بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram azizlar! Allohga shukrkim, Ramazon oyini sizu biz tinchlik, xotirjamlikda va osoyishtalikda o‘tkazmoqdamiz. Alloh taolo bandalariga O‘z rahmati va barakotini ko‘plab nozil qilgan bu kunlarni g‘animat bilib, ko‘proq ibodat va ezgu amallarni ado etishga harakat qilishimiz lozim. Ezgu amallar deganda, avvalo, chin ixlos-e’tiqod ila o‘zgalarga xayru saxovat ko‘rsatish va ularni chiroyli ko‘rinishda xolis ado etish tushuniladi. Ramazon oyida qilingan ezgu ishlarning savobi haqida Rasululloh s.a.v. marhamat qiladilar: “Kimda kim Ramazon oyida biror bir nafl amalni bajarsa, u boshqa oyda farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi. Kimda kim bu oyda bir farz amalni bajarsa, boshqa oydagi yetmishta farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi” – deganlar. Shunga ko‘ra zakot va nafl sadaqalarni ham Ramazon oyida ado etish juda fazilatlidir.
Ma’lumki, Islom dining asoslaridan biri bu – Zakot ibodatidir. Haq taolo marhamat qilib aytadiki:
وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ ...
(سورة البقرة/43)
ya’ni: “Namozni barkamol o‘qingiz, zakot beringiz...”.
Zakot moliyaviy ibodat bo‘lib lug‘atda “poklash” va “o‘sish” ma’nolarini bildiradi. Zakot Qur’oni karimda yigirma yetti bora namoz bilan birga qayd etilgan. Bu esa o‘z navbatida, namoz bilan zakot bir-biriga chambarchas bog‘liq ekanligiga dalolatdir.
Zakot muayyan miqdordagi mablag‘ga ega bo‘lgan musulmonning zimmasiga farz bo‘ladi. Zakotni vojib qiluvchi muayyan miqdor shariat tilida – nisob deyiladi. Zakot tillo va kumush, pul, meva va dehqonchilik mahsulotlari hamda chorva mollaridan beriladi. Zakot beriladigan molning nisobi Payg‘ambarimiz s.a.v. tomonlaridan qat’iy belgilab berilgan.
Tilloning nisobi (85 gr.) 20 misqol bo‘lib, undan (2,125 gr.) 0,5 misqol zakot uchun ajratiladi. Ya’ni qirqdan biri demakdir.
Zakot vojib bo‘lishi uchun yuqorida aytib o‘tilgan nisob miqdori mavjud bo‘lishi hamda shu nisob bir yil davomida ko‘paygan bo‘lishi shart.
Chorva mollari jumlasiga tuya, qora mol hamda qo‘y-echkilar kiradi. Tuyaning soni beshta bo‘lsa nisobga yetgan hisoblanib, undan bitta qo‘y zakot uchun ajratiladi. Qora molning nisobi 30 ta bo‘lib, undan bitta bir yoshli buzoq zakotga chiqariladi. Qo‘y va echkining soni 40 taga yetganida nisobi to‘lgan hisoblanib, undan bitta qo‘y yoki echki zakotga chiqariladi. Chorva mollaridan zakot vojib bo‘lishi uchun tilla va kumush uchun aytilgan shartlar bo‘lishi, ya’ni bir yil davomida ko‘payishi, bundan tashqari chorva mollari yarim yildan ko‘proq vaqt davomida yaylovda o‘tlatilgan bo‘lishi shart. Ammo, yem-xashakni 6 oydan ortiq tashib kelib boqilgan bo‘lsa, zakot vojib bo‘lmaydi. Agar tijorat niyatida boqilayotgan bo‘lsa qiymati hisoblanib zakoti chiqariladi. Dehqonchilik agar lalmi yer mahsuloti bo‘lsa, undan ushur (ya’ni o‘ndan bir), sug‘oriladigan yerdan chiqqan mahsulot bo‘lsa, ushurning yarmi (ya’ni yigirmadan bir) qismi miqdorida zakot chiqariladi. Ushur – hosil terib olingan vaqtda beriladi.
Bundan tashqari naqd pul va tijorat mollaridan ham zakot beriladi. Ularning nisobi esa tillo va kumushning nisobiga qiyosan belgilanadi. Ya’ni, tillo va kumushning qiymati aniqlanib, shularga taqqoslanadi.
Albatta, zakotni qabul bo‘lishligida munosib o‘rinlarga berilishi muhimdir. Alloh taolo Qur’oni karimda zakot beriladigan o‘rinlarni aniq bayon qilib bergan.
إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنَ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ
(سورة التّوبة/60)
ya’ni: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (g‘ayridin)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir”. Bu sakkizta o‘rindan g‘ayridinlar, qullarga berishning hukmi bekor qilingan.
Ma’lumki, zakot ulug‘ ibodat bo‘lishi bilan birga, unda buyuk insoniy fazilatlar mujassam, zakot berish tufayli kishi ruhiy, axloqiy kamolotga erishadi. Buning uchun zakot beruvchida ixlos va samimiyat bo‘lsa bas.
Albatta, zakotning savobi yanada mukammal bo‘lishi uchun uni munosib o‘rinlarga berilishi muhimdir. Zakot bersam bo‘ldi, men farzni ado etgan bo‘laman, deb xohlagan shaxsga berib yuborish dinimiz ko‘rsatmalariga mutlaqo ziddir. Chunki nomunosib shaxslarga berilgan mablag‘ingiz, garchi u halol yo‘l bilan topilgan boylik bo‘lsa ham noshar’iy ishlarga yo‘naltirilib, zakot beruvchi gunohkor bandalar qatoriga tushib qolishi hech gap emas. Shuning uchun halolidan topgan boyligingizdan ajratilgan zakotni beva-bechora, yetim-yesir, kambag‘al, muhtoj oilalarga shuningdek, yurtimizning turli bilim yurtlarida tahsil olayotgan yordamga muhtoj talabalarning o‘quv shartnoma to‘lovlariga yordam berilsa, ham farzni ado etgan bo‘lamiz, ham ulkan savoblarga erishamiz.
Zakot beruvchi odam o‘zining berayotgan zakotini chin qalbdan, xursand holda va rozi bo‘lgan holda ado etishi lozim bo‘ladi. Zakotni oluvchi inson ham bo‘ynini egib emas, balki azizu mukarramlik holda Alloh bergan haqni olayapman deb olishi va uni olayotgan vaqtda “bu mening haqqim” deb bilishi kerak bo‘ladi. Alloh taolo Inson zotini azizu mukarram qilib yaratdi. Unga aql va idrok berdi. Aqidasi sof, qalbi pok, jismi toza bo‘lishini ilohiy ta’limotlar orqali bildirdi, hatto topayotgan mol-dunyosi ham pok va barakali bo‘lishi uchun unga zakotni farz qildi. Bu ham zakotning hikmatlaridan biridir. Darhaqiqat, qaysi jamiyat bo‘lsa ham unda kam ta’minlangan toifalar topiladi. Unda ijtimoiy adolatni barpo etishda zakotning o‘rni shubhasiz muhimdir. Buni barcha tadbirkor, ishbilarmon va ishlab chiqarish korxona egalari va boshqalar yaxshi bilishlari zarur. Zakot berish va olish jamiyatda insonlarga bunyodkorlik ruhini vujudga keltiradi. Ulardan hayot qiyinchiliklarini, iztirob va mashaqqatni ketkazadi, buzg‘unchilik, hasadni yo‘qotadi. Jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro mehribonlik, rahm-shavqat, tenglik, adolat va muhabbat vujudga keladi. Zakot olgan kishilarda xarid quvvati oshadi, zera ularda qo‘llaridagi mablag‘ga bir narsa sotib olish imkoniyati vujudga keladi. Demak, zakot jamiyatdagi moliyaviy holatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘plab iqtisodiy, moddiy va ijtimoiy muammolarni hal etish yo‘lida xizmat qiladi.
Payg‘ambarimiz (sav) marhamat qiladilar:
" مَا نَقَصَ مَالٌ مِنْ صَدَقَةٍ قَطُّ "
(رواه مسلم)
ya’ni: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi”. Zakotning hikmatidan biri, unda zakot beruvchiga ham, oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham ko‘plab dunyoviy va uxroviy foydalar bor. Shuningdek, u tufayli mulkdor tarafning qalbi, ruhiy poklanib, saxovat va muruvvat fazilatlariga ega bo‘ladi. Alloh taolo Janob Payg‘ambarimiz s.a.v.ga buyurib:
خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا ...
(سورة التّوبة/103)
ya’ni: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling...”, - deb marhamat qilgan.
Qolaversa, zakot berilgan mol har qanday ofat va talofotlardan omon bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (sav) bu haqida shunday marhamat qiladilar:
حَصِّنُوا أَمْوَالَكُمْ بِالزَّكَاةِ وَ دَاوُوا مَرْضَاكُمْ بِالصَّدَقَةِ وَ أَعِدُّوا لِلْبَلاءِ الدُّعَاءَ
(رواه الطبرانى)
ya’ni: “Sizlar mollaringizni zakot (berishlik) bilan saqlangiz. Kasallaringizni sadaqa (berishlik) bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz”.
Muhtaram jamoat! Alloh taborak va taoloning bizga bergan mol dunyosidan belgilangan zakotni berish, albatta uning o‘sishi va barakotli bo‘lishida aosiy omil bo‘lish bilan birga, zakotni oluvchilarga ham katta manfaat bordir. Ushbu fursatdan foyidalanib, e’tiborlaringizga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining joriy yildagi zakot, fitr sadaqa va fidya bo‘yicha qabul qilingan qarorini havola etamiz:
Alloh taolo barchalarimizni muborak oyda ezgu amallarni ko‘proq qilishga muyassar qilsin! Omin!
Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.
Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.
Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.
Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.
Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.
“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.
Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati