Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

09.06.2017 y. Zakot-moliyaviy ibodat

06.06.2017   5989   10 min.
09.06.2017 y. Zakot-moliyaviy ibodat

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram azizlar! Allohga shukrkim, Ramazon oyini sizu biz tinchlik, xotirjamlikda va osoyishtalikda o‘tkazmoqdamiz. Alloh taolo bandalariga O‘z rahmati va barakotini ko‘plab nozil qilgan bu kunlarni g‘animat bilib, ko‘proq ibodat va ezgu amallarni ado etishga harakat qilishimiz lozim. Ezgu amallar deganda, avvalo, chin ixlos-e’tiqod ila o‘zgalarga xayru saxovat ko‘rsatish va ularni chiroyli ko‘rinishda xolis ado etish tushuniladi. Ramazon oyida qilingan ezgu ishlarning savobi haqida Rasululloh s.a.v. marhamat qiladilar: “Kimda kim Ramazon oyida biror bir nafl amalni bajarsa, u boshqa oyda farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi. Kimda kim bu oyda bir farz amalni bajarsa, boshqa oydagi yetmishta farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi” – deganlar. Shunga ko‘ra zakot va nafl sadaqalarni ham Ramazon oyida ado etish juda fazilatlidir.

Ma’lumki, Islom dining asoslaridan biri bu – Zakot ibodatidir. Haq taolo marhamat qilib aytadiki:

وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ ...  

(سورة البقرة/43)

ya’ni: “Namozni barkamol o‘qingiz, zakot beringiz...”.

          Zakot moliyaviy ibodat bo‘lib lug‘atda “poklash” va “o‘sish” ma’nolarini bildiradi. Zakot Qur’oni karimda yigirma yetti bora namoz bilan birga qayd etilgan. Bu esa o‘z navbatida, namoz bilan zakot bir-biriga chambarchas bog‘liq ekanligiga dalolatdir.

Zakot muayyan miqdordagi mablag‘ga ega bo‘lgan musulmonning zimmasiga farz bo‘ladi. Zakotni vojib qiluvchi muayyan miqdor shariat tilida – nisob deyiladi. Zakot tillo va kumush, pul, meva va dehqonchilik mahsulotlari hamda chorva mollaridan beriladi. Zakot beriladigan molning nisobi Payg‘ambarimiz s.a.v. tomonlaridan qat’iy belgilab berilgan.

Tilloning nisobi (85 gr.) 20 misqol bo‘lib, undan (2,125 gr.) 0,5 misqol zakot uchun ajratiladi. Ya’ni qirqdan biri demakdir.

Zakot vojib bo‘lishi uchun yuqorida aytib o‘tilgan nisob miqdori mavjud bo‘lishi hamda shu nisob bir yil davomida ko‘paygan bo‘lishi shart.

Chorva mollari jumlasiga tuya, qora mol hamda qo‘y-echkilar kiradi. Tuyaning soni beshta bo‘lsa nisobga yetgan hisoblanib, undan bitta qo‘y zakot uchun ajratiladi. Qora molning nisobi 30 ta bo‘lib, undan bitta bir yoshli buzoq zakotga chiqariladi. Qo‘y va echkining soni 40 taga yetganida nisobi to‘lgan hisoblanib, undan bitta qo‘y yoki echki zakotga chiqariladi. Chorva mollaridan zakot vojib bo‘lishi uchun tilla va kumush uchun aytilgan shartlar bo‘lishi, ya’ni bir yil davomida ko‘payishi, bundan tashqari chorva mollari yarim yildan ko‘proq vaqt davomida yaylovda o‘tlatilgan bo‘lishi shart. Ammo, yem-xashakni 6 oydan ortiq tashib kelib boqilgan bo‘lsa, zakot vojib bo‘lmaydi. Agar tijorat niyatida boqilayotgan bo‘lsa qiymati hisoblanib zakoti chiqariladi. Dehqonchilik agar lalmi yer mahsuloti bo‘lsa, undan ushur (ya’ni o‘ndan bir), sug‘oriladigan yerdan chiqqan mahsulot bo‘lsa, ushurning yarmi (ya’ni yigirmadan bir) qismi miqdorida zakot chiqariladi. Ushur – hosil terib olingan vaqtda beriladi.

Bundan tashqari naqd pul va tijorat mollaridan ham zakot beriladi. Ularning nisobi esa tillo va kumushning nisobiga qiyosan belgilanadi. Ya’ni, tillo va kumushning qiymati aniqlanib, shularga taqqoslanadi.

Albatta, zakotni qabul bo‘lishligida munosib o‘rinlarga berilishi muhimdir. Alloh taolo Qur’oni karimda zakot beriladigan o‘rinlarni aniq bayon qilib bergan.

إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنَ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ  

(سورة التّوبة/60)

ya’ni: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (g‘ayridin)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir”. Bu sakkizta o‘rindan g‘ayridinlar, qullarga berishning hukmi bekor qilingan.

Ma’lumki, zakot ulug‘ ibodat bo‘lishi bilan birga, unda buyuk insoniy fazilatlar mujassam, zakot berish tufayli kishi ruhiy, axloqiy kamolotga erishadi. Buning uchun zakot beruvchida ixlos va samimiyat bo‘lsa bas.

Albatta, zakotning savobi yanada mukammal bo‘lishi uchun uni munosib o‘rinlarga berilishi muhimdir. Zakot bersam bo‘ldi, men farzni ado etgan bo‘laman, deb xohlagan shaxsga berib yuborish dinimiz ko‘rsatmalariga mutlaqo ziddir. Chunki nomunosib shaxslarga berilgan mablag‘ingiz, garchi u halol yo‘l bilan topilgan boylik bo‘lsa ham noshar’iy ishlarga yo‘naltirilib, zakot beruvchi gunohkor bandalar qatoriga tushib qolishi hech gap emas. Shuning uchun halolidan topgan boyligingizdan ajratilgan zakotni beva-bechora, yetim-yesir, kambag‘al, muhtoj oilalarga shuningdek, yurtimizning turli bilim yurtlarida tahsil olayotgan yordamga muhtoj talabalarning o‘quv shartnoma to‘lovlariga yordam berilsa, ham farzni ado etgan bo‘lamiz, ham ulkan savoblarga erishamiz.

Zakot beruvchi odam o‘zining berayotgan zakotini chin qalbdan, xursand holda va rozi bo‘lgan holda ado etishi lozim bo‘ladi. Zakotni oluvchi inson ham bo‘ynini egib emas, balki azizu mukarramlik holda Alloh bergan haqni olayapman deb olishi va uni olayotgan vaqtda “bu mening haqqim” deb bilishi kerak bo‘ladi. Alloh taolo Inson zotini azizu mukarram qilib yaratdi. Unga aql va idrok berdi. Aqidasi sof, qalbi pok, jismi toza bo‘lishini ilohiy ta’limotlar orqali bildirdi, hatto topayotgan mol-dunyosi ham pok va  barakali bo‘lishi uchun unga zakotni farz qildi. Bu ham zakotning hikmatlaridan biridir. Darhaqiqat, qaysi jamiyat bo‘lsa ham unda kam ta’minlangan toifalar topiladi. Unda ijtimoiy adolatni barpo etishda zakotning o‘rni shubhasiz muhimdir. Buni barcha tadbirkor, ishbilarmon va ishlab chiqarish korxona egalari va boshqalar yaxshi bilishlari zarur. Zakot berish va olish jamiyatda insonlarga bunyodkorlik ruhini vujudga keltiradi. Ulardan hayot qiyinchiliklarini, iztirob va mashaqqatni ketkazadi, buzg‘unchilik, hasadni yo‘qotadi. Jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro mehribonlik, rahm-shavqat, tenglik, adolat va muhabbat vujudga keladi. Zakot olgan kishilarda xarid quvvati oshadi, zera ularda qo‘llaridagi mablag‘ga bir narsa sotib olish imkoniyati vujudga keladi. Demak, zakot jamiyatdagi moliyaviy holatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘plab iqtisodiy, moddiy va ijtimoiy muammolarni hal etish yo‘lida xizmat qiladi.    

Payg‘ambarimiz (sav) marhamat qiladilar:

" مَا نَقَصَ مَالٌ مِنْ صَدَقَةٍ قَطُّ "

(رواه مسلم)

ya’ni: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi”. Zakotning hikmatidan biri, unda zakot beruvchiga ham, oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham ko‘plab dunyoviy va uxroviy foydalar bor. Shuningdek, u tufayli mulkdor tarafning qalbi,  ruhiy poklanib, saxovat va muruvvat fazilatlariga ega bo‘ladi. Alloh taolo Janob Payg‘ambarimiz s.a.v.ga buyurib:

خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا  ...

(سورة التّوبة/103)

ya’ni: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling...”, - deb marhamat qilgan.

Qolaversa,  zakot berilgan mol har qanday ofat va talofotlardan omon bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (sav) bu haqida shunday marhamat qiladilar:

حَصِّنُوا أَمْوَالَكُمْ بِالزَّكَاةِ وَ دَاوُوا مَرْضَاكُمْ بِالصَّدَقَةِ وَ أَعِدُّوا لِلْبَلاءِ الدُّعَاءَ

(رواه الطبرانى)

 ya’ni: “Sizlar mollaringizni zakot (berishlik) bilan saqlangiz. Kasallaringizni sadaqa (berishlik) bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz”.

Muhtaram jamoat! Alloh taborak va taoloning bizga bergan mol dunyosidan belgilangan zakotni berish, albatta uning o‘sishi va barakotli bo‘lishida  aosiy omil bo‘lish bilan birga, zakotni oluvchilarga ham katta manfaat bordir. Ushbu fursatdan foyidalanib, e’tiborlaringizga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining joriy yildagi  zakot, fitr sadaqa va fidya bo‘yicha qabul qilingan qarorini havola etamiz:

  1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining milodiy 2017 yil (hijriy 1438 yil) uchun ZAKOT nisobi 1gr. tilloning bugungi kunda bozordagi o‘rtacha narxi 185.000 (bir yuz sakson besh ming) so‘m ekanligini e’tiborga olib, 85 gr. tillo hisobidan zakot nisobi 15.725.000 (O‘n besh million yetti yuz yigirma besh ming) so‘m ekanligi va mazkur summaning qirqdan bir hissasi, ya’ni 393.125 (uch yuz to‘qson uch ming bir yuz yigirma besh) so‘m zakot chiqarish to‘g‘risidagi xulosasi ma’qullansin!
  2. Bu yilgi Fitr sadaqasi miqdori viloyat, shahar va tuman bozorlaridagi 2 kg. bug‘doy narxidan kelib chiqqan holda belgilansin! (Masalan, 2017 yilda Toshkent shahar bozorida 1 kg. bug‘doyning narxi o‘rtacha 3.000 so‘m bo‘lsa, demak 2 kg. bug‘doy narxi 6.000 so‘m bo‘ladi).
  3. Bu yilgi fidya miqdori doimiy uzr bilan ro‘za tutolmaydigan kishilar uchun bir och odamning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, o‘rtacha 12.000 (o‘n ikki ming) so‘m deb belgilansin!

Alloh taolo barchalarimizni muborak oyda ezgu amallarni ko‘proq qilishga muyassar qilsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

09.07.2025   2296   4 min.
O‘tgan solihlar tafakkur qilganda

Bu mavzuda salaflarimizdan kelgan bir qancha ta’sirli rivoyatlar bor. Quyida ularning ayrimlarini keltiraman:

1. Shaqiq Balxiy rahimahulloh aytadi:
"Men xushu’ni Isroil ibn Yunusdan o‘rgandim. Biz uning atrofida edik, u o‘ng tomonida kim bor, chap tomonida kim borligini bilmasdi — oxirat haqida tafakkur qilardi".

2. Yusuf ibn Asbat rahimahulloh aytadi:
"Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh menga xufton namozidan so‘ng: "Tahorat idishini (obdasta) bergin", dedi. Unga berdim. U o‘ng qo‘li bilan olib, chap qo‘lini o‘ng qo‘lining ustiga qo‘ydi va tafakkurga cho‘mdi. Men uxlab qoldim, so‘ng saharda turdim — qarasam, idish hali ham qo‘lida. "Tong otdi", dedim. U esa bunday dedi: "Sen idishni bergan paytingdan buyon shu holda oxirat haqida tafakkur qildim".

3. Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan rivoyat:
U Suhayl ibn Adiyni sukunatda, tafakkurda ko‘rib:
"Qaysi nuqtaga yetding?" deb so‘radi.
U: "Sirot ko‘prigidaman", deb javob berdi.

4. Muhammad ibn Vase’ rahimahullohdan rivoyat:
Basralik bir kishi Abu Zarr vafotidan keyin uning xotini Ummu Zarrga borib, uning ibodatini so‘radi. U bunday dedi: "Abu Zarr kun bo‘yi uyning bir chetida  tafakkur qilib o‘tirardi".

5. Ummu Dardo (Abu Dardoning xotini) aytadi:
"Abu Dardo roziyallohu anhuning eng afzal ibodati — tafakkur va ibrat olish edi".

6. Sirriy Saqatiy rahimahulloh aytadi:
"Har kuni burnimga qarayman — yuzim qorayganmi, deb. Tanish joyda o‘lishni yoqtirmayman — yer meni qabul qilmay qo‘ysa, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqaman".

7. Abu Shurayh rahimahulloh haqida:
Bir kuni u yurib ketayotgan edi, to‘xtab, ko‘ylagini boshiga tashlab, yig‘lashga tushdi.
Uni ko‘rib: "Nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U bunday javob berdi: "O‘tgan umrimni, kam amalimni, yaqinlashgan ajalimni tafakkur qildim".

8. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladi. Sababini so‘rashdi. U bunday dedi: "Dunyo va uning shahvatlari haqida o‘yladim. Ular tugamay turib, achchiq alam bilan almashadi. Agar buning o‘zida ibrat bo‘lmasa ham, aqlli kishi uchun unda pand nasihat bor. Endi o‘z holingizga qarang, ahli oilangiz, yaxshi ko‘rgan kishilaringiz bilan bugun jam bo‘lib turibsiz, ertagachi? Ertaga esa, albatta ulardan ajralish bor".

9. Dovud Toiy rahimahullohning holati:
U to‘lin oy kechasi uyning tomiga chiqdi. Osmonga qarab Osmon va yerning yaratilishi haqida tafakkurga cho‘mdi va yig‘lay boshladi. Shunchalik qattiq ta’sirlandiki, tomdan qo‘shnisining hovlisiga yiqilib tushganini sezmay qoldi. Qo‘shni uni o‘g‘ri deb o‘ylab, qilichiga yopishdi. Ammo kelib qarasa — Dovud ekan. "Qanday qilib tomdan tushib ketding?" - deb so‘radi. Dovud: "Qanday yiqilganimni sezganim yo‘q", deb javob berdi.

10. Sufyon Savriy rahimahulloh haqida:
U do‘stlari bilan o‘tirgan edi, chiroq o‘chib qoldi. Hamma yoqni zulmat qopladi. Keyin chiroqni yoqishdi. Qarasalar, Sufyonning ko‘zlaridan oqayotgan yoshi yuzi yuvyapti. Undan: "Senga nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U: "Shu onda qabr zulmatini esladim…", deb javob berdi.

Xulosa:
Salafi solihlar har bir holatda tafakkur qilganlar — taom yeganda, yurganda, yotganda, hatto suv idishini ushlab turgan paytda ham oxiratni eslab yig‘lardilar. Ular uchun tafakkur — ibodatning qalbi edi.


Homidjon qori ISHMATBЕKOV