Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Ro‘zani buzmaydigan holatlar

05.06.2017   88370   2 min.
Ro‘zani buzmaydigan holatlar

Quyidagi holatlarda ro‘zadorning ro‘zasi buzilmaydi:

  • Ro‘za tutganligi esidan chiqib, yeb-ichib qo‘ysa; Ammo bu holatda ro‘zadorligi esiga tushishi bilanoq, darhol yeb-ichishni to‘xtatishi kerak.
  • Kunduz kuni ro‘zador uxlab, dam olib uyqusida ehtilom bo‘lib qolsa; Bu holatda ro‘za ochilmaydi. Bu odam g‘usul qilib ibodatlarini ado qilaveradi;
  • Ko‘zga dori tomizsa yoki surma qo‘ysa; Ko‘ziga dori tomizganda garchi tomog‘ida uning mazasi bilinsa ham ro‘za ochilmaydi;
  • Qon oldirsa;
  • Misvok ishlatsa;
  • Mubolag‘asiz og‘iz-burunni chaysa; Ramazon oyida tahorat paytida og‘iz chayilganda suv tomog‘da g‘arg‘ara qilinmaydi, burunga suv olinganda oxirigacha tortilmaydi. Chunki bu holatlarda suv ichkariga o‘tib ketib, ro‘zani ochilishiga sabab bo‘lishi mumkin;
  • G‘usl qilsa; Bunda ustidan suv quyib ya’ni dush qabul qilishi mumkin. Ammo ro‘zador vannani to‘ldirib ichiga tushib o‘tirishdan yoki basseynga tushishdan saqlanishi lozim.
  • Salqinlash maqsadida ho‘l lattaga o‘ranib olsa;
  • G‘iybat qilsa ham ro‘za ochilmaydi, balki ro‘zaning savobidan mahrum bo‘lib qoladi;
  • Og‘zini ochishni niyat qilsa ham ro‘za ochilmaydi, balki tutgan ro‘zasining savobi mukammal bo‘lmaydi;
  • Ro‘zadorning ichiga uning ixtiyorisiz tutun, chang yoki pashsha kirsa ham ro‘zasi ochilmaydi; Ammo ro‘zadorligi esida turib, xushbo‘y narsani tutatib hidlasa, ro‘zasi ochiladi.
  • Tish oldirib, qon yoki dorini yutmagan bo‘lsa ham ro‘za ochilmaydi;
  • Quloqdan suv kirsa ham, quloqni kavlasa ham ro‘za ochilmaydi; Ammo bu ishlarni qilmagan ma’qul.
  • Balg‘am yoki mishiqning kirishi yoki chiqishi bilan ham ro‘za ochilmaydi;
  • O‘zi xohlamagan holda, majbur bo‘lib qussa ham ro‘za ochilmaydi;
  • Tishlari orasida qolgan no‘xatdan kichik narsani yesa ham ro‘za ochilmaydi; Ammo shunday bo‘lsa-da, og‘izdan tashqariga chiqarib, so‘ngra yana og‘ziga solib yutsa,  ro‘za ochiladi.
  • Og‘iz  so‘lagini yutsa ro‘za ochilmaydi; Ammo tashqariga chiqarib yutsa ro‘zasi ochiladi.
  • Junub holda yurish bilan ham ro‘za ochilmaydi;
  • Mushakka, teri ostiga ukol qilish bilan ham ro‘za ochilmaydi.

 

Manbalar asosida

TII prorektori

Ibodulla Ahrorov

tayyorladi.

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   38607   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari