O‘g‘limni kelinimdan qizg‘anyapmanmi?”. Hayoliga kelgan bu savoldan Dilbar bir oz o‘ng‘aysizlandi. Ammo asli haqiqat ham shu edi.
Yolg‘izini unashtirganida boshi osmonga yetgan Dilbar borini o‘g‘li va kelini uchun sarf qildi. Uni birgina orzusi bor edi. “O‘g‘lim baxtli bo‘lsa bo‘ldi!”. Ammo har bir ishida onasi bilan maslahatlashib ish qiladigan, qo‘shnisinikiga chiqsa ham ketidan qidirib boradigan o‘g‘li uylangandan keyin o‘zgardi qoldi.
Ona bo‘lib tushunishga harakat qilardi. O‘g‘lini ham mehri ikkiga bo‘lingan, kelin ham oilaga ko‘nikishi uchun o‘g‘li xotinini yeru-ko‘kka ishonmas edi. Ayniqsa onasining oldida xotiniga har turli qiliqlar qilishi onani g‘ashiga tega boshladi.
Dilbar o‘g‘lining o‘zgarishiga kelini aybdordek, kelining har bir ishidan ayb axtaradigan, kamsitadigan bo‘ldi. Imkon topdi deguncha o‘g‘liga kelinini yomonlardi. Bunday holatlar bora-bora o‘g‘lining asabiga ta’sir qilardi. Kelini esa doim vaziyatni yumshatishga harakat qilar, oyijonisini ko‘nglini olib, har bir ishni o‘z vaqtida qilishga tirishardi.
Kelini yosh emasmi, o‘ziga qarab, guldek ochilib erini kutib olishini ham “yengillikka” yo‘yib, janjal ko‘tardi. “Bir kun janjal ko‘tarilgan uyda qirq kunlik baraka ketadi” deganlaridek oiladan xotirjamlik ko‘tarildi.
Onasining gaplaridan asablari taranglashgan o‘g‘li uyga kechalari kelmaydigan odat chiqara boshladi.
Kelin tushirganiga to‘rt oy bo‘libdi, singlisidan xabar olgani kelgan Dilorom opa Dilbar singlisini o‘zini tutishidan yoqa ushladi.
“Singlim, bu nimasi? Qarab tursam, kelinning har bir ishidan xato qidirishga urinyapsan. Axir kelin ham Yaratganning ne’mati. O‘zing endigina eplagan ishlarni qilishni, shunga yarasha aql, farosatini ishlatishini kelindan talab qilishing hech bir holatga to‘g‘ri kelmaydi. Sening yoshingga yetganda kelin ham senga o‘hshab fikrlaydigan bo‘ladi.
Singlim, mabodo o‘g‘lingni qizg‘anmayotibsanmi? Allohdan qo‘rqqin!”.
Dilbar opasining tanbeh bilan aytgan gaplariga javob qaytarmoqchi edi-yu, ammo oxirgi so‘zlari uni to‘xtatib qoldi.
Aslida ham shunday!
Ko‘pgina ajrim masalalarini o‘rganilganda ayrim qaynonalar o‘g‘lini kelin “o‘ziga og‘dirib olganini” aytib, o‘g‘liga taloq qilishini, onani yoki xotinni tanlashni shart qilish holatlari uchramoqda.
Ilgari qaynonalar Allohdan qo‘rqqanlari uchun ham kelinning ishidan ayb topmasdan, aksincha, tarbiyalab olijanob kelinga aylantirishga xarakat qilishgan. Kelinning onasi ham qizim birovning xonadoniga borganda qiynalmasin, deb ro‘zg‘orning ikir-chikirigacha o‘rgatishgan. Agar kelinning qaynonasi diyonatli bo‘lsa, qanoat bilan tarbiyalab yo‘rig‘iga solib oladi, ammo diyonatsiz qaynona bo‘lsa, 2-3 oyda ko‘ch-ko‘roni bilan onasinikiga qaytarib yuboradi.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“So‘ngra ana o‘sha kunda (qiyomatda), albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida so‘roq qilinursiz!” (Takosur surasi, 8 oyat).
Doim yodimizda saqlashimiz kerak bo‘lgan haqiqat. Siz keliningizni ko‘ngliga qarab, qilgan xizmatlari uchun duo qilyapsizmi, bilingki boshqa bir xonadonda sizning ham qizingiz duolarga ko‘milib yuribdi. “Ona bo‘laman” deb, niyat qildingizmi, Alloh niyatingizga yarasha shafqat, mehr eshigini ochadi. Keliningizga yoqqaningiz o‘z farzandingizga yoqqaningizdan ko‘ra gashtliroq. Fe’limizni kengroq qilaylik, kechirimli bo‘laylik. Keliningizni suyganingiz sari Alloh taolo quvonchli kunlaringizni ko‘paytiraveradi. Alloh barchamizni hidoyat yo‘lida qilsin!
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.
Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.
Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».
Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».
Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!
Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».
Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!
Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!
Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!
Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!
Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!
Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!
Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi