Saxiylik eng yaxshi insoniy xulqlardandir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom yaxshilik qilishda, saxiylikda, infoq-ehson qilishda saxovatlilarning saxovatlisi edilar. U zotdan biron narsa so‘ralsa, aslo yo‘q demasdilar.
Kimga mol - dunyo berilgan bo‘lsa, uni ko‘paytirib, bosib yotmasdan infoq - ehson, sadaqa yo‘llariga sarf qilishi kerak. Saxiylik najot topishning yo‘llaridandir. Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiy kishilarga oxiratda ulkan ajr - savoblar bo‘lishi xabarini bergan: “Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi. (Ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda). Alloh o‘zi xohlagan bandalariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazli-karami) keng, bilguvchi zotdir" (Baqara surasi, 261-oyat).
Hazrat Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Nabiy (sallallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shohlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi. Baxillik ham bir daraxt, tomirlari do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni do‘zaxga olib boradi”.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam eng saxovatli Zot edilar. U kishining saxovati oldida boshqa saxovatlar ip esha olmas edi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam odamlarning eng yaxshisi, odamlarning eng saxiysi va odamlarning eng shijoatlisi edilar”.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan biror narsa so‘ralganda, hech qachon “yo‘q” demaganlar”.
Saxovat – avvalo, Allohga shukronalik qilishning bir belgisi. Axir, karam bilan saxoni ham Allohing o‘zi bandasiga ravo ko‘ribdimi, buning shukronasi bo‘lishi, ya’ni baxillik qilmaslik kerak-da. Bu to‘g‘risida Alisher Navoiy hazratlari shunday deydilar:
Buki sanga Tengri ato ayladi,
Qism karam birla saxo ayladi.
Judu saxovat chog‘i buxl etmagil,
Shukr zamoni dog‘i buxl etmagil.
Saxovat, alloma Badruddin Ayniyning izohlashicha, "Haqdorga tegishli narsani berish, o‘z molidan hech bir evazsiz sarflashdir. Bu eng ulug‘ chiroyli xulqlardan biri. Baxillik esa buning aksidir".
Saxiyning Allohga yaqinligi masofa ma’nosida emas, balki Allohning rahmati va savobiga yaqinlik ma’nosidadir. Zero, Alloh taolo makon va zamondan pok Zotdir.
Odamlarga yaqin bo‘lishi deganda, ularning muhabbati, hurmati va e’zozi kabi ma’naviy yaqinlik ko‘zda tutilgan. Mazkur o‘rinda ham makon jihatidan yaqinlik maqsad qilinmagan.
Jannatga yaqinlikdan murod masofa bo‘lishi mumkin, bu joizdir. Chunki kishi o‘z molidan Alloh taolo roziligi uchun loyiq joylarga mo‘l-ko‘l sarf qilish bilan jannat yo‘lini tutgan hisoblanadi. Hadisi shariflarda jannat atrofi qiyinchilik va mashaqqat, do‘zax atrofi esa shahvat va ma’siyat pardalari bilan o‘ralgani aytiladi. Kishi amali tufayli do‘zaxdan uzoq bo‘lib, jannatga yaqin bo‘ladi yoki aksincha.
Insonning jannatga yaqinlashuvi jannat bilan o‘zi orasidagi pardalarni ko‘tarishi demakdir. Xayrli amallar, xususan, Alloh taolo rizosi yo‘lida qilingan sarf-xarajatlar ana o‘sha pardalarni ko‘tarishini olimlar bayon etganlar.
Xabarlarda saxiylik va saxiylar haqida shunday deyilgan: “Saxiy kishining taomi shifodir, baxil odamning taomi kasallikdir”, “Saxiy kishining xatolarini kechiringlar, chunki Alloh taolo har bir qoqilganida uni qo‘lidan tutib turadi”, “Xufyona qilingan sadaqa Allohning g‘azabini so‘ndiradi”.
Alloh taolo aytadi: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”. (Baqara surasi, 271-oyat).
Shu tufayli salafi solihlar o‘zlarining sadaqalarini odamlar ko‘zidan yashirishda mubolag‘a qilganlar. Toki sadaqa berguvchining kimligi bilinmasin. Ba’zilari ko‘r kambag‘alni, ba’zilari uxlab yotgan faqirni qidirar, ba’zilari esa faqirlar olishi uchun ular o‘tadigan yo‘lga sadaqalarini tashlab qo‘yishar edi.
Abdulloh ibn Mas’udning mana bu fikrlariga e’tibor bering: “Qaysilaringiz bir dirhamni sog‘ligida va baxilligida infoq-ehson qilsa, o‘lim vaqtida yuz dirhamni infoq etishni vasiyat qilishidan yaxshiroqdir. Agar boylik topsang, uni qurtlarga yem bo‘lmasin yoki qaroqchilar qo‘liga tushmasin, desang, sadaqa qil”.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Har qanday odamning qalbida saxiyga muhabbat, baxilga nafrat bor”. Hasan Basriy: “Torlik, ziqnalik qilmanglar, aks holda sizlarga torlik qilinadi”, deganlar.
Imom G‘azzoliy aytadi: “Baxillik dunyoga bog‘lanishning mevasi, saxiylik esa zuhdning, ya’ni dunyoga qiymat bermaslik samarasidir. Saxiylik haqiqiy tavhid va tavakkulga erishish natijasidir. Ya’ni sadaqa bilan mol kamayib qolmasligiga, Alloh taoloning birga o‘n barobar qilib qaytarish va’dasiga va rizqni Alloh taolo yetkazishiga ishonchdan saxiylik tug‘iladi. Baxillik shubhadan tug‘iladi. Sabablarga yopishib qolish va Alloh taoloning rizq haqidagi va’dasidan shubhalanish natijasidir”.
Salmon Forsiyning aytishicha, “Agar saxiy kishi vafot etsa, yer hamda odamlarning nomai a’mollarini bituvchi farishtalar bunday deydi: “Ey Rabbim, bandangning bu dunyoda qilgan gunohlarini avf et!”. Agar vafot etgan kimsa baxil bo‘lsa, ular: “Ey Allohim, bu bandani jannatdan to‘sgil, chunki u bandalaringni Sen uning qo‘liga bergan mol-dunyolardan to‘sgan edi”, deyishadi.
Saxiylik va baxillikning bir necha darajalari bor. Saxiylikning eng oliy darajasi o‘zining mol-dunyoga hojati bo‘lib tursa-da, qo‘lidagi hamma narsani saxiylik bilan boshqalarga tarqatib yuborishdir. Baxillikning eng yuqori pog‘onasi esa kishining molga hojati bo‘laturib, uni o‘ziga sarflashda baxillik qilishidir. Hazrati Ali aytganlariday, “Boylik ehson qilinsa – izzat, berkitilsa xorlik keltiradi”.
Albatta, Ramazon xayru ehson oyi. Ezgulikka tashna xalqimiz bu oyda yanada saxovatli bo‘lishadi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida qilingan sadaqadir”, deganlar. Shunga ko‘ra zakot va nafl sadaqalarni ham Ramazon oyida ado etish yanada fazilatlidir.
Rabbimiz o‘z bandalarini doimo xayru saxovatli bo‘lishga buyuradi. Saxiylik insonga baxt-saodat keltiradigan va o‘zgalarning sevimli kishisiga aylantiradigan xislatdir. Mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilat hamdir. Xayr-saxovat, saxiylik insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi. Donolar aytganidek, “Aqlning qadri odob bilan, boylik qadri saxovat bilan oshadi”.
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari Qorayev Muhammadi
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati