Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Ramazon qalblarni birlashtiradi

06.06.2017   75144   3 min.
Ramazon qalblarni birlashtiradi

Ramazonning o‘ziga xos fayzu barakasi bor. Bu oyda nafsimiz isloh topadi, sabr-toqatimiz sinovdan o‘tadi. Bu oy faqat och yurish, rohat-farog‘atdan tiyilishdan iborat emas. Bu oyda kishi qalbidagi rahm-shafqat va mehr-muruvvat tuyg‘ulari yuksaladi. Ayniqsa, chanqoq va  ochlikni  boshidan kechirayotgan kishining  qalbi yumshab, muloyim bo‘ladi. Faqat o‘z nafsini o‘ylab yashashdan tiyilib, muhtoj va nochor kishilarni o‘ylab,  ularning holidan xabar olishni odat qiladi. Muslim va Termiziy rivoyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Kim bir mo‘minning dunyo ishlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning mashaqqatlaridan birini yengillatadi. Kim qiynalib qolgan muhtojga yordam bersa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratida yordam beradi. Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning aybini yashiradi. Kim o‘z birodariga yordam bersa, Alloh taolo uning yordamida bo‘ladi”.

Hadisi sharifdan ayon bo‘layotirki, har qanday yaxshilik beiz ketmaydi. Betama’ yaxshilikning mukofoti bor. Bu oyda ibodat, tilovat, xayru ehsonlar ko‘payadi. Boylar va kambag‘allarning barobar ro‘za tutib, taroveh va hayit namozlarini birgalikda ado etishi bir-biriga  qalblarini yaqinlashtiradi, odamlar o‘rtasida yakdillik, birlik va birdamlik vujudga keladi. Ayniqsa, ro‘zador kishilar birgalikda iftorga borib, bir-birlarini izzat-ikrom qilishining o‘zi ham mehr-muruvvat hissi shakllanishiga yordam beradi. Bir donishmand muruvvatni shunday ta’riflaydi: “Aql seni eng foydali ishga buyursa, muruvvat esa eng chiroylisini qilishga undaydi”.

Demak, aql insonga yaxshi va yomon amalni ajratib, farqlab beradi va yaxshisini qilishga yo‘l ko‘rsatadi. Muruvvat esa o‘sha amalni yanada chiroyli bajarishga yo‘l ko‘rsatadi. Bugungi kunda internet va mobil telefonlar odamlarni bir-biriga ulfat qilish, uzog‘ini yaqin qilish o‘rniga ularni bir-birlaridan begonalashtirib qo‘yayotgandek. Hatto bir-biri bilan ko‘rishganda salom-alikdan nariga o‘tmaydigan holat paydo bo‘lmoqda. Qaysi bir suhbatda bo‘lsangiz o‘sha suhbatda, albatta, mobil telefoni ham “suhbatdosh” ga aylanmoqda.

Hamjihatlik va birdamlik har bir amalning barakasi va xayrini yanada oshiradi. Shuning uchun dinimizda bir ro‘zadorning qornini to‘yg‘azishning ajr-savobi ulug‘ligini ta’kidlab qo‘yilgan. Shunga o‘xshash xislatlari bilan ro‘za oyi qalblarga o‘zgacha shukuh va quvonch bag‘ishlaydi. Inson nafsini tiyish orqali katta ajr-savob oladi, bir ro‘zadorga quvonch ulashsa o‘zini baxtiyor his qiladi. Ayniqsa, iftor vaqti yaqinlashganda qalbimiz va nafsimizga o‘zgacha xursandlik inadi. Buni ko‘pchilik bilan baham ko‘rilsa, ajr-savobi ulug‘ligini tasavvur qilavering. Hazrati Ali roziyallohu anhu uyiga mehmon kelmay qo‘ysa xafa bo‘lib yig‘lar ekan. “Nega yig‘layapsiz”, deb so‘ralsa: “Yetti kundan beri mehmon kelmay qo‘ydi, Alloh mendan nafratlanadi, deb qo‘rqaman”, der ekan.  Uyiga mehmon kelsa, ranjiydigan va o‘ziga og‘ir oladiganlar ham yo‘q emas. Hazrati Alining mehmon kelmay qo‘ygandan xafa bo‘lishini bir o‘ylab ko‘raylik. Ana shu holatning o‘zida ham mehr-muruvvat va boshqalarga yaxshilik qilish va shu orqali ajr-savob topishga intilish mavjud. Ramazon oyining ro‘zasini tutish bilan qalbimizni mehr-muhabbat tuyg‘usi egallasa, demak, ro‘zamizdan o‘zimizga foyda yetibdi va ko‘zlagan maqsadimizga erishibmiz. 

 

Bobomurod ERALI

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Siz eng boy odamsiz!

10.08.2026   2749   1 min.
Siz eng boy odamsiz!

Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.


Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...


Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
 

Akbarshoh RASULOV

 

Ibratli hikoyalar