Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Rashkchi onalar

02.06.2017   7037   3 min.
Rashkchi onalar

O‘g‘limni kelinimdan qizg‘anyapmanmi?”. Hayoliga kelgan bu savoldan Dilbar bir oz o‘ng‘aysizlandi. Ammo asli haqiqat ham shu edi.

Yolg‘izini unashtirganida  boshi osmonga yetgan Dilbar borini o‘g‘li va kelini uchun sarf qildi. Uni birgina orzusi bor edi. “O‘g‘lim baxtli bo‘lsa bo‘ldi!”. Ammo  har bir ishida onasi bilan maslahatlashib ish qiladigan, qo‘shnisinikiga chiqsa ham ketidan qidirib boradigan o‘g‘li uylangandan keyin o‘zgardi qoldi.

Ona bo‘lib tushunishga harakat qilardi. O‘g‘lini ham mehri ikkiga bo‘lingan, kelin ham  oilaga ko‘nikishi uchun  o‘g‘li xotinini yeru-ko‘kka ishonmas edi.  Ayniqsa onasining oldida xotiniga har turli qiliqlar  qilishi onani g‘ashiga tega boshladi.

Dilbar o‘g‘lining o‘zgarishiga kelini aybdordek, kelining har bir ishidan ayb axtaradigan, kamsitadigan bo‘ldi. Imkon topdi deguncha  o‘g‘liga kelinini yomonlardi.  Bunday holatlar bora-bora o‘g‘lining asabiga ta’sir qilardi. Kelini esa doim vaziyatni yumshatishga harakat qilar, oyijonisini ko‘nglini olib, har bir ishni o‘z vaqtida qilishga tirishardi.

Kelini yosh emasmi, o‘ziga qarab, guldek ochilib erini kutib olishini ham  “yengillikka” yo‘yib, janjal ko‘tardi.  “Bir kun janjal ko‘tarilgan uyda qirq kunlik baraka ketadi” deganlaridek oiladan xotirjamlik ko‘tarildi.

Onasining gaplaridan asablari taranglashgan o‘g‘li uyga kechalari kelmaydigan odat chiqara boshladi.

Kelin tushirganiga  to‘rt oy bo‘libdi, singlisidan xabar olgani kelgan Dilorom opa  Dilbar singlisini  o‘zini tutishidan yoqa ushladi.

“Singlim, bu nimasi? Qarab tursam, kelinning har bir ishidan xato qidirishga urinyapsan. Axir kelin ham Yaratganning ne’mati.  O‘zing endigina eplagan ishlarni qilishni, shunga yarasha aql, farosatini ishlatishini kelindan talab qilishing hech bir holatga to‘g‘ri kelmaydi. Sening yoshingga yetganda kelin ham senga o‘hshab fikrlaydigan bo‘ladi.

Singlim, mabodo o‘g‘lingni qizg‘anmayotibsanmi? Allohdan qo‘rqqin!”.

Dilbar opasining tanbeh bilan aytgan gaplariga javob qaytarmoqchi edi-yu, ammo oxirgi so‘zlari uni to‘xtatib qoldi.

Aslida ham shunday!

Ko‘pgina ajrim masalalarini o‘rganilganda ayrim qaynonalar o‘g‘lini kelin “o‘ziga og‘dirib olganini” aytib,  o‘g‘liga taloq qilishini, onani yoki xotinni tanlashni shart qilish holatlari uchramoqda.

Ilgari qaynonalar Allohdan qo‘rqqanlari uchun ham kelinning ishidan ayb topmasdan, aksincha, tarbiyalab olijanob kelinga aylantirishga xarakat qilishgan. Kelinning onasi ham qizim birovning xonadoniga borganda qiynalmasin, deb ro‘zg‘orning ikir-chikirigacha o‘rgatishgan. Agar kelinning qaynonasi diyonatli bo‘lsa, qanoat bilan tarbiyalab yo‘rig‘iga solib oladi, ammo diyonatsiz qaynona bo‘lsa, 2-3 oyda ko‘ch-ko‘roni bilan onasinikiga qaytarib yuboradi.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

“So‘ngra ana o‘sha kunda (qiyomatda), albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida so‘roq qilinursiz!” (Takosur surasi, 8 oyat).

Doim yodimizda saqlashimiz kerak bo‘lgan haqiqat. Siz  keliningizni ko‘ngliga qarab, qilgan xizmatlari uchun  duo qilyapsizmi, bilingki boshqa bir xonadonda sizning ham qizingiz duolarga ko‘milib yuribdi.  “Ona  bo‘laman” deb, niyat qildingizmi, Alloh niyatingizga yarasha shafqat, mehr eshigini ochadi. Keliningizga yoqqaningiz o‘z farzandingizga yoqqaningizdan ko‘ra gashtliroq.  Fe’limizni kengroq qilaylik, kechirimli bo‘laylik. Keliningizni suyganingiz sari Alloh taolo  quvonchli kunlaringizni  ko‘paytiraveradi. Alloh  barchamizni hidoyat yo‘lida qilsin!

 

Munira ABUBAKIROVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nima uchun xatim Ka’baga qo‘shib yuborilmagan?

18.06.2025   4623   5 min.
Nima uchun xatim Ka’baga qo‘shib yuborilmagan?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.

Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.

Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.

Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».

Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.

Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.

Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.

Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.

Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.

Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.

Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.

Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.

Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.

Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.

Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.

"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan