shart bo‘ladi. Saharlik vaqti chiqqandan keyin qilgan niyati hisobga o‘tmaydi.

Ikkinchisi, Ramazon ro‘zasi, nafl va muayyan kunda tutish nazr qilingan ro‘zalarni shar’iy nahorning yarmiga yetmagunicha niyat qilib olish mumkin. Shart shuki, niyat qilguncha ro‘zani buzadigan hech qanday ish qilmagan bo‘lishi kerak. Masalan, saharlik vaqti chiqqandan keyin biror nima yeb yoki biror qultum suv ichib qo‘ygan bo‘lsa, ro‘zaga niyat qila olmaydi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi