frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qaysi vitaminlar yetishmayotganini aniqlash yo‘llari

07.06.2017   60378   7 min.
Qaysi vitaminlar yetishmayotganini aniqlash yo‘llari

Inson organizmida zaiflik, terining quruqligi va tirnoqlarning sinuvchanligi foydali moddalar yetishmayotganidan darak beradi.  Bunda kishi organizmiga qanday vitaminlar yetishmayotganini aniqlash yo‘llari ustida to‘xtalmoqchimiz. Organizmda qanday vitaminlar yetishmayotganini aniqlash uchun kishi o‘z tanasi tashqi ko‘rinishiga – sochlari, terisi va tirnoqlari  holatiga e’tibor berishi lozim, ular inson sog‘lig‘i haqida aniq ma’lumot beradi.

1. Agar biron a’zoyingizni qattiq narsaga yengil urib olganda, ko‘karish paydo bo‘lsa, va u uzoq vaqt tuzalmayotgan bo‘lsa, organizmda S, K va R vitaminlari yetishmayotganidan darak beradi.

Bu vitaminlar: sitrus mevalarida, rangli karamda, ko‘k qalampirda, turli mevalarda va pomidorlarda mavjud.

2. Tez-tez bosh aylanishi, quloq shang‘illashi V3 va Ye vitaminlari, kaliy va magniy moddalari yetishmasligidan xabar beradi. Bu vitaminlar iste’mol qilinganda faolligi S vitamini bilan qo‘shilsa, ta’siri yanada kuchayadi.

 Bunday holatda yong‘oq, turli bargli (lavlagi, sabzi kabi) sabzavotlar, yashil no‘xot, tuxum, sitrus mevalari, banan va kungaboqar pistasi kabi nozi-ne’matlar iste’mol qilish tavsiya etiladi.

3. Ko‘zlar qizarishi, ularning quruqshashi va achishishi, qorong‘iga moslashishning qiyin kechishi A va V2 vitaminlari yetishmovchiligidan xabar beradi. V2 vitamini yog‘-moy mahsulotlari bilan o‘zlashtiriladi.

Bunda sabzi, zaytun yog‘i, jigar, baliq, tuxum, sariyog‘, yashil sabzavot, salat, sut va pishloq iste’mol qilish tavsiya etiladi.

U yoki bu vitamin nima uchun xizmat qilishi, ular qaysi ne’matlarda bo‘lishi va inson salomatligining qaysi jihatlari uchun javob berishi haqida nimalarni bilish zarur? Quyida shu haqda suhbat yuritmoqchimiz.

Vitaminlar haqida nimalarni bilish lozim

Inson hayotida vitamin (darmondori)lar muhim rol o‘ynaydi.  Ular inson salomatligining umumiy holatiga, teri, soch va tirnoqlarning sog‘lom va ko‘rkamligiga, ichki a’zolar faoliyatining me’yorda ishlab turishiga, immunitet me’yorida bo‘lishiga va boshqa holatlarga javob beradilar.

S vitamini terining ko‘rkam va silliqligini, mustahkam immunitetni, yaxshi kayfiyatni, soch va tishlar salomat bo‘lishini ta’minlaydi.

Bu vitamin ukropda, sitrus mevalarida, na’matakda, chakanda moyi (oblepixa)da, qizil rangli mevalarda, rangli karamda, yashil no‘xotda, fasolda, turpda va  kivida mavjud.

Bu nozi-ne’matlar pishirish jarayonida foydali xususiyatlarini yo‘qotadi.

Bir sutkada inson organizmi uchun zarur bo‘lgan me’yori 70 mg/ yoki 1-2 ta apelsin iste’mol qilish kifoya.

V6 vitamini organizm yoshligini, asab tizimi mustahkamligini, qon tomirlari sog‘lom bo‘lishini ta’minlaydi.

Bu vitamin boshoqli o‘simliklarda, bug‘doyning yangi undirilgan nihollarida, ko‘k salatda, karamda, bananda, yong‘oqda, bug‘doy kepagida, losos balig‘ida va go‘shtda mavjud.

Yorug‘likning davomli tushishida  o‘z ta’sir kuchini yo‘qotadi. Bir sutkada inson organizmi uchun zarur bo‘lgan me’yori: 1,6-2 mg/  yoki 300 gram mol go‘shti iste’mol qilish yetarli bo‘ladi.

K vitamini jarohatlarning tez bitishini, qon sifati va uning ivuvchanligining  me’yorda bo‘lishini ta’minlaydi.

Bu vitamin  ismaloqda, qichitqi o‘tda, na’matakda, turli xil karamlarda, sabzida, pomidorda, qulupnayda va  ko‘k choyda  mavjud.

Vitamin uzoq muddat oftob ta’siri yoki olovda pishirilishida  yaroqsiz holga keladi.

Bir sutkada inson organizmi uchun zarur bo‘lgan me’yori  2 osh qoshiq petrushka iste’mol qilish yetarli bo‘ladi.

D vitamini umumiy salomatlik va suyaklar mustahkamligini, qonning me’yorda ivuvchanligini, shamollashdan himoyalanishni, zaharli moddalarning organizmdan chiqib ketishini, yaxshi kayfiyatni, yurak qon tomirlar salomatligini  ta’minlaydi. 

Bu vitamin: pishloqda, sariyog‘da, tvorogda, tuxumning sarig‘ida, baliqda, dengiz mahsulotlarida, kartoshkada, o‘simlik yog‘ida, mol go‘shtida mavjud, shuningdek, organizmdan quyosh nuri ta’sirida ajralib chiqadi.

Bu vitamin olovda pishirilishida va ishqor ta’sirida yaroqsiz holga keladi.

Bir sutkada inson organizmi uchun zarur bo‘lgan me’yori: 2-5 mg/ yoki 2 ta tuxum iste’mol qilish yetarli bo‘ladi.

Vitamin V2 hujayralar yangilanishi va mushaklarning me’yorda ishlashini ta’minlaydi..

Bu vitamin: sutda, bodomda, qo‘y go‘shtida, tuxumda, qo‘ziqorinda, grechkada, tvorogda, xamirturushda va go‘shtda ko‘proq uchraydi.

Yorug‘likning uzoq vaqt ta’siri ostida bu vitamin yaroqsiz holga keladi.

Bir sutkada inson organizmi uchun zarur bo‘lgan me’yori: 1,3-3 mg2-5 mg/yoki  2 ta tuxum iste’mol qilish kifoya qiladi.

Shuningdek, qorakesak qo‘y go‘shti yoki tuxumdan biroz iste’mol qilish yetarlidir.

V 12 vitamini mye’yordagi tana vazni, mustahkam immunitet, sog‘lom xotira va shuningdek, ichaklar tizimi sog‘lom bo‘lishini ta’minlaydi.

Bu vitamin salatda, turli baliq mahsulotlarida, sutda, pishloqda, tuxum sarig‘ida ko‘proq uchraydi.

Yorug‘likning davomli va o‘tkir ta’sirida, davomli muddat isitilishida yaroqsiz holga keladi.

Bir sutkada me’yori: 2-5 mg yoki  100 g losos balig‘idan iste’mol qilish lozim.

V15 vitamini  mustahkam xotira, yaxshi kayfiyat, kasallikdan so‘ng salomatlikning tezda tiklanishi, qon tomirlari salomatligi, yurak faoliyatining me’yorda bo‘lishini ta’minlaydi.

Bu vitamin go‘shtda, parranda go‘shtida, tuxum sarig‘ida, sut mahsulotlarida, baliq ikrasida, yong‘oqda, xamirturushda, sulida, grechkada va guruchda uchraydi.

Qayta muzlatilganida va muzlatilgach, eritilganida  yaroqsiz holatga keladi.

Bir sutkalik me’yori 5 mg yoki qo‘y jigaridan  100 g iste’mol qilish lozim.

Ye vitamini organizm yoshligini saqlashni, reproduktiv (nasl qoldirish) tizim faoliyatini, kayfiyatning yaxshi bo‘lishini, tashqi salbiy ta’sirlardan himoya qilinishini ta’minlaydi.

Bu vitamin go‘shtda, kungaboqar, jo‘xori, qovoq, zaytun yog‘larida, sariyog‘da, yong‘oqda, sut mahsulotlarida va jigarda mavjud.

Yaroqsiz holga kelishi: uzoq muddat saqlanishida.

Bir sutkalik me’yori 30-50 mg/ 1 osh qoshig‘idagi oqlanmagan yog‘ iste’mol qilish yetarli bo‘ladi.

A vitamini tyerining ko‘rkamligi va yoshligini, soch go‘zalligini, tirnoqlar salomatligini, ko‘rish quvvatining kuchliligini, suyaklar baquvvatligini,   reproduktiv (nasl qoldirish) tizim faoliyatini, yaxshi kayfiyat va tashqi ta’sirlardan himoyalanishni ta’minlaydi.

Bu vitamin sabzida, sitrus mevalarida, pishloqning qattiq navlarida, tvorogda, sutda, tuxumda, baliqda, jigarda va petrushkada uchraydi.

Yuqori harorat ta’sirida va uzoq muddat saqlanishida yaroqsiz holatga keladi.

Sutkalik me’yori: 0,4-1 mg; yoki mol jigaridan  bir necha bo‘lak iste’mol qilish kifoya qiladi..

Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi

7 iyun 2017 yil

Tabobat
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   11177   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar