Ro‘zadorlik mo‘minnig qalqonidir. Barcha dinlarda hatto ilohiy bo‘lmagan dinlarda ham ro‘za tutishlik mavjud. Ammo, Islom dinida ro‘za tutish qonun-qoidalari boshqa dinlarnikidan farq qiladi. Islom tarixidan ma’lumki, Qur’oni Karim Ramazon oyida nozil bo‘lgan. Shuning boisidan hurmat qozongan bu oyda mo‘minlar uchun yana bir tuhfa - ro‘za farz qilinib o‘n ikki oy ichidan Ramazon oyi eng sharafli oy sanaladi.
Ramazoni sharifda ro‘za tutishga qodir bo‘lgan baxtli mo‘minlar zikr bilan ham mashg‘ul bo‘lishsa ajrlar do‘li ostida qolishliklari tabiiydir. Ro‘zador inson yeb-ichish, jinsiy yaqinlik qilish kabilardan tiyilishi bilangina ro‘za ibodatini to‘kis ado etdi degan xulosa kelib chiqmaydi. Yolg‘on gapirish, g‘iybat qilish, janjallashish, chaqimchilik kabi illatlardan xoli bo‘lsagina ro‘za to‘la ado etilgan bo‘lib hisoblanadi. Xo‘sh bu illatlardan inson o‘zini qanday to‘laqonli himoya etishi yoki tiya olishi mumkin? Ularning davosi aniq agar ro‘zador zikr bilan band bo‘lsa, ana o‘shanda uni hech qanday yuqorida nomi zikr qilingan illatlar yo‘ldan ozdira olmaydi.
«Zikr» lug‘atda eslash, yodga olish, gapirish ma’nolarini anglatadi. Istelohda esa, Alloh taoloni yod etishga zikr deyiladi. Alloh taoloning ismi zotini, sifatlarini yod etish, hukmlari haqida gapirish, Qur’on tilovat qilish, Robbga iltijo qilish, duo qilish, Uni ulug‘lash, Unga hamd aytish, tavhid kalimasini aytish, ne’matlariga shukr qilish kabilar zikr hisoblanadi.
Rasululloh (sallalohu alayhi va sallam) aytdilar: «Sizga amallaringizning eng yaxshisi, eng tozasi, darajalaringizni eng ko‘p ko‘taradigani, sizlar uchun tillayu kumushni infoq qilishdan ham afzali, dushmanlaringizga yo‘liqib, ular bilan jang qilishingizdan ham yaxshisini aytaymi?» Sahobalar: «Ha, ayting», deyiishdi. U zot: «Allohning zikri», dedilar (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati).
Zikr bilan qalb ma’naviy ozuqa oladi, mehr-muravvatga to‘ladi, ma’siyatdan yiroq bo‘ladi shuning bilan birgalikda yaxshilikka oshno bo‘ladi.
Ibodatlar (namoz, ro‘za, zakot, haj) zikr qiluvchiga og‘ir kechmaydi. Zikr ibodatlarning eng afzali bo‘lishi bilan birga eng osoni hamdir. Shaytonlar zanjirband bo‘lgan oyda ro‘zadorning zikr qilishi eng mahbub amallardandir. Bu muborak oyda duolar ijobati, tavbalar qabul bo‘lishi, gunohlar avfi uchun belbog‘lashligimiz, qalblarimizni zikr ila poklashimiz lozim. Ro‘za ibodatini ado etayotgan ayni vaqtimizda kam sarmoya sarflab ko‘p daromad oladigan va tez boyiydigan tijoratchining holatidamiz. Shuning uchun har soniyasi oltindan qimmat bo‘lgan ro‘zador holimizda fursatni qo‘ldan boy bermaylik.
Abu Hurayra (raziyallohu anhu) Nabiy (sallallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qiladilar: “Bir qavm o‘tirib Allohni zikr qilsa, ularni farishtalar o‘rab olishadi va rahmat qoplaydi. Ustilariga xotirjamlik tushadi. Alloh ularni O‘zining huzuridagilar, ya’ni farishtalar bilan eslaydi”.
Yana bir yuqorida nomlari zikr qilingan sahobadan rivoyat qilingan hadisi-sharifda: “Alloh duoingizni qabul qilishiga qattiq ishonib duo qiling. Va bilingki, albatta, Alloh g‘ofil va beparvo qalbdan duoni qabul qilmas”, deyiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, duoni shunchaki emas xushu va xuzu’ ila, duo odoblariga rioya etib, habibimiz Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)ga salovotlar aytib qattiq ishonch ila chin dildan duo qilsak ijobat bo‘ladi inshaaloh.
Hazrat Ali (raziyallohu anhu) Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qiladilar: “Toinki Muhammadga va Muhammadning oilasiga salovot yubormagunlaringizcha duolaringiz Allohdan to‘silib turaveradi”.
Muborak mohi ramazonda salovot aytishlik ham ro‘zador uchun ayni foydali holatdir. Duolar ijobatining sababchisidir.
Salmon Forsiy (raziyallohu anhu) Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam)dan rivoyat qiladilar: “Albatta, Alloh taolo hayoli va saxiy zotdir. U zot bandasi Unga ikki qo‘lini ko‘tarsa, ularni bo‘sh qaytarishdan uyaladi”.
Shunday muborak bir oyda ro‘za ibodatini to‘kis ado etmog‘ligimiz, qalblarimizni isloh qilib zikrda bardavom bo‘lmog‘ligimiz barchamizga nasib etsin! Amallar tarozisida qilgan zikrlarimiz toshi og‘ir kelishligini Alloh taolo taqdir aylasin, Inshaalloh!
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar
o‘rta maxsus islom bilim yurti
o‘qituvchisi Munira Xo‘jayeva
Hajga ketayotganlarga yoki hajdan qaytganlar haqqiga «Hajingiz mabrur haj bo‘sin!» deya duo qilinadi. Umuman, hojilarning o‘zlari ham o‘z hajlarining mabrur bo‘lishini istab, duoi xayrlar qiladilar. Nima uchun bunday duo qilinadi? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadisi shariflari bor: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannat bo‘ladi!” (Imom Buxoriy, 3/1773; Imom Muslim, 2/1349).
Boshqa bir o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan insoniyat uchun eng afzal amallar qaysiligini so‘ralganida, ul zoti sharif tomonlaridan bunday amallar qatorida hajji mabrur ham sanab o‘tilgan edi (Imom Buxoriy, 2/1519; Imom Muslim, 1/83).
Shunday ekan, hajning qay tariqada mabrur bo‘lishini bilib olish juda zarur ekan. Avvalo «mabrur» so‘zining lug‘aviy ma’nosi qanday?
«Mabrur» so‘zi lug‘atda yaxshilik qilingan, qabul qilingan degan ma’nodadir. Uning «xolis» degan ma’nosi ham bor. Demak, «mabrur» so‘zi «maqbul» so‘ziga ma’nodosh bo‘ladi.
Mabrur haj bo‘lishi uchun quyidagilar bo‘lishi lozim:
1) Imom Buxoriyning “Tarixi kabir” asarida bir rivoyat bor. Unda mashhur olim Hasan Basriy rahimahullohning bunday degani naql qilinadi: “Mabrur haj shuki, hajdan dunyoda zohid holda, oxiratga rag‘batli bo‘lgan holatda qaytmoqlikdir” (Imom Buxoriy, «Tarixi kabir», 3/808).
Demak, hojilar yurtga qaytar ekanlar dunyo borasida zohid, zuhdu taqvoga berilgan, oxirat borasida esa unga rag‘bat qo‘ygan, harom va shubhali narsalarga parhezgor bo‘lib, har dam va har qadamda oxiratini o‘ylaydigan bo‘lishlari kerak ekan. Agar ana shunday hojilar bo‘lsa, ularning hajlarining mabrur bo‘lganining alomati ana shudir.
2) Haj vaqtida gunoh ish va qiliqlar aralashmagan haj mabrur bo‘ladi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari bor: «Kimki haj qilsa, yomon gap va yomon ish qilmasa, o‘tgan gunohlari kechiriladi» (Imom Termiziy, 2/808).
Hadisi sharifda tilga olingan “rafas” so‘zi lug‘atda shallaqilik qilish, behayo gaplarni gapirish, buzuq, iflos ishlarni qilish ma’nosida ekani aytiladi. Qur’oni karimda u «xotini bilan jinsiy yaqinlik qilish» ma’nosida kelgan. Bu yerda esa u umumiy bo‘lib, yomon gap-so‘z, qabih ishlar ma’nosida qo‘llangan. Demak, hajda bu xildagi ishlar mutlaqo mumkin emas.
3) Hajdan ko‘zlangan maqsad faqat Allohning farz qilgan hajini ado qilish bo‘lishi kerak. Shundagina haj mabrur bo‘ladi. Bu to‘g‘ridagi Hazrati Umar roziyallohu anhuning mana bu gapiga e’tibor bering:
“Kim mana bu Uyni boshqa narsani iroda qilmasdan haj qiladigan bo‘lsa, gunohlardan xuddi onasi tuqqan kundagidek bo‘lib chiqadi” (Ibn Abu Shayba, 3/12785).
Inson hajga borar ekan, tijorat, savdo-sotiq va boshqa shunga o‘xshash dunyoviy va hajdan o‘zga diniy ishlar hajning bahonasi ila safarning birinchi maqsadiga aylanib qolmasligi kerak.
Hazrati Umar roziyallohu anhu bir xotinning hajdan qaytayotganini ko‘rib, «Sayru sayohat qilib, do‘konlarni aylanib yuribsanmi?» debdilar. Xotin tasdiq javobini berganida, unga Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Unday bo‘lsa, qaytadan haj qilgin!» degan ekan.
Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu Ka’baga suyanib o‘tirganida, Iroqdan kelgan hojilar u yoqdan bu yoqqa o‘ta boshlabdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ularni oldiga chaqiribdi. «Sizlar hajga keldinglarmi? Tavof qildinglarmi, Safo va Marva orasini sa’y qildinglarmi?» debdilar. Ular tasdiq javobini qilibdilar. «Hozir nima qilayapsizlar? Haj mavsumidan foydalanib qolyapsizlarmi?» debdi.
Hojilar fursatdan foydalanib, u yer bu yerlarni ko‘rib yurishganini, u yoqqa bu tomonga o‘tib, borib-kelib yurganlarini, boshqa xayrli amallar, ko‘proq zikr, ko‘proq nafl ibodatlar qilmayotganlarini aytishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu ularga hajni qayta qilishlarini buyuribdilar (Ibn Abu Shayba, 3/12787).
Sahoba Abu Zarr roziyallohu anhu haj kunlarida Rabza degan joyni aylanib yurgan hojilarni ko‘rib, ularga hajlarini qayta qilishni burgan ekan.
Demak, inson haj kunlarini g‘animat bilishi, boshqa narsalarga, sovg‘a-salomlarga chalg‘ib ketib, ibodatlardan, zikrlardan qolib ketmasligi kerak. Shunda uning haji mabrur bo‘ladi.
4) Haji mabrur bo‘lganining alomati hoji haj qilib qaytganidan so‘ng uning holi yaxshi tarafga o‘zgarishidir. Har bir hoji o‘z holiga qarab ko‘rsin: ko‘proq ibodatlar qilayaptimi, o‘qiyotgan nafllari avvalgidan ko‘paydimi, odamlarga qilayotgan xayrli amallari ortdimi, og‘zidan chiqqan yomon gaplar endi yo‘qoldimi, yomon amallari yo‘qoldimi, hech kimga aytib bo‘lmaydigan gunohlari, aybu nuqsonlari ozaydimi?
5) Imom Qurtubiy rahimahulloh aytgan: “Haj mabrur bo‘lishi uchun haj arkonlari, manosiklari, amallari, farzu, vojibu sunnat va mustahablarining barchasi mukammal va to‘liq ado qilinishi kerak”. Bu juda muhim gap! Hojilar bunga e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi. Hajning amaliyotlarining birortasi qolib ketmasligi, amallarning ketma-ketligi, tartibi o‘zgarmasligi, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasligi, birovlar gapiga kirib oson va qulay yo‘lga o‘tib olmasligi kerak.
6) Muhammad Yusuf Bannuriy rahimahulloh hajning mabrur bo‘lishi uchun u riyodan xoli bo‘lmog‘i kerak, deb ta’kidlagan. Zotan, riyo savoblar kushandasidir. Xo‘jako‘rsinga, odamlar hoji desin, hammaning e’tibori va obro‘-hurmatiga sazovor bo‘lish maqsadida hajga borsa; hamma hajga borayapti-ku, deb odamlar ko‘zi uchun hajga ketsa, uning haji mabrur bo‘lmasligi mumkin.
7) Umuman, mabrur haj deganda gunoh, ma’siyat aralashmagan hajga aytiladi. Chunki uning «xolis haj» degan ma’nosi bor. Bu gunohlardan xoli, deganidir. Tavof asnosida, odamlar tiqilinchida birovga turtilmaslikka, birovning oyog‘ini bosib olmaslikka ham e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Birovning ko‘ngliga og‘ir keladigan gaplarni gapirmaslik kerak. Buning uchun zikrga zo‘r berish kerak. Hajga borib, mehmonxonada oyoq uzatib yotib, umrida bir marta bo‘ladigan, atigi o‘n besh kunlik muborak safarida bu yoqdagi, yurtidagi dunyoviy ishlarini muhokama qilishning hech keragi yo‘q.
Barcha hojilarning hajlari mabrur, sa’ylari mashkur bo‘lsin!
Hamidulloh BЕRUNIY