Ramazonning o‘ziga xos fayzu barakasi bor. Bu oyda nafsimiz isloh topadi, sabr-toqatimiz sinovdan o‘tadi. Bu oy faqat och yurish, rohat-farog‘atdan tiyilishdan iborat emas. Bu oyda kishi qalbidagi rahm-shafqat va mehr-muruvvat tuyg‘ulari yuksaladi. Ayniqsa, chanqoq va ochlikni boshidan kechirayotgan kishining qalbi yumshab, muloyim bo‘ladi. Faqat o‘z nafsini o‘ylab yashashdan tiyilib, muhtoj va nochor kishilarni o‘ylab, ularning holidan xabar olishni odat qiladi. Muslim va Termiziy rivoyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Kim bir mo‘minning dunyo ishlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning mashaqqatlaridan birini yengillatadi. Kim qiynalib qolgan muhtojga yordam bersa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratida yordam beradi. Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning aybini yashiradi. Kim o‘z birodariga yordam bersa, Alloh taolo uning yordamida bo‘ladi”.
Hadisi sharifdan ayon bo‘layotirki, har qanday yaxshilik beiz ketmaydi. Betama’ yaxshilikning mukofoti bor. Bu oyda ibodat, tilovat, xayru ehsonlar ko‘payadi. Boylar va kambag‘allarning barobar ro‘za tutib, taroveh va hayit namozlarini birgalikda ado etishi bir-biriga qalblarini yaqinlashtiradi, odamlar o‘rtasida yakdillik, birlik va birdamlik vujudga keladi. Ayniqsa, ro‘zador kishilar birgalikda iftorga borib, bir-birlarini izzat-ikrom qilishining o‘zi ham mehr-muruvvat hissi shakllanishiga yordam beradi. Bir donishmand muruvvatni shunday ta’riflaydi: “Aql seni eng foydali ishga buyursa, muruvvat esa eng chiroylisini qilishga undaydi”.
Demak, aql insonga yaxshi va yomon amalni ajratib, farqlab beradi va yaxshisini qilishga yo‘l ko‘rsatadi. Muruvvat esa o‘sha amalni yanada chiroyli bajarishga yo‘l ko‘rsatadi. Bugungi kunda internet va mobil telefonlar odamlarni bir-biriga ulfat qilish, uzog‘ini yaqin qilish o‘rniga ularni bir-birlaridan begonalashtirib qo‘yayotgandek. Hatto bir-biri bilan ko‘rishganda salom-alikdan nariga o‘tmaydigan holat paydo bo‘lmoqda. Qaysi bir suhbatda bo‘lsangiz o‘sha suhbatda, albatta, mobil telefoni ham “suhbatdosh” ga aylanmoqda.
Hamjihatlik va birdamlik har bir amalning barakasi va xayrini yanada oshiradi. Shuning uchun dinimizda bir ro‘zadorning qornini to‘yg‘azishning ajr-savobi ulug‘ligini ta’kidlab qo‘yilgan. Shunga o‘xshash xislatlari bilan ro‘za oyi qalblarga o‘zgacha shukuh va quvonch bag‘ishlaydi. Inson nafsini tiyish orqali katta ajr-savob oladi, bir ro‘zadorga quvonch ulashsa o‘zini baxtiyor his qiladi. Ayniqsa, iftor vaqti yaqinlashganda qalbimiz va nafsimizga o‘zgacha xursandlik inadi. Buni ko‘pchilik bilan baham ko‘rilsa, ajr-savobi ulug‘ligini tasavvur qilavering. Hazrati Ali roziyallohu anhu uyiga mehmon kelmay qo‘ysa xafa bo‘lib yig‘lar ekan. “Nega yig‘layapsiz”, deb so‘ralsa: “Yetti kundan beri mehmon kelmay qo‘ydi, Alloh mendan nafratlanadi, deb qo‘rqaman”, der ekan. Uyiga mehmon kelsa, ranjiydigan va o‘ziga og‘ir oladiganlar ham yo‘q emas. Hazrati Alining mehmon kelmay qo‘ygandan xafa bo‘lishini bir o‘ylab ko‘raylik. Ana shu holatning o‘zida ham mehr-muruvvat va boshqalarga yaxshilik qilish va shu orqali ajr-savob topishga intilish mavjud. Ramazon oyining ro‘zasini tutish bilan qalbimizni mehr-muhabbat tuyg‘usi egallasa, demak, ro‘zamizdan o‘zimizga foyda yetibdi va ko‘zlagan maqsadimizga erishibmiz.
Bobomurod ERALI
Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.
Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?
Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)
Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.
Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.
Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.
Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:
«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)
Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:
To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi