Mag‘firat oyining ikkinchi kuni ham o‘tib borayotir. Kunning o‘tishi tezlashib ketdimi yoki biz anchayin sabr-bardoshli bo‘lib qoldikmi, tushunmay qoldi odam. Haligina saharlik qilib turgan odam zum o‘tmay iftorlik dasturxonida hozir bo‘lsa...
Unisi ham, bunisi ham emas. Bu – Rabbimizning marhamati. Biz esa buning shukronasi keltirib Allohning farzini, Rasulullohning sunnatini bajarib qo‘ysak, shuginaning o‘zi kifoya bo‘lib barcha gunohlarimizdan poklanib qolar ekanmiz.
Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh solllallohu alayhi vasallam Ramazonni zikr qilib turib: «Albatta, Ramazon Alloh ro‘zani farz qilgan oydir. Men musulmonlarga uning qiyomini (tungi ibodati) sunnat qildim. Kim uning ro‘zasini tutsa, qiyomini ado qilsa, undan onasi tuqqan kundek gunohdan pok bo‘lib chiqadi», dedilar» (Ibn Xuzayma rivoyati).
Bugun “Yunusobod Oq-tepa” masjidiga tarovih o‘qish uchun kelgan namozxonlar ayni shu mavzuda suhbatlashdilar.
Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.