Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining Farg‘ona viloyatiga safarlari boshlandi. Muftiy hazratning safari Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Shoh Tolib” jome masjidiga tashrif qilish bilan boshlandi. Ushbu jome masjidda muftiy hazratlari peshin namozini ado etib, mo‘min-musulmonlarga Ramazon oyi o‘zining xayru barakasi, saxovati, mo‘l-ko‘l ehsonlarini shukuh bilan yurtimiz uzra davom etayotganini bayon qildilar.
Shuningdek, muftiy hazratlari tarovih namozini ado etish uchun Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi "Degrizlik" jome masjidiga tashrif buyurdilar. Masjid jamoasini muborak Ramazon oyi bilan samimiy qutlab, ularning haqiga ezgu duolar qildilar. O‘z ma’ruzalarida diyorimizdagi barcha masjidlarda tarovih va xatmi Qur’onlar o‘qilayotgani, namozxonlar masjidlarda qorilarning Qur’on o‘qishlarini maroq bilan eshitayotganlari, keksalar ko‘zlarida minnatdorchilik yoshi balqiganini ko‘rib, Yaratganga shukronalar aytish kerakligini alohida ta’kidladilar.
Muftiy hazratning Farg‘ona viloyatiga qilgan tashriflaridan mo‘min-musulmonlar juda ham mamnun bo‘lib, ta’sirli va mazmunli suhbat uchun o‘z tashakkurlarini bildirishdi.
Eslatib o‘tamiz, ulamolarimizning Andijon viloyatidagi safari davom etmoqda. Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi rais o‘ribosari Shayx Abdulaziz Mansur Marhamat tumanidagi "Imom Al-Buxoriy", O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchisi Abdulhamid Tursunov Xo‘jaobod tumanidagi "Yetti chinor" va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi mudiri Muhammadnazar Qayumov Izboskan tumanidagi "Ahmadali hoji" masjidlarida mo‘min-musulmonlarni oylar sultoni – Ramazon bilan muborakbod etib, birgalikda tarovih namozlarini odo eishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi
Shu kunlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Diniy idoralari huzuridagi Fatvo kengashining navbatdagi seminari Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati tashabbusi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilish olti kunlik maxsus seminar shaklida o‘tkazilmoqda.
Mazkur yig‘ilishda yangi oyni kuzatish, namoz vaqtlari, taqvim tuzish, ozuqa mahsulotlariga qo‘shiladigan jelatin moddasining hukmi, safar masofasi, zakot nisobini aniqlashga oid masalalar bo‘yicha har bir yurt vakili o‘z tajribalarini bayon qilib, fikr-mulohaza almashmoqda. Shuningdek, tadbir qatnashchilari Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishmoqda.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad Turkiy davlatlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, fatvolar chiqarishda o‘zaro yakdillik va birxillikni ta’minlashdir.
Ushbu xalqaro seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari G‘ulomiddin domla Xolboyev, Hikmatulloh domla Toshtemirov, Abdulatif domla Tursunov qatnashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati